Afv bizga katta saboq bo‘ldi
Joriy yilning 12 may kuni O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning Ramazon hayiti munosabati bilan qabul qilingan “Ozodlikdan mahrum etish jazosini o‘tayotgan, qilmishiga chin ko‘ngildan pushaymon bo‘lgan va tuzalish yo‘liga qat’iy o‘tgan bir guruh shaxslarni afv etish to‘g‘risida”gi farmoniga asosan, 100 nafar fuqaro qatorida Namangan viloyatidan olti kishi afv etildi. Shulardan uch nafari jazodan ozod qilingan bo‘lsa, uch nafariga tayinlangan ozodlikdan mahrum etish jazosining muddatlari qisqartirildi.
Namangan viloyati hokimi, Oliy Majlis Senati a’zosi Shavkat Abdurazzoqov boshchiligidagi sektorlar rahbarlari va DXX, ichki ishlar, milliy gvardiya viloyat boshqarmalari mutasaddilari afv etilgan uch nafar fuqaro bilan uchrashdi. Sobiq mahkumlar bilan alohida muloqot o‘tkazilib, ularni ijtimoiy hayotga moslashib, bandligini ta’minlash, turmush sharoitini yaxshilash choralari o‘rganildi.
Qabulda afv etilganlarga bundan buyon yurtboshimiz va xalqimizning ishonchini oqlab, sog‘lom turmush tarzini yo‘lga qo‘yish, jamiyatda o‘z o‘rnini topishi, yuz berayotgan o‘zgarish va yangilanishlarning faol ishtirokchisi bo‘lishi kerakligi ta’kidlandi.
– Sizlarni ijtimoiy hayotga moslashib, foydali mehnat bilan shug‘ullanish, sog‘lom turmush tarzini yo‘lga qo‘yib, jamiyatda munosib o‘rin topishingiz uchun har qanday zaruriy ko‘makni beramiz, – dedi viloyat hokimi Shavkat Abdurazzoqov. – Bundan buyon hayotda adashmasdan, qoqilmasdan yaqinlaringiz, mahalla-kuy oldida yuzingiz yorug‘ bo‘lishi uchun halol mehnat qilib, yashashingiz lozim.
Xalqimizga xos ezgulik, bag‘rikenglik, insonparvarlik, mehr-oqibat va kechirimli bo‘lish kabi olijanob fazilatlarning yorqin ifodasi bo‘lgan mazkur hujjat tufayli jazoni ijro etish muassasalaridan ozod qilingan hamyurtlarimizni o‘z oilalari, yaqinlarining bag‘riga qaytishi ota-onalari, ayollari, farzandlari qalbini cheksiz shodlikka to‘ldirdi.
[gallery-2432]
Sanjarbek G‘oziyev Namangan tumanidagi Xonobod mahallasida istiqomat qilgan. 22 yoshga to‘lgan bu yigit ayni kuchga to‘lgan paytida “bosar-tusari”ni bilmay qoladi. To‘g‘ri yo‘ldan adashib, jinoyat ko‘chasiga kirdi. O‘zgalarga tegishli avtomashinadan mulklarni o‘zlashtirgani oqibatida sud hukmi bilan 6 yilu bir oyga ozodlikdan mahrum etildi. Oradan to‘rt yil kechgan jazoni o‘tash davri u uchun chinakam hayot maktabini o‘tadi. Har qanday qing‘ir ish uchun jazoga tortilishi, oqibati esa nafaqat o‘zi, balki yaqinlariga ham salbiy ta’sir o‘tkazishini bildi. Qamoqxonada qayta tarbiyalandi, aybiga chin ko‘ngildan pushaymon bo‘ldi. Qat’iy tuzalish yo‘liga o‘tganligi sababli belgilangan jazosining o‘talmay qolgan qismidan shartli ravishda ozod qilindi.
– Afv chinakam saboq bo‘ldi, – deydi Sanjarbek G‘oziyev. – Qilgan ishlarimdan pushaymonman. Uyga qaytganimdan keyin ma’lum muddat achinish hissidan rosa qiynaldim. Mahallamiz oqsoqolidan tortib, ichki ishlar xodimigacha menga yaqindan yordam berishlarini aytishganida quvonib ketdim. Menga qurilish tashkilotida ishlash uchun yo‘llanma taqdim etishdi. Endi faqat halol rizq topib, oilamga naf keltirish kerakligini anglab yetdim. Prezidentimiz farmoni bu borada bizga ulkan imkoniyat demakdir. Astoydil ishlab, xalqimizga sadoqat bilan xizmat qilaman.
Muloqot davomida tegishli mutasaddilarga afv etilganlarning murojaatlaridan kelib chiqqan holda ularni moddiy va ma’naviy jihatdan qo‘llab-quvvatlash, sog‘lig‘ini tiklash, ishga joylashtirish singari muhim masalalarda amaliy yordam berish yuzasidan aniq topshiriqlar berilib, ijrosi qattiq nazoratga olindi. Afv etilganlarga ro‘zg‘orida asqatadigan elektr pechlari tuhfa qilindi.
Oqilxon Dadaboyev, Hotam Mamadaliyev (surat), O‘zA