«Agrobank»da «Ochiq eshiklar kuni» o‘tkazildi
«Agrobank» ATB tomonidan «Korrupsiyaga qarshi kurashish haftaligi» doirasida «Ochiq eshiklar kuni» o‘tkazildi.
Ommaviy axborot vositalari vakillari, bank xodimlari hamda talabalar ishtirok etgan uchrashuv O‘zbekiston Respublikasi Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi bilan hamkorlikda tashkil etildi.
Tadbir doirasida bankning Kompleans-nazorat tarkibiy tuzilmasi tomonidan olib borilayotgan amaliy ishlar va korrupsiyaga qarshi kurashish holati bilan yaqindan tanishildi.
Bunda Prezidentimizning joriy yilning 12 yanvarida qabul qilingan «Korrupsiyaga qarshi kurashish ishlarining samaradorligini reyting baholash tizimini joriy etish chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi qaror dasturilamal bo‘lmoqda.
Xabaringiz bor, ushbu hujjatga ko‘ra mamlakatimizda korrupsiyaning oldini olish va unga qarshi urashishda ilg‘or xorijiy tajribalar keng qo‘llanilib, xalqaro standartlar joriy etildi. Tashkilotlarning bu boradagi ishlari samaradorligini oshirish maqsadida reyting baholash indikatorlari ishlab chiqildi.
Mazkur tadbirda ham Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi mas’ullari tomonidan hamkorlikdagi ishlarga bag‘ishlangan taqdimot namoyish etilib, unda Agrobank tizimida korrupsiyaga qarshi kurashish siyosati, odob-axloq kodeksi, manfaatlar to‘qnashuvini boshqarish to‘g‘risida nizom, aloqa kanallari orqali korrupsiyaviy xatti-harakatlar to‘g‘risida reglament, korrupsiyaviy xavf-xatarlarni baholash uslubiyoti kabi ichki me’yoriy hujjatlar puxta ishlab chiqilganligi alohida ta’kidlandi.
O‘zbekiston Respublikasi Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi, tijorat banki hamda ommaviy axborot vositalari vakillari ishtirokidagi «Ochiq eshiklar kuni» tadbirida mavzuga tegishli ko‘plab savollarga javoblar berildi.
O‘zA