Afg‘onistondagi kuchli suv toshqini o‘nlab odamning yostig‘ini quritdi
Afg‘oniston shimoli-sharqida joylashgan Nuriston viloyatida shiddatli yog‘ingarchilik ortidan yuzaga kelgan suv toshqini kamida 20 kishining bevaqt vafot etishiga olib keldi.
Tabiiy ofatlarni boshqarish milliy boshqarmasi taqdim etgan dastlabki ma’lumotga ko‘ra, hodisa oqibatida 80 nafar fuqaro turli darajada jarohat olgan, 100 dan ziyod odam bedarak, deb hisoblanmoqda. Qutqaruv tadbirlari izchil davom ettirilayotgani sababli qurbonlar va jabrlanganlar soni ortishi mumkin.
Ayniqsa Pokiston bilan chegaraga yaqin hududda joylashgan Parun shahri ofatdan eng ko‘p talafot ko‘rdi. Bu manzilda faol qidiruv-qutqaruv amaliyoti olib borilyapti. Meteorologiya boshqarmasi qator hududlarda yana kutilayotgan kuchli yomg‘ir, momaqaldiroq va chang bo‘roni qayta suv toshqinini keltirib chiqarishi mumkinligidan ogohlantirdi. Mutasaddilar aholini daryo qirg‘og‘i va xavfli hududdan yiroq bo‘lish, mas’ul xizmatlar ko‘rsatmasiga qat’iy rioya qilishga chaqirmoqda.
Soha mutaxassislari tabiiy ofatlar tez-tez takrorlanishini global iqlim o‘zgarishi hamda yillar davomida daraxtlar beayov kesilishi oqibatida tuproqning suvni shimish xususiyati zaiflashgani bilan izohlamoqda.
F.Yaxshiboyeva, O‘zA