“Afrosiyob” muzeyi restavratsiya qilindi
“Afrosiyob” muzeyi eksponatlari Samarqand shahrining qadim tarixidan so‘zlaydi.
Madaniy meros agentligi axborot xizmatining ma’lum qilishicha, “Afrosiyob” muzeyida Koreya Respublikasi madaniy meros jamg‘armasi bilan hamkorlikda restavratsiya ishlari olib borildi. Binoni ta’mirlash jarayoniga 33 ming dollarga yaqin mablag‘ sarflangan.
Restavratsiya qilish jarayonida muzeyning birinchi qavatidagi ko‘rgazmalar zali, videozal va yo‘laklar yangilandi. Ikkinchi qavatning shifti va tomlari ham qayta ta’mirlandi.
Joriy yilning mart oyida muzeyning tantanali ochilish marosimi o‘tkazilib, muzeyga kirish ikki kun bepul bo‘ladi.
Mazkur maskan noyob arxeologik yodgorlik bo‘lib, turli-tuman osori- atiqalar bilan to‘ldirilgan xalq madaniy hayotini aks ettiruvchi go‘sha hisoblanadi. Muzey Samarqandning shimoliy qismidagi markaziy bozor orqasida, qadimiy “Afrosiyob” tepaliklari yonida joylashgan. Hozirgi kunda muzey ekspozitsiyasidagi eksponatlar soni ikki mingdan ziyodni tashkil etadi va ularning soni muntazam ravishda ortib bormoqda.
Muzeyning eng qimmatli diqqatga molik eksponatlari sirasiga ko‘hna Afrosiyobda olib borilgan arxeologik qazilmalar chog‘ida topilgan ashyolar kiradi, ularning har biri shahar tarixining turli davrlariga taalluqlidir. Ixshidiylar sulolasiga mansub ossuriylarga tegishli qadimgi qilich bo‘laklari, pichoqlar, o‘qlar, tangalar, sopol buyumlari, shuningdek, Samarqand saroyi devor suratlarining parchalari shular jumlasidandir.
Muzeyning markaziy zalida So‘g‘d hukmdori (Ixshidi) Varxuman saroyidagi “Elchilar xonasi”ning suratlari joylashgan.
Muhayyo Toshqorayeva, O‘zA muxbiri