Agrodronlar imkoniyatlari namoyish etildi
Boyovut tumanining Anorzor mahallasida joylashgan Sirdaryo viloyati Agroxizmatlar markazida qishloq xo‘jaligini raqamlashtirish, agrodronlardan samarali foydalanish va zamonaviy agroxizmatlarni rivojlantirish masalalariga bag‘ishlangan o‘quv-amaliy seminar bo‘lib o‘tdi.
Tadbirda soha mutaxassislari, fermer va dehqon xo‘jaliklari, agroklasterlar rahbarlari hamda mas’ul tashkilotlar vakillari ishtirok etishdi. Seminar davomida agrodronlarning qishloq xo‘jaligidagi imkoniyatlari amaliy namoyishlar orqali ko‘rsatildi hamda ishtirokchilar zamonaviy texnologiyalarni qo‘llashning afzalliklari bilan yaqindan tanishdilar.

Xususan, dronlar yordamida ekin maydonlarini monitoring qilish, urug‘ sepish, mineral o‘g‘itlar va o‘simliklarni himoya qilish vositalarini aniq me’yorlarda qo‘llash, shuningdek, kasallik va zararkunandalarni erta aniqlash hamda ularga qarshi tezkor choralar ko‘rish imkoniyatlari haqida atroflicha ma’lumot berildi. Ta’kidlanganidek, bunday texnologiyalar vaqt va resurslarni tejash, mehnat unumdorligini oshirish, mahsulot tannarxini kamaytirish hamda hosildorlikni yuksaltirishda muhim ahamiyatga ega.

Seminarda mamlakatimizda agrosohani raqamlashtirish va innovatsion texnologiyalarni keng joriy etish borasida amalga oshirilayotgan ishlar haqida ham ma’lumot berildi. Xususan, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2025-yil 12-avgustdagi «Qishloq xo‘jaligi sohasiga zamonaviy texnologiyalarni joriy etishni yanada jadallashtirish orqali samaradorlikni oshirish chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi Farmoni asosida tashkil etilgan «Drone Service» korxonasi tomonidan qishloq xo‘jaligida dron texnologiyalari asosidagi zamonaviy agroxizmatlar keng joriy etilmoqda.

Ayni paytda korxona tomonidan Xitoyning DJI kompaniyasida ishlab chiqarilgan 54 ta zamonaviy agrodrondan foydalanilmoqda. Xizmat ko‘rsatish tizimini yanada takomillashtirish maqsadida 30 ta maxsus avtomobil xarid qilingan. Shuningdek, korxona tarkibida DJI Academyning O‘zbekistondagi filiali tashkil etilib, unda xalqaro standartlar asosida dron operatorlari tayyorlanmoqda.

Bugungi kunga qadar «Drone Service» tomonidan Toshkent, Qashqadaryo, Xorazm, Sirdaryo viloyatlari hamda Qoraqalpog‘iston Respublikasida urug‘ sepish, ekinlarni oziqlantirish, begona o‘tlar, kasallik va zararkunandalarga qarshi ishlov berish kabi qator agrotexnik xizmatlar ko‘rsatildi.

— Bugun qishloq xo‘jaligida raqamli texnologiyalarni keng joriy etish davr talabi hisoblanadi. Agrodronlar agrotexnik tadbirlarni qisqa muddatda, yuqori aniqlik va tejamkorlik bilan amalga oshirish imkonini beradi. Bu esa suv, o‘g‘it va boshqa resurslardan oqilona foydalanish, mehnat unumdorligini oshirish hamda hosildorlikni yuksaltirishga xizmat qiladi. Bugungi seminar davomida fermerlar va soha mutaxassislariga agrodronlarning amaliy imkoniyatlari namoyish etildi, ularning taklif va mulohazalari tinglandi. Bu kabi tadbirlar zamonaviy texnologiyalarni amaliyotga keng joriy etish, agroxizmatlar sifatini yanada oshirish va sohada innovatsion yondashuvlarni ommalashtirishda muhim ahamiyat kasb etadi, — deydi Sirdaryo viloyati Agroxizmatlar markazi rahbari Inoyat Turobov.

Seminar yakunida ishtirokchilar agrodronlardan samarali foydalanish qishloq xo‘jaligida ishlab chiqarish xarajatlarini kamaytirish, resurslardan samarali foydalanish va eksportbop mahsulotlar yetishtirish imkoniyatlarini yanada kengaytirishga xizmat qilishini ta’kidladilar.
G‘ulom Primov, O‘zA muxbiri