Agrar islohotlarning yangi bosqichi
Qishloq xo‘jaligini zamonaviy ilm-fan, innovatsiya va bozor talablari asosida rivojlantirish, yer resurslaridan samarali foydalanish hamda fermerlar daromadini oshirish Yangi O‘zbekiston agrar siyosatidagi ustuvor yo‘nalishlardan biri hisoblanadi. Bu borada joylarda amalga oshirilayotgan islohotlarning amaliy natijalarini o‘rganish, istiqbolli loyihalarni qo‘llab-quvvatlash va zamonaviy agrotexnologiyalarni keng joriy etish maqsadida qishloq xo‘jaligi vaziri Ibrohim Abdurahmonov Buxoro viloyatida bo‘ldi.
Ilk manzil Vobkent tumanidagi Imom Qozixon hududida joylashgan “Nuriddin Murod” fermer xo‘jaligi bo‘ldi. Bu yerda yetishtirilayotgan jut ekini maydonlari ko‘zdan kechirilib, ekinning agrotexnik parvarishi, o‘sish jarayoni, hosildorlik imkoniyatlari hamda uni viloyat sharoitida kengaytirish istiqbollari yuzasidan atroflicha ma’lumotlar taqdim etildi.
Ayniqsa, jahon bozorida talab yuqori bo‘lgan jut kabi eksportbop ekinlarni mahalliy sharoitda yetishtirish imkoniyatlari, ularning iqtisodiy samaradorligi va fermerlar uchun qo‘shimcha daromad manbai yaratishdagi ahamiyati muhokamalar markazida bo‘ldi.
Vazir Ibrohim Abdurahmonov fermerlar va soha mutaxassislari bilan muloqot chog‘ida ekin turlarini diversifikatsiya qilish, har bir gektar yerdan yuqori samara olish, qo‘shimcha qiymatga ega mahsulotlar ishlab chiqarish hamda ilg‘or agrotexnologiyalarni amaliyotga keng tatbiq etish bugungi kunning eng muhim vazifalaridan ekanini ta’kidladi.

Qayd etilganidek, qishloq xo‘jaligida yangi va istiqbolli ekin turlarini joriy etish nafaqat mahsulot turlarini ko‘paytirish, balki yer unumdorligini saqlash, eksport salohiyatini oshirish va agrar sohaning raqobatbardoshligini mustahkamlashga xizmat qiladi.
Ishchi guruh Vobkent tumanidagi Inom Naimov nomidagi urug‘lik don tayyorlash sexi faoliyati bilan ham tanishdi. Bu yerda kelgusi yil hosili uchun asos bo‘ladigan yuqori sifatli urug‘liklarni tayyorlash, saralash va saqlash jarayonlari atroflicha o‘rganildi.
Tanishuv davomida urug‘lik donni to‘g‘ri saqlash, uning fiziologik tindiruv davrini to‘liq o‘tashi uchun zarur shart-sharoitlarni yaratish, har bir navning genetik va navdorlik xususiyatlarini saqlab qolish maqsadida ularni alohida joylashtirish masalalariga alohida e’tibor qaratildi.
Vazir ta’kidlaganidek, ertangi hosilning taqdiri aynan bugungi urug‘chilik ishlarining sifatiga bog‘liq. Shuning uchun urug‘chilik tizimidagi har bir bosqich — qabul qilish, saralash, dorilash, saqlash va nazorat jarayonlari ilmiy yondashuv hamda yuqori mas’uliyat asosida tashkil etilishi lozim.
Shuningdek, soha mutaxassislari bilan yuqori reproduksiyali urug‘liklar tayyorlash, ularni saqlash texnologiyalarini yanada takomillashtirish, urug‘lik sifati ustidan doimiy monitoring o‘rnatish va agrotexnik talablarga qat’iy rioya qilish yuzasidan fikr almashildi. Mutasaddilarga bu borada aniq vazifalar va amaliy ko‘rsatmalar berildi.

Ta’kidlanganidek, sifatli urug‘lik zaxirasini shakllantirish faqatgina yuqori hosildorlikka erishishning emas, balki mamlakat oziq-ovqat xavfsizligini ta’minlash, fermerlar daromadini ko‘paytirish va agrar iqtisodiyot barqarorligini mustahkamlashning eng muhim omillaridan biri hisoblanadi.
Buxoroda kechayotgan mazkur o‘rganishlar yana bir haqiqatni yaqqol namoyon etmoqda: bugungi agrar islohotlar faqat maydonlarni kengaytirish yoki hosil miqdorini oshirish bilan cheklanmaydi. Ular ilm-fan, innovatsiya, zamonaviy texnologiya va samarali boshqaruvni uyg‘unlashtirgan holda qishloq xo‘jaligini mutlaqo yangi bosqichga olib chiqishga qaratilgan.
Vazir Ibrohim Abdurahmonov boshchiligidagi ishchi guruhning Buxoro viloyatidagi o‘rganishlari davom etmoqda. Bu tashriflar natijasida belgilanayotgan ustuvor vazifalar va berilayotgan amaliy tavsiyalar sohani yanada rivojlantirish, fermerlar faoliyati samaradorligini oshirish hamda mamlakatning oziq-ovqat xavfsizligini yanada mustahkamlashga xizmat qilishi shubhasiz.
Zarif Komilov, O‘zA muxbiri