AES qurilishi uchun yagona texnik yondashuv shakllantiriladi
“O‘zatom” agentligida atom energetikasi sohasida standartlashtirish, metrologiya va sertifikatlashtirish tizimini takomillashtirishga bag‘ishlangan ishchi yig‘ilish bo‘lib o‘tdi.
Mutasaddilar va soha mutaxassislari ishtirok etgan tadbirda atom elektr stansiyasi loyihasini amalga oshirishda qo‘llaniladigan texnik jihatdan tartibga solish, standartlashtirish, metrologiya va muvofiqlikni baholash tizimini yanada takomillashtirish masalalari muhokama qilindi. Asosiy e’tibor texnologiya yetkazib beruvchi davlatning me’yoriy-texnik bazasini O‘zbekistonning milliy standartlashtirish tizimi bilan uyg‘unlashtirishga qaratildi. Bu esa AES qurilishida yagona texnik yondashuvni ta’minlash, me’yoriy hujjatlarni ishlab chiqish va mahsulotlarni mahalliylashtirish jarayonlarini samarali tashkil etishga xizmat qilishi ta’kidlandi.

Yig‘ilishda metrologiya infratuzilmasini rivojlantirish masalalari ham ko‘rib chiqildi. Xususan, zamonaviy metrologiya laboratoriyasini tashkil etish, o‘lchovlarning aniqligi va metrologik kuzatuvchanligini ta’minlash, shuningdek, atom energetikasi ehtiyojlari uchun ixtisoslashgan ikkilamchi laboratoriyalarni barpo etish bo‘yicha takliflar muhokama qilindi.
Shu bilan birga, “Rosatom” davlat korporatsiyasida amal qilayotgan sertifikatlashtirish tizimini O‘zbekistonda bosqichma-bosqich joriy etish imkoniyatlari yuzasidan fikr almashildi. Bu borada “O‘zatom” agentligi, O‘zbekiston texnik jihatdan tartibga solish agentligi hamda Standartlar instituti o‘rtasidagi hamkorlikni yanada mustahkamlash zarurligi qayd etildi.

Yig‘ilishda so‘zga chiqqan “O‘zatom” agentligi direktori Azim Ahmedxo‘jayev, O‘zbekiston texnik jihatdan tartibga solish agentligi direktori Akmal Jumanazarov va boshqalar atom energetikasi sohasida zamonaviy standartlashtirish va metrologiya tizimini rivojlantirish xavfsizlik hamda loyihalarni samarali amalga oshirishning muhim sharti ekanini ta’kidladi.
“O‘zatom” agentligi axborot xizmatiga ko‘ra, yig‘ilish yakunida tomonlar belgilangan vazifalarni amalga oshirish yuzasidan hamkorlikni yanada faollashtirish va mamlakatda atom energetikasi uchun zamonaviy texnik tartibga solish, standartlashtirish hamda metrologiya tizimini rivojlantirish bo‘yicha qo‘shma ishlarni davom ettirishga kelishib oldi.
N.Ziyodullayeva,
O‘zA