Agrar tarmoqda izchil islohotlar davom etmoqda
Keyingi yillarda paxtachilik sohasida yuqori hosildorlikka erishish, fermer xo‘jaliklari va paxta to‘qimachilik klasterlarini rivojlantirish maqsadida ko‘plab qaror va farmonlar qabul qilindi. Bu esa o‘z navbatida agrar tarmoqda islohotlarning izchilligini ta’minlash borasida muhim ahamiyat kasb etmoqda.
Masalan, o‘tgan 5 yilda birgina Surxondaryo viloyatida paxtachilik sohasidagi erishilgan yutuqlarni olib qaraydigan bo‘lsak, hukumatimiz tomonidan ishlab chiqilgan dasturlar, qabul qilingan qarorlar katta samara berayotganiga guvoh bo‘lamiz. Bu eng avvalo paxta hosildorligini oshirish bilan bog‘liq. Viloyatda keyingi yillarda paxtachilik sohasida yuqori hosildorlik kuzatilmoqda. Buni biz quyidagi raqamlardan ham bilsak bo‘ladi.
2018 yilda o‘rtacha hosildorlik 20 sentnerga bajarilgan bo‘lsa, 2019 yil 27 sentnerga yetkazildi, 2020 yilga kelib, bu ko‘rsatgich yanada ortib, 30 sentnerdan oshdi.
Klaster va fermer xo‘jaliklari o‘rtasidagi dastlabki kelishmovchiliklarga barham berila boshlangani bois, 2021 yilda hosildorlik 34 sentnerga bajarilgan. Bu yil paxta xarid narxining oshirilganligi fermer xo‘jaliklarida ko‘tarinki ruhni ta’minladi. Viloyat fermerlari yanada kuch va g‘ayratlarini ishga soldilar. Natijada hosildorlik 35 sentnerga yetkazildi. Paxta hosildorligining ortib borishini 2018 yilga nisbatan taqqoslaydigan bo‘lsak, viloyat bo‘yicha o‘rtacha 15 sentnerga oshganini ko‘ramiz.
Besh yilda g‘allachilikda erishilayotgan yutuqlarni ham agrar tarmoqda olib borilayotgan islohotlarning ustuvor ahamiyati bilan baholash mumkin. Masalan, 2018 yilda hosildorlik bazo‘r 27,5 sentnerga yetgan bo‘lsa, 2019 yil o‘rtacha hosildorlik birdaniga 57,3 sentnerga ko‘tarildi. 2020 yilda surxondaryolik fermerlar hosildorlikni 67,7 sentnerga olib borishdi.
O‘tgan 2021 yil voha dehqonchiligida katta o‘zgarishlar ro‘y berdi. O‘rtacha hosildorlik 69,4 sentnerga yetkazildi. 2022 yilda Prezidentimiz tomonidan Respublika fermer xo‘jaliklariga misli ko‘rilmagan yangiliklar bo‘ldi. Ya’ni don xarid narxining oshirilishi, qolaversa davlat buyurtmasining bekor qilinishi, shuningdek, ortiqcha g‘allani fermer xo‘jaligining o‘zi bevosita xomashyo birjasida erkin sotishi dehqonchilikda katta o‘zgarishlar qildi. Bu singari muhim qadamlar albatta g‘alla hosildorligiga ham ijobiy ta’sir ko‘rsatdi. Natijada o‘rtacha hosildorlik 73 sentnerga yetkazildi.
Viloyat fermerlarining kelgusi yil hosilidan ham umidlari katta. Ayni paytda vohada faoliyat yuritayotgan fermer xo‘jaliklari paxtadan ham, g‘alladan ham o‘rtacha hosildorlikni bundanda oshirish choralarini ko‘rmoqda.
Yerga qadalgan sifatli g‘alla urug‘i maysa bo‘lib, bo‘y ko‘rsatdi. Dalalarda g‘allaga suv quyish, mahalliy o‘g‘it chiqarish singari ishlar qizg‘in olib borilmoqda. Surxondaryo viloyati Fermer, dehqon xo‘jaliklari va tomorqa yer egalari kengashi jamoasi guruhlarga bo‘linib, fermerlarga amaliy yordam berishmoqda.
O‘ral Boboqulov, Surxondaryo viloyati
fermer, dehqon xo‘jaliklari va tomorqa yer egalari kengashi raisi