Afg‘onshunoslikda xushxabar: “Pushtu tili” darsligi nashr etildi
Har bir yo‘nalishning ravnaqi o‘sha soha mutaxassislarining bilimi, salohiyati, fan taraqqiyotiga qo‘shgan hissasi hamda kelajak uchun tayyorlagan mustahkam poydevori bilan belgilanadi.
Har bir yo‘nalishning ravnaqi o‘sha soha mutaxassislarining bilimi, salohiyati, fan taraqqiyotiga qo‘shgan hissasi hamda kelajak uchun tayyorlagan mustahkam poydevori bilan belgilanadi.
Bu borada O‘zbekistondagi sharqshunoslik va sharqshunos olimlarning ilm-fan yo‘lidagi xizmatlari, ilmiy va amaliy yutuqlari ham aytarli darajada ahamiyat kasb etadi.
Ayniqsa, olim va izlanuvchilarning bu kabi intilishlari ikki davlat o‘rtasidagi do‘stona qo‘shnichilik munosabatlarini mustahkamlash, diplomatik munosabatlarni yo‘lga qo‘yishga xizmat qilsa, ijtimoiy-madaniy va siyosiy jarayonlarda yuqori natijaga erishish mumkin.
Toshkent davlat sharqshunoslik institutida bir qator sharq tillari orasida qo‘shni mamlakat, xususan, Afg‘onistonning rasmiy tillari – pashtu va dariy tillari ham o‘qitiladi. Bu tillarni egallagan soha vakillari hozirgi kunda jamiyatimizning turli sathlarida o‘z yo‘nalishlari bo‘yicha davlatimiz ravnaqi, ilm-fani uchun xizmat qilib kelmoqdalar.
Xususan, “O‘zbekiston-Afg‘oniston” do‘stlik jamiyatining raisi, “Do‘stlik” ordeni sohibi, “O‘zbekiston Respublikasida xizmat ko‘rsatgan yoshlar murabbiysi”, Toshkent davlat sharqshunoslik instituti professori, filologiya fanlari doktori A. Mannonov hamda filologiya fanlari bo‘yicha falsafa doktori (PhD) S. Qoraboevlar hammuallifligida “Pushtu tili” darsligi nashr etildi.
Darslikda madaniy, siyosiy hamda iqtisodiy sohaga oid materiallar jamlangan bo‘lib, pashtu tiliga qiziquvchilar hamda bu tilni o‘rganuvchilar uchun nazariy asos bo‘lib xizmat qiladi.
Darslik mualliflarning ko‘p yillik mehnatlari samarasi bo‘lib, xorij adabiyotlari tajribasi asosida yozilgan. Darslik zamonaviy pedagogik texnologiyalarni qo‘llagan holda darsni tashkil qilishda amaliy ko‘rsatmalarni o‘zida jamlagan bo‘lib, afg‘onshunos mutaxassislarni tayyorlashda dasturilamal bo‘lishi kutilmoqda.
Bugungi kunda afg‘onshunoslik bo‘yicha yana bir katta qadam tashlandi! Toshkent davlat sharqshunoslik instituti dotsenti, filologiya fanlari doktori (DSc) X. Alimova va eron-afg‘on filologiyasi kafedrasi katta o‘qituvchisi Yo. Xo‘jaqulovlar hammuallifligida “Dariy tili” darsligi nashrdan chiqdi. Aytish kerakki, bu adabiyot Xalqaro til o‘qitish talablari – o‘qish, yozish, gapirish va eshitish ko‘nikmalarini shakllantirishga xizmat qilishi bilan shu turdagi darsliklardan farq qiladi.
Shuningdek, bu darslik dariyshunoslarni tayyorlashda tayanch manba bo‘lib xizmat qilishi kutilmoqda. Shu o‘rinda ta’kidlash kerakki, darslik mualliflaridan biri X. Alimova 2019 yilda “Dariy tilida so‘z yasalishining ichki lingvistik usullari” mavzuidagi doktorlik (DSc) dissertatsiyasini himoya qilgan bo‘lib, O‘zbekistonda dariy tili bo‘yicha “fan doktori” ilmiy darajasini olgan yagona mutaxassis hisoblanadi. O‘zining ilmiy izlanishlari natijasi o‘laroq yozilgan bu darslik yana ko‘plab dariyshunos olimlarning yetishib chiqishiga zamin yaratadi, degan umiddamiz.
Afg‘onshunos olimlarning ilm-fan borasida olib borayotgan xizmatlari O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Sh.M.Mirziyoevning Afg‘oniston bo‘yicha ilgari surgan tashabbuslari ahamiyatini keng va atroflicha targ‘ib qilishga xizmat qilsa ajab emas!
Hulkar MIRZAHMEDOVA,
Toshkent davlat sharqshunoslik instituti,
Eron-afg‘on filologiyasi kafedrasi mudiri