Agrotexnik tadbirlar – mo‘l hosil garovi
Shu kunlarda Farg‘ona viloyati Rishton tumanida mavjud 7880 gektar maydonda g‘alla parvarishi bilan bog‘liq agrotexnik tadbirlarni bajarishga alohida e’tibor qaratilmoqda.
Rishton tumanidagi eski traktor parki o‘rnida faoliyat ko‘rsatib kelayotgan “Qahramon” g‘allachilik klasteri g‘allachilik bilan birga chorvachilik hamda parrandachilikni rivojlantirib kelmoqda. Ayni paytda xo‘jalikda 200 bosh qoramol parvarishlanayotgan bo‘lib, yana 100 bosh qoramol keltirilishi ko‘zlangan.
– Daromad faqat yetishtirilgan hosildan emas, uni qayta ishlashdan ham keladi, - deydi “Qahramon” g‘allachilik klasteri rahbari Isomiddin O‘rinboyev. – Bu borada turkiyalik investorlar hamkorligida bir yilda quvvati 22 ming tonna, bir kunda esa 60 tonna bug‘doyni qayta ishlash texnologiyalarini o‘rnatish ishlari olib borilmoqda. Bu yil 4870 gektar maydondagi g‘alladan 16200 tonna don yetishtirishni maqsad qilganmiz. Shuningdek, klasterimizda 430 bosh zotdor parranda boqilmoqda. 7 sotix issiqxonada esa mandarin va 7 sotixda limon yetishtiriladi.
Hududda “O‘zagroinspeksiya”ning Rishton tuman bo‘limi inspektorlari tomonidan klaster va fermer xo‘jaliklarida profilaktika tadbirlari o‘tkazilib, g‘alla parvarishi bo‘yicha fermer xo‘jaliklari tomonidan bajarilishi lozim bo‘lgan qator vazifalar xususida tavsiya va ko‘rsatmalar berilmoqda.
Shuningdek, texnikalarning mavsumga shayligini ta’minlash maqsadida, don o‘rish kombaynlarini ta’mirlash ishlari olib borilmoqda.
[gallery-5917]
Muqimjon QODIROV (surat),O‘zA