“Agromarafon” jizzaxlik yoshlarni chorladi
Jizzax viloyatida O‘zbekiston Respublikasi Yoshlar ishlari agentligi hamda O‘zbekiston yosh fermerlar kengashi hamkorligida mamlakatimizda ilk marotaba “Agromarafon” tashkil etildi.
Tadbirda 500 nafardan ziyod yosh fermerlar, tadbirkorlikka qiziquvchi talaba va yoshlar hamda agro sohasida o‘z ishini boshlagan yigit-qizlar ishtirok etdi.
Tadbir ishtirokchilari Sharof Rashidov tumanidagi “GOLD FISH AGRO” mas’uliyati cheklangan jamiyatidagi qishloq xo‘jaligida o‘quv ishlab chiqarish markazining o‘quv xonalari, 4 gektarlik Xitoy texnologiyasi asosida intensiv va yarim intensiv usulda baliq yetishtirishga mo‘ljallangan sun’iy hovuzlari, xo‘jalikda olib borilayotgan ishlar, erishilayotgan natijalari bilan tanishdi.
Shundan so‘ng Zomin tumanidagi "Agro Finans Leasing" bog‘iga agro sayohat tashkil etilib, mutaxassislar tomonidan qishloq xo‘jaligida yuqori natijalarga erishish sirlari, tadbirkorlikni yo‘lga qo‘yishda nimalarga e’tibor qaratish kerakligi to‘g‘risida ma’lumot berildi.
Tadbir yakunida marafon doirasida Zomin yoshlar markazi binosida tashkil etilgan “Agrobiznesda menejment” mavzusidagi trening bo‘lib o‘tdi. Unda qatnashchilar agrotadbirkorlik va biznes bo‘yicha yuqori bilim, ko‘nikma hamda tajribaga ega bo‘lgan agrobiznesmenlar — “O‘zbekiston Tuproqshunoslar Tarmog‘i” asoschisi Shavkat Xoldorov, “Teodora Goods va Dalatek” kompaniyalarining direktori Dildora Atadjanova, “Mevali” kompaniyasining direktori Mansur Raximov, “Vesagro” kompaniyasining direktori, agrobloger O‘rmonali Usmonovlar bilan muloqot tashkil etildi. Savol-javob tarzida o‘tgan uchrashuvda yoshlar qishloq xo‘jaligida o‘z faoliyatlarini boshlash sirlari, biznes rejalarni tuzish hamda biznesni rivojlantirish uchun jahon tajribalari bilan o‘rtoqlashdi.
– Mamlakatimizda tashkil etilayotgan loyiha doirasidagi tadbirlarning asosiy maqsadi yosh tadbirkorga hamda tadbirkorlikka ilk qadamlarini qo‘yayotgan yigit-qizlarga motivatsiya berishdan iborat, – deydi Yoshlar ishlari agentligi Jizzax viloyati boshqarmasi boshlig‘i Dilmurod Xudoyshukurov. – Bu kabi tadbirlar doimiy ravishda o‘tkazilishi maqsadga muvofiq bo‘ladi.
Jamshid YORBEKOV (surat), O‘zA