Agrobank O‘zbekistonda birinchi bo‘lib mobil Eskrou xizmatini ishga tushirdi
Milliy matbuot markazida "Agrobank" ATB tomonidan matbuot anjumani tashkil etildi.Milliy matbuot markazida "Agrobank" ATB tomonidan matbuot anjumani tashkil etildi.
Ommaviy axborot vositalari vakillari uchun tashkil etilgan matbuot anjumanida bank tizimida amalga oshirilayotgan keng ko‘lamli islohotlar, raqamli transformatsiya jarayonlari hamda bank xizmatlari bozorini kengaytirishga qaratilgan strategik vazifalar haqida batafsil ma’lumot berildi.

Matbuot anjumanida ta’kidlanganidek, bugungi kunda mamlakatimizda moliya-bank tizimini modernizatsiya qilish, raqamli xizmatlar ko‘lamini kengaytirish va aholi hamda biznes sub’ektlari uchun qulay raqamli muhit yaratish ustuvor vazifalardan biriga aylangan. Shu maqsadda Agrobank tomonidan zamonaviy texnologiyalarga asoslangan keng qamrovli transformatsiya jarayonlari izchil amalga oshirilmoqda.
Matbuot anjumanida bank respublikada birinchi marta Eskrou xizmatini mobil platforma orqali yo‘lga qo‘ygani alohida qayd etildi. Mazkur xizmat moliyaviy operatsiyalarda xavfsizlik va ishonchlilikni ta’minlashda muhim ahamiyat kasb etishi ta’kidlandi.
Shuningdek, bankning 2026-yilgacha mo‘ljallangan strategik rivojlanish dasturi doirasida ishlab chiqilgan “Agrozamin Super App” raqamli ekotizimi haqida ham ma’lumot berildi. Yangi avlod raqamli platformasi moliyaviy xizmatlar, nobank xizmatlari, savdo platformalari hamda sun’iy intellekt texnologiyalarini birlashtirgan bo‘lib, u kichik va o‘rta biznes vakillari, korporativ mijozlar, fermer xo‘jaliklari hamda agrosanoat sub’ektlari uchun kompleks xizmatlarni taqdim etadi.

- Kelgusida mazkur platforma orqali tadbirkorlar uchun biznesni onlayn ro‘yxatdan o‘tkazish, elektron hujjat almashinuvi, buxgalteriya va yuridik xizmatlar, logistika yechimlari hamda CRM tizimlaridan foydalanish imkoniyatlari ham yaratiladi, - deydi “Agrobank” ATB boshqaruv raisining o‘rinbosari Jamshid Turdiyev. - Bu esa biznes jarayonlarini yanada soddalashtirib, yagona raqamli muhitda kompleks xizmatlardan foydalanish imkonini beradi. Shuni ham alohida aytish joiz, bankning B2B segmentidagi ulushini oshirish bo‘yicha maqsadlar belgilangan. Ayni paytda mazkur ko‘rsatkich 9 foizni tashkil etayotgan bo‘lsa, yil yakuniga qadar uni 15 foizdan yuqori darajaga yetkazish rejalashtirilgan.
Matbuot anjumanida Agrobank tashabbusi bilan tashkil etilgan Raqamli iqtisodiyot va agrotexnologiyalar universiteti faoliyatiga ham alohida to‘xtalib o‘tildi. Xususan, UDEA Coventry University bilan hamkorlikda qo‘shma ta’lim dasturlarini yo‘lga qo‘ygani, talabalar O‘zbekistonda tahsil olgan holda Britaniya universiteti diplomini qo‘lga kiritish imkoniyatiga ega ekani ta’kidlandi.

Bundan tashqari, universitetda iqtidorli talabalarni grant asosida qo‘llab-quvvatlash tizimi ham joriy qilingan.
Matbuot anjumanida qayd etilishicha, Agrobank tomonidan amalga oshirilayotgan raqamli transformatsiya jarayonlari bank xizmatlarini yangi bosqichga olib chiqish, moliyaviy xizmatlar sifatini oshirish va ularning tezkor hamda shaffof bo‘lishini ta’minlashda muhim ahamiyat kasb etadi.
Shu bilan birga, ta’lim va kadrlar tayyorlash sohasidagi tashabbuslar orqali zamonaviy bilim va xalqaro standartlarga mos mutaxassislar tayyorlash, inson kapitalini rivojlantirish hamda yoshlar uchun yangi imkoniyatlar yaratish maqsad qilingan.
Agrobank kelgusida ham yangi loyihalar va strategik dasturlar orqali raqamli iqtisodiyot rivojiga munosib hissa qo‘shishni davom ettirishi ma’lum qilindi.
Shahnoza Mamaturopova,
Nosirjon Haydarov (curat), O‘zA