Agrosanoat va ishlab chiqarish: hokim yangi quvvatlarni o‘rgandi
Toshkent viloyati hokimi Zoyir Mirzayev Yuqori Chirchiq tumanida amalga oshirilayotgan yirik sanoat loyihalari faoliyati bilan yaqindan tanishish maqsadida “Universal Freezing Foods” korxonasida bo‘ldi.

Guliston mahallasi hududida joylashgan mazkur korxona meva-sabzavot mahsulotlarini qayta ishlash, saqlash va eksportga yo‘naltirish bo‘yicha to‘liq zamon talablariga mos ravishda barpo etilgan. Yangi texnologiyalar asosida tashkil etilgan loyihaning umumiy qiymati 4 million AQSH dollarini tashkil etadi va bu yerda 150 ta yangi ish o‘rni yaratilgan.

Korxonada mahsulotlarni qayta ishlash, quritish va eksportbop tayyor mahsulot tayyorlash tizimi yo‘lga qo‘yilgani hududning agrosanoat salohiyatini yanada kengaytirishga xizmat qilmoqda. Ma’lumotlarga ko‘ra, korxona tomonidan 2025-yilda MDH davlatlariga 23 million AQSH dollari miqdorida quritilgan sabzavot mahsulotlar eksport qilingan.

Shuningdek, viloyat hokimi “HUMO SAVDO PLUS” korxonasi faoliyati bilan ham tanishdi. Qiymati 4 million AQSH dollariga teng bo‘lgan mazkur loyiha yiliga 65 ming tonna qog‘oz mahsulotlari ishlab chiqarish quvvatiga ega. Unda 100 nafar fuqaro doimiy ish bilan ta’minlangan. Korxona tomonidan yiliga 5 million dollarlik mahsulot eksport qilinishi rejalashtirilgan bo‘lib, bu hudud sanoatining tashqi bozorlardagi raqobatbardoshligini oshirishga xizmat qiladi.

O‘rganish davomida hududlarda sanoatni diversifikatsiya qilish, qayta ishlash tarmoqlarini kengaytirish, eksportbop mahsulotlar ulushini oshirish va aholi bandligini ta’minlash borasida amalga oshirilayotgan ishlarga alohida e’tibor qaratildi.
A.Musayev, O‘zA.