Buxoro viloyati Qorovulbozor tumanida chorvachilik sohasi barobarida parrandachilik tarmog‘iga alohida e’tibor qaratilayotgani sababli bugun hududda bu turdagi ixtisoslashtirilgan xo‘jaliklar soni ortib bormoqda.
Ayni kunda cho‘lquvarlar zamini Navbahor mahallasida faoliyat yuritayotgan “Vigour Export” MCHJda ham parrandachilik tarmog‘iga daxldor, umumiy qiymati o‘n bir milliard so‘mga teng loyiha amalga oshirildi. Bu sarmoyaning uch milliard so‘mi tadbirkorning o‘z mablag‘i sanaladi.

– Faoliyat boshlanganimizga uch yildan oshdi, – deydi mahalliy tadbirkor Anvar Hamroyev. – Dastlabki bosqichda Xitoy texnologiyasi asosida tovuqxona paviloni barpo etilgan bo‘lib, unda jami 50 ming boshdan ortiq “Loman Sendi” zotiga mansub, tuxum yetishtirish yo‘nalishidagi tovuqlar parvarishini yo‘lga qo‘ydik. Yana 100 ming bosh tovuqqa mo‘ljallangan ikkinchi pavilon ishga tushiriladi. Hozirda 16 nafar ishchi mehnat qilayotgan fermada loyihaning ikkinchi bosqichi ishga tushishi bilan yana 10 ta yangi ish o‘rni yaratiladi.

Shuningdek, korxonada joriy yilning mart oyida qiymati 120 ming AQSH dollariga teng bo‘lgan zamonaviy tegirmon o‘rnatilgan. Mazkur tegirmon soatiga 5 tonna ozuqa ishlab chiqarish quvvatiga ega. Shu vaqtga qadar zarur ozuqa bozordan sotib olingan bo‘lsa, endilikda tovuqlarga beriladigan kombikorm, omixta yem shu yerning o‘zida ishlab chiqarilayotgani sarf-xarajatni qisqartirishga olib keldi.

Bir dona tuxum narxini o‘rtacha 800 so‘mdan hisoblaganda ham “Vigour Export”da qo‘lga kiritilayotgan bir kunlik daromad 30 million so‘mga yetmoqda. Demak, bunda mehnat qilayotgan 16 nafar ishchining ish haqi oyiga 3,5 million so‘m atrofida.
Bundan tashqari, mazkur korxona joriy yil may oyi boshidan buyon Afg‘onistonga 20 ming AQSH dollari miqdorida tuxum eksport qildi. Bu loyihaning bir qismi, xolos. Yaqin istiqbolda tadbirkor mahsulot eksporti hajmini 10 barobarga oshirish choralarini ko‘rmoqda.
Zarif Komilov, O‘zA muxbiri.