Afg‘oniston Eron-Pokiston chegarasida 250 ga yaqin afg‘on muhojiri o‘ldirilishi ehtimolini tekshirmoqda, deb yozdi muvaqqat hukumat matbuot kotibi Zabihulloh Mujohid ijtimoiy tarmoqdagi sahifasida.
– Ommaviy axborot vositalarida Eron-Pokiston chegarasida afg‘on fuqarolari shahid bo‘lgani va jarohat olgani haqida mish-mish tarqaldi, – degan u. – Voqeaga hali aniqlik kiritilmadi. Bu borada zarur qaror qabul qilinadi.
Avvalroq mintaqa ommaviy axborot vositalari Erondagi “Haalvsh” inson huquqi tashkilotiga tayanib, mahalliy chegarachilar 13 oktyabr kuni kechqurun Shahriston Seravon chegara manzili yaqinida Pokistondan mamlakatga noqonuniy tarzda kirmoqchi bo‘lgan afg‘on muhojirlariga qarata o‘t ochgani haqida xabar bergan edi. Huquq himoyachilari 250 ga yaqin odam halok bo‘lganini aytgan.
“Ariana news” portali “Haalvsh” tashkiloti bayonotidan quyidagi iqtibosni keltirgan:
– Yakshanba kuni kechqurun o‘nlab afg‘onlar Eron Islom Respublikasi Qurolli kuchlari tomonidan o‘qqa tutildi, ular Kalgan-Seravon mintaqasidagi chegarada oldindan qo‘yilgan pistirmaga duch kelgan. Natijada o‘nlab qochqinlar halok bo‘ldi, yaradorlar ham bor.
Shahriston Seravon Eronning Siston va Belujiston viloyatida joylashgan bo‘lib, Pokistonning Belujiston viloyati Panjgur tumani bilan chegaradosh.
“RIA Novosti” yozishicha, Eronning Afg‘onistondagi elchisi va maxsus vakili Hasan Kozimiy Qumiy otishma haqidagi ma’lumot yolg‘onligini bildirgan.
– Ishonchli manbalar yordamida to‘g‘ridan-to‘g‘ri o‘tkazilgan tekshiruv natijasida Seravon chegarasida o‘nlab noqonuniy muhojirlar o‘limi haqidagi xabar haqiqatga to‘g‘ri kelmasligi tasdiqlandi, – deb yozgan u ijtimoiy tarmoqdagi sahifasida.