Afg‘on tadbirkorlari qanday muammolarga duch kelmoqda?
Surxondaryo viloyati hokimi To‘ra Bobolov vohada faoliyat yuritayotgan afg‘onistonlik investorlar bilan uchrashib, ularning taklif, g‘oya va muammolarini tingladi.
Surxondaryoda viloyatida afg‘onistonlik sarmoyadorlar ishtirokida 340 dan ortiq tadbirkorlik sub’ekti sanoat, qurilish, qishloq xo‘jaligi va xizmatlar ko‘rsatish sohalarida faoliyat yuritmoqda. Uchrashuvda viloyat rahbari afg‘onistonlik sarmoyadorlarga qo‘shni davlatdagi vaziyat haqida atroflicha ma’lumot berdi.

–Prezidentimiz tashabbusi bilan mamlakatlaringizga yuborilgan gumanitar yordamni qo‘shni davlatga yetkazib berdik, – dedi To‘ra Bobolov.¬ Vaqtinchalik hukumat vakillari bilan uchrashdik. Barchasi yaxshi bo‘ladi. Yangi hukumat ham mamlakatimiz bilan iqtisodiy-savdo, gumanitar aloqalarni mustahkamlash tarafdori. To‘g‘ri, ayni paytda sizlarda viza masalasida muammolar paydo bo‘lgan. Bu masalaning sabablari bor. Buni soha xodimlari hozir sizlarga batafsil tushuntirib beradi. Viloyatda tadbirkorlik bilan shug‘ullanishlaringiz uchun barcha sharoitlarni yaratib beryapmiz va bundan keyin ham sizlarni qo‘llab-quvvatlashda davom etamiz. bugungi ochiq muloqotimizni ham shu maqsadda tashkil etdik. Agar faoliyatingizda biron muammoga duch kelayotgan bo‘lsangiz, bemalol ayting. Birgalashib hal etish yo‘lini topamiz. Sohani yanada rivojlantirish bo‘yicha g‘oya va takliflaringizni tinglab, qo‘llab-quvvatlaymiz.

Ochiq muloqotda qo‘shni mamlakat sarmoyadorlarining 55 ta masalasi tinglanib, yechimini topish yo‘llari izlandi.
–Termiz tumanida faoliyat yuritamiz, – deydi «Zikriyo Farid» mas’uliyati cheklangan jamiyati rahbari Ahmad Farid. – Turli qishloq xo‘jaligi mahsulotlari yetishtirib, Afg‘onistonga eksport qilamiz. Viza muddatimizni uzaytirishimiz kerak. Afg‘onistonga o‘tgan ishchilarimiz, oila a’zolarimiz uchun ham viza olishimiz lozim. Bugun ko‘pchiligimiz shu masala bilan qiziqib kelgan edik. Mutasaddilar pandemiya sababli viza berish vaqtincha cheklanganini bizga tushuntirib berishdi. Afg‘onistonda ham pandemiya yumshasa yana viza olish izga tushishini aytishdi. Shuningdek, men qishloq xo‘jaligi mahsulotlari yetishtirish uchun yer so‘ragan edim, bu masala hal etiladigan bo‘ldi.

Uchrashuvda 46 nafar afg‘onistonlik tadbirkor viza olishni, muddatini uzaytirishni, bir nafari yashash huquqini berishni so‘rab murojaat etdi. Bir tadbirkor bog‘ uchun suv muammosi paydo bo‘lgani, besh nafari ziroat yetishtirish uchun yer olish masalasini ko‘ndalang qo‘ydi. Yechimi vaqt talab etadigan masalalar bo‘yicha aniq muddat belgilanib, ijrosi qat’iy nazoratga olindi.

Ochiq muloqotda Investitsiyalar va tashqi savdo vaziri o‘rinbosari Otabek Choriyev ishtirok etdi.
Xolmo‘min MAMATRAYIMOV, O‘zA