Agrobank “Basalt wool” korxonasiga moliyaviy ko‘mak bermoqda
Keyingi yillarda mazkur bank ilmiy-innovatsion yutuqlardan foydalanib istiqbolli loyihalarni amaliyotga tatbiq etishda faol ishtirok etmoqda.
Shunday loyihalardan biri Jizzax viloyatining Forish tumanida faoliyat yuritayotgan “Basalt wool” korxonasida amaliyotga joriy etilmoqda.

Agrobank bu korxonaga 41 million yevro miqdorida kredit yo‘naltirgan edi. Albatta, ana shu mablag‘ga yarasha ishlar amalga oshirilganini press-tur ishtirokchilari alohida e’tirof etishdi. Ayni vaqtda korxona bazalt toshidan yiliga 32 ming tonna mineral plitalar ishlab chiqarmoqda.
Mutaxassislarning ma’lum qilishicha, o‘tda yonmas, suvda cho‘kmas mineral plita asosan qurilish ishlarida foydalaniladi. Shuningdek, korxona ishga tushgach, hududdagi 95 nafar ishsiz aholi vakillari o‘z ish joyiga ega bo‘ldi.
Eng qizig‘i, mineral plitalar ishlab chiqarishdan chiqqan chiqindilar cho‘yan hisoblanar ekan. Bundan ham oilalar uchun kerak bo‘ladigan qozon ishlab chiqarilsa, yaxshigina foyda olish mumkin.

Qayd etish kerakki, keyingi yillarda mamlakatimizda kichik tadbirkorlik bilan bir qatorda, yirik ishlab chiqarish korxonalari jadallik bilan rivojlanib yangi quvvatlari ishga tushirilmoqda.
Agrobank zamonaviy tarzda ish yuritayotgan “Basalt wool” korxonasi faoliyati bilan OAV vakillarini yaqindan tanishtirish maqsadida ushbu korxonaga uyushtirilgan press-turda jurnalist va blogerlar o‘zlarini qiziqtirgan savollarga javoblar olishdi.
Sayyora Shoyeva, O‘zA