Tahlil va taklif
O‘zbekiston Respublikasining yangi tahrirdagi Konstitutsiyasida advokaturaga oid alohida bob ajratilishi muhim ahamiyat kasb etdi. Jumladan, 141-142-moddalarini o‘z ichiga olgan 24-bobda advokatura institutiga oid asosiy qoidalar belgilangan. Unda advokat o‘z kasbiy vazifalarini amalga oshirayotganda uning faoliyatiga aralashishga yo‘l qo‘yilmasligi qayd etilgan.
Fikrimizcha, advokat o‘z kasbiy vazifalarini amalga oshirayotganda uning faoliyatiga aralashishga yo‘l qo‘yilmasligi konstitutsiya darajasida belgilangan bo‘lsa-da, ushbu normani buzganlik uchun javobgarlik masalalarini o‘rganish va tahlil etish, zururatga qarab ularni takomillashtirish lozim.
Masalan, bugungi kunda «Advokatura to‘g‘risida»gi qonunning 71-moddasida advokat so‘roviga oid asosiy qoidalar berilgan bo‘lsada, Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksning 1971-moddasida advokatning professional faoliyatiga to‘sqinlik qilganlik uchun ma’muriy javobgarlikka tortilishi qayd etilgan. Mazkur ikkita norma bir-biri bilan bevosita bog‘liq bo‘lganligi sababli har ikkalasini bir vaqtning o‘zida o‘rganish va tahlil etish kerak.
Xususan, advokat so‘roviga axborot taqdim etmaslik, bila turib yolg‘on yoki noto‘g‘ri axborot taqdim etish, advokatning professional faoliyatiga to‘sqinlik qilganlik yoki uning ishonch bildiruvchi shaxs manfaatlariga zid vaziyatni tug‘dirish maqsadida advokatga ta’sir o‘tkazganligi sud tartibida aniqlanishi lozim.
Ma’lumot uchun: 2024 yilning 1 yanvaridan 30 iyul kuniga qadar bo‘lgan davrda O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudining interaktiv xizmatlari portalida MJtK 1971-moddasida nazarda tutilgan huquqbuzarlikka oid 79 ta ma’muriy ish o‘rganib chiqildi. Shulardan 48 ta ish bo‘yicha huquqbuzar aybdor deb topilgan, 31 ta ish bo‘yicha MJtK 271-moddasi 1-bandiga asosan tugatilgan.
O‘rganishlar shuni ko‘rsatmoqdaki, O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasida advokatlarning professional faoliyatiga to‘sqinlik qilganlikka oid normani takomillashtirish, bu boradagi javobgarlikni kuchaytirish hamda ushbu huquqbuzarlik bo‘yicha sudga murojaat qilish tartibini soddalashtirish lozim.
O‘tkazilgan o‘rganish va tahlillar natijasi shuni ko‘rsatdiki, advokatning professional faoliyatiga to‘sqinlik qilishga oid normalarni takomillashtirishni taqozo etadigan ayrim muammolar mavjud. Xususan, advokatning professional faoliyatiga to‘sqinlik qilish huquqbuzarligining dispozitsiyasida belgilangan «advokat so‘roviga axborotni taqdim etmaslik» harakatlari amaliyotda ko‘p uchramoqda.
Bundan tashqari, bu boradagi sud qarorlarining tahlili hamda amaliyotchi advokatlar bilan o‘tkazilgan suhbatlar natijalariga ko‘ra, advokat so‘roviga axborotni nafaqat taqdim etmaslik, balki to‘liq taqdim etmaslik holatlari ko‘paymoqda. Chunki O‘zbekiston Respublikasi qonunchiligida advokat so‘roviga axborotni to‘liq taqdim etmaslik uchun javobgarlik belgilanmagan. Bu advokatlarning jismoniy va yuridik shaxslarga malakali huquqiy yordam ko‘rsatish faoliyatini samarali amalga oshira olmasligiga olib kelmoqda.
MJtK 1971-moddasi dispozitsiyasida advokat so‘roviga axborotni taqdim etmaslik holatlarining yana bir sababi advokat so‘rovi yuborilishi mumkin bo‘lgan sub’ektlar ro‘yxati tor doirada belgilangan. Shu bois, «Advokatura to‘g‘risida»gi qonun 71-moddasining birinchi qismida belgilangan advokat so‘rovini yuborish mumkin bo‘lgan sub’ektlar ro‘yxatini kengaytirgan holda bayon etish zaruriyati mavjud.
MJtKning 283-moddasiga ko‘ra, ushbu kodeksning 1971-moddasida nazarda tutilgan advokatning professional faoliyatiga to‘sqinlik qilingan taqdirda, advokat ma’muriy huquqbuzarlik to‘g‘risida bayonnoma tuzmasdan o‘z arizasida huquqbuzarning shaxsi to‘g‘risidagi ma’lumotlarni, ma’muriy huquqbuzarlik sodir etilgan joyni, vaqtni va bu huquqbuzarlikning mohiyatini, ishni hal etish uchun zarur bo‘lgan boshqa ma’lumotlarni ko‘rsatib, sudga murojaat qilish huquqiga ega.
O‘rganishlar va tahlillar shuni ko‘rsatmoqdaki, jinoyat ishlari bo‘yicha sudlar tomonidan advokatlarning O‘zbekiston Respublikasi MJtKning 1971-moddasida nazarda tutilgan huquqbuzarlik bo‘yicha bergan arizasida huquqbuzarning shaxsi to‘g‘risidagi ma’lumotlar aks etmaganligi sababli ushbu kodeksning 3031-moddasiga asosan ma’muriy huquqbuzarlik to‘g‘risidagi ish materiallarini qaytarish holatlari uchrab turibdi. Shuni alohida qayd etish kerakki, huquqbuzarning shaxsi to‘g‘risidagi ma’lumotlarni har doim ham to‘liq aniqlash va arizada keltirib o‘tishga ular haqida ma’lumotlarni topish bilan bog‘liq qiyinchiliklar sabab imkonsizdir.
Advokatning professional faoliyatiga to‘sqinlik qilganlikka oid huquqbuzarlikni sodir etgan shaxslarga jazo tayinlashda toifalarga, jumladan, fuqaro va mansabdor shaxslarga ajratish kerak.
Bu borada xorijiy mamlakatlar tajribasiga ko‘ra, xususan, Rossiya Federatsiyasi, Qirg‘iz Respublikasi kabi davlatlar qonunchiligida bizning qonunchiligimizdan farqli ravishda, advokat so‘rovi yuborilishi mumkin bo‘lgan sub’ektlar ro‘yxati, advokatning professional faoliyatiga to‘sqinlik qilish huquqbuzarligining dispozitsiyasida boshqacha qoidalar belgilangan.
Rossiya Federatsiyasining «Rossiya Federatsiyasida advokatura va advokatlik faoliyati to‘g‘risida»gi federal qonuni 6.1-moddasida advokat so‘rovi yuborish mumkin bo‘lgan sub’ektlar doirasiga davlat hokimiyati organlari, mahalliy davlat hokimiyati organlari, jamoat birlashmalari va boshqa tashkilotlar kirishi qayd etilgan. Rossiya Federatsiyasining Ma’muriy huquqbuzarliklar to‘g‘risidagi kodeksi 5.39-moddasida fuqaroga, shu jumladan, advokatning so‘roviga ko‘ra advokatga va (yoki) tashkilotga federal qonunlarda nazarda tutilgan ma’lumotlarni taqdim etishni noqonuniy rad etish, uni o‘z vaqtida taqdim etmaslik yoki bila turib yolg‘on ma’lumotlarni taqdim etish uchun javobgarlik nazarda tutilgan.
Tahlil natijalari yuzasidan, advokat so‘rovi instituti hamda advokatning professional faoliyatiga to‘sqinlik qilishga oid normalarni yanada takomillashtirish bo‘yicha quyidagilarni taklif etish mumkin:
birinchidan, «Advokatura to‘g‘risida»gi qonuni 71-moddasi to‘qqizinchi qismida belgilangan «advokat so‘roviga axborotni taqdim etmaslik» jumlasini «advokat so‘roviga axborotni to‘liq taqdim etmaslik» jumlasi bilan almashtirish hamda MJtK 1971-moddasi dispozitsiyasini «advokat so‘roviga axborotni to‘liq taqdim etmaslik» deb bayon etish;
ikkinchidan, O‘zbekiston Respublikasining «Advokatura to‘g‘risida»gi qonuni 71-moddasi birinchi qismida nazarda tutilgan advokat so‘rovi yuborish mumkin bo‘lgan sub’ektlar sifatida mahalliy o‘zini o‘zi boshqarish organi, shuningdek, ularning mansabdor va xizmat xodimlari, mulkchilik shaklidan qat’i nazar, yuridik shaxslar, shu jumladan, yakka tartibdagi tadbirkorlarni belgilash;
uchinchidan, advokatlarning jismoniy va yuridik shaxslarga malakali yuridik yordam ko‘rsatish sifatini yaxshilash va samarali himoya funksiyasini amalga oshirish uchun advokatning professional faoliyatiga to‘sqinlik qilganlik bo‘yicha uning jinoyat ishlari bo‘yicha sudga bergan arizasida huquqbuzarning shaxsi to‘g‘risidagi ma’lumotlarni aks ettirish majburiyatini bekor qilish;
to‘rtinchidan, advokatning professional faoliyatiga to‘sqinlik qilish huquqbuzarligi uchun javobgar shaxslarni ikki turga bo‘lish va ular bo‘yicha mutanosiblik prinsipi asosida tayinlanadigan jazosini sanksiyada alohida belgilash.
Mazkur tartibning joriy etilishi fuqarolarning malakali yuridik yordam olishga bo‘lgan konstitutsiyaviy huquqini to‘laqonli ta’minlash bilan birga advokatlarning malakali yordam ko‘rsatish sifatining sezilarli darajada oshishiga xizmat qiladi.
Alibek MATMURODOV,
Toshkent davlat yuridik universiteti dotsenti,
yuridik fanlar bo‘yicha falsafa doktori.
O‘zA