bugungi kunda mamlakatimizda kechayotgan iqtisodiy islohotlar jarayonida zamonaviy hamda sifatli sug‘urta xizmatlariga bo‘lgan ehtiyoj ortib bormoqda. Albatta, sug‘urta kompaniyalarining samarali faoliyati, raqobatbardoshliligi, bevosita uning kadrlar salohiyatiga bog‘liq.
Shu nuqtai nazardan, “O‘zagrosug‘urta” AJ hamda Toshkent davlat iqtisodiyot universiteti o‘rtasida kadrlar tayyorlash yuzasidan o‘zaro hamkorlik memorandumi imzolandi.
Me’morandum doirasida tomonlar sug‘urta ishi, xususan qishloq xo‘jaligi tavakkalchilklarini sug‘urtalash, umumiy sug‘urta tarmog‘ining barcha yo‘nalishlariga ixtisoslashgan mutaxassislarni tayyorlashga oid ustuvor vazifalarni aniq belgilab olishdi.
Shuningdek, “O‘zagrosug‘urta” AJ tomonidan bugungi transformatsiya jarayonida sohaga yuqori malakali kadrlarni jalb qilish, xodimlarning xalqaro andozalarga mos ravishda malakasini oshirish, tizimda faoliyat yuritayotgan o‘rta va o‘rta maxsus mutaxassislikka ega xodimlarni soha bo‘yicha oliy ta’lim muassasalarida tavsiya asosida o‘qitish, rahbar lavozimlariga kadrlar zaxirasini shakllantirish asosiy vazifalardan hisoblanadi.
Ta’kidlash joizki, milliy sug‘urta bozorida yetakchi hisoblangan Jamiyatning mamlakat bo‘ylab 14 ta filiali hamda 187 ta sug‘urta markazida jami 600 dan ortiq xodim, sal kam 1000 nafar sug‘urta agentlari faoliyat yuritmoqda. Xodimlarning 60 foizga yaqini oliy ma’lumotli, xususan 26 foizi moliya, iqtisod va sug‘urta sohasi mutaxassislaridir. Tizimda rahbarlik lavozida faoliyat yuritayotganlarning 30 foizi yoshlar hisoblanadi.
Davlatimiz rahbarining “O‘zbekiston Respublikasining sug‘urta bozorini isloh qilish va uning jadal rivojlanishini ta’minlash chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi PQ-4412-son qaroriga muvofiq kompaniya tizimida samarali faoliyat yuritayotgan o‘rta va o‘rta maxsus ma’lumotga ega bo‘lgan istiqbolli yosh kadrlarni mamlakatdagi oliy ta’lim muassasalarining “Sug‘urta ishi” ta’lim yo‘nalishida o‘qitish maqsadida 2020-2021 o‘quv yilida 27 nafar, 2021-2022 o‘quv yilida Toshkent davlat iqtisodiyot universitetiga 14 nafar xodim kompaniya tavsiyasi bilan o‘qishga qabul qilindi.
Shuningdek, “O‘zagrosug‘urta” AJ kadrlar siyosati strategiyasining asosiy yo‘nalishlaridan yana biri sifatida tizimda “Ustoz – shogird” an’anasining yo‘lga qo‘yilganligidir. Bunda tizimdagi tajribali xodimlarga yosh mutaxassislarni biriktirgan holda ularning amaliyot o‘tashlarini tashkil etish nazarda tutilgan.
Bundan tashqari, Jamiyat tomonidan malakali shu jumladan, yosh, bilimli va istiqbolli kadrlarni jalb qilish maqsadida yurtimizdagi oliy ta’lim muassasalarining moliya, bank, iqtisodiyot yo‘nalishlaridagi bitiruvchilarining malakaviy ishi himoyasida hamda “Karyera kunlari”da muntazam ishtirok etib kelinayotganligini alohida e’tirof etish lozim.
Bir so‘z bilan aytganda, “O‘zagosug‘urta” kadrlar siyosatida belgilangan ustuvor vazifalarni amalga oshirish orqali bugungi kunda shiddat bilan rivojlanib borayotgan bozor iqtisodiyoti va sug‘urta bozori sharoitida sohani salohiyatli kadrlar bilan ta’minlash, ularni moddiy va ijtimoiy tomonlama qo‘llab-quvvatlash hamda tizimda ish samaradorligini yanada oshirish maqsad qilingan.
Reklama huquqi asosida
O‘zA