Agrar universitet xorijliklar nigohida
Toshkent davlat agrar universiteti 90 yoshini nishonlamoqda.
Sana munosabati bilan universitetda «Agrar fan nazariyasi va amaliyotidagi dolzarb muammolar va ularning yechimlari» mavzusidagi xalqaro konferensiyada xorijlik hamkorlar ham ishtirok etmoqda.
Choy Sun Xo, KOPIA O‘zbekiston - Koreya markazi direktori:
–Universitetning 90 yillik faoliyati bilan jamoani tabriklayman. Tashkilotimiz O‘zbekistonda 2009 yilda tashkil topgan bo‘lsa, o‘tgan yillar davomida mazkur ilm dargohi bilan hamkorlikda 30 yaqin ilmiy –tadqiqotni amalga oshirdik. Ular orasida chorvachilik, bog‘dorchilik, baliqchilik sohasiga tegishli loyihalar anchagina. Misol uchun, chorvachilik va parrandachilikka tegishli loyiha uchun 1 million 300 ming dollar ajratilgan.
Qoramollarni tirik vaznini 20-30 foizga oshirish, dehqon, fermerlar daromadini 30 foizga qadar oshirish ko‘zda tutilgan bu loyiha barcha viloyatlarda amalga oshirilmoqda. U 2018 yilda boshlangan bo‘lib, 2021 yilgacha davom etadi.
Universitet bilan hamkorlikda joylarda axborot konsalting markazlari tashkil etmoqdamiz. Eng birinchisi Samarqand viloyati Samarqand shahrida ish boshladi. Noyabr oyida Andijon qishloq xo‘jaligi institutida ham ochildi. 2021 yilda esa Toshkent agrar universitetining barcha filiallarida ana shunday markazlar ochiladi.
Yaqindan esa ilmiy jamoa va universitet talabalari bilan tajriba dala-maydonchasida sinov boshladik. Bunda eng zamonaviy texnologiya ya’ni temir moddasi qo‘shilgan ozuqalar bilan chorvani parvarishlashni boshladik.
Jamoliddin Tuney, Turkiya hamkorlik va muvofiqlashtirish agentligining vakolatxonasi rahbari:
–Qariyb 30 yildan buyon Toshkent davlat universiteti bilan hamkorlik qilamiz. O‘zbekiston mustaqillikka erishgandan so‘ng, universitet jamoasi bor e’tiborini oliy agrar ta’lim tizimini isloh etishga qaratdi. Uning taraqqiyot bosqichi pillapoyalarida yangi qadamlar tashlandi. Yangi iqtisodiy fikrlash va chuqur kasbiy bilimlarni egallash uchun barcha sharoitlar yaratildi.
Bizga ayniqsa, veterinariya, asalarichilik va baliqchilik yo‘nalishlari qiziq. Qoraqalpog‘iston Respublikasida aholiga sifatli parranda go‘shti va tuxum yetkazib berish borasida hamkorlik qilmoqchimiz. Buning uchun yangi turdagi mahsulotlar ishlab chiqarishga mo‘ljallangan zamonaviy texnologiyalar olib kelinmoqda. 2021 yilda ilk mahsulotlar bozorlarga chiqariladi.
Shuningdek, paxta tolasini yigirish va undan mato to‘qish ham bizga qiziq. Bu borada ham birga harakat qilamiz.
Qayd etish kerakki, Prezidentimiz Sh.Mirziyoyevning qishloq xo‘jaligini rivojlantirish, ayniqsa, yetuk kadrlar tayyorlashga doir ko‘plab farmon va qarorlari imzolandi. 2017 yil 24 mayda qabul qilingan «Qishloq va suv xo‘jaligi tarmoqlari uchun muhandis-texnik kadrlar tayyorlash tizimini tubdan takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi, 2018 yil 8 maydagi «Toshkent davlat agrar universitetida oliy ma’lumotli kadrlar tayyorlash tizimini tubdan takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi, joriy yilning 30 iyuldagi «Agrar ta’lim tizimini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi qarorlari shular sirasidandir.
Sayyora SHOEVA, Oqil G‘ULOMOV, O‘zA