Afg‘onistonlik bitiruvchi talabalarga diplom topshirildi
Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligi huzuridagi Afg‘oniston fuqarolarini o‘qitish ta’lim markazining "Yer usti transport tizimlari va ularning ekspluatatsiyasi" yo‘nalishida o‘qigan ilk 25 nafar bitiruvchisiga Toshkent davlat transport universitetining bakalavr diplomlari topshirildi.
Vazirlik axborot xizmatiga ko‘ra, tadbirda markaz direktori O.Ro‘ziyev, Afg‘oniston temir yo‘l boshqarmasi boshlig‘i o‘rinbosari Ahmad Shafiq Urfoni, ushbu mamlakatning moliya vazirligi hisoblar bo‘limi direktori Muhibullo Saxizoda, transport qo‘mitasi boshlig‘i o‘rinbosari Lutfullo Amini, Afg‘onistonning Termiz shahridagi Bosh konsulining 1-kotibi Bismillo Mangal va boshqalar bitiruvchilarni muborakbod etdi. Shu bilan birga ularni ish bilan ta’minlash masalasiga alohida to‘xtalib o‘tdilar.

To‘rt yil davomida markazda "Yer usti transport tizimlari va ularning ekspluatatsiyasi" yo‘nalishida tahsil olgan afg‘onistonlik talabalar endi o‘z yurtlarida ushbu sohada ishlash imkoniyati ega bo‘ldi. Har tomonlama malakali kadrlarni tayyorlash uchun mashg‘ulot va dars jarayonlariga Toshkent davlat transport universitetining malakali professor-o‘qituvchilari ham jalb etildi.
Shuningdek, talabalar 1 oy davomida tanishuv amaliyotini o‘tab, yakuniy davlat imtihonlarini yaxshi va a’lo baholarga topshirdilar.
Ma’lumot o‘rnida aytish mumkinki, bugungi kunda 111 nafar afg‘onistonlik talabalar temir yo‘l hamda o‘zbek tili va adabiyoti yo‘nalishlarida tahsil olmoqda.
N.Usmonova, O‘zA