Advokatlar bilan ochiq muloqot o‘tkazildi
Adliya vaziri sud va huquqni muhofaza qiluvchi organlar rahbarlari ishtirokida advokatlar bilan ochiq muloqot o‘tkazdi.
Videokonferensaloqa shaklida o‘tkazilgan muloqotda 800 nafardan ortiq advokat ishtirok etdi. Advokatlar huquqni muhofaza qilish organlari rahbarlariga o‘z faoliyatidagi muammolar yuzasidan to‘g‘ridan-to‘g‘ri murojaat qildi.
Muloqot ishtirokchilari tomonidan so‘nggi yillarda advokatura sohasini isloh qilish bo‘yicha amalga oshirilgan ishlar, ya’ni advokatlar faoliyatiga davlat aralashuvi kamaygani, odil sudlovni ta’minlashda advokat faoliyati kafolatlari kuchaytirilgani, soliq yuki kamaytirilgani ta’kidlandi.

Litsenziyani tugatish Oliy malaka komissiyasining qaroriga asosan faqat Oliy sud tomonidan amalga oshirilishi, majburiy stajirovka o‘tash muddati qisqartirilganligi alohida qayd etildi.
Shu bilan birga, mamlakatda advokatlar soni kamligi, sohada yosh kadrlarning yetishmasligi, advokatlar xatti-harakatlari ustidan shikoyatlar bir muncha oshganligi ma’lum qilindi va bunday muammolar kelib chiqishi sabablari va uni bartaraf etish rejalari to‘g‘risida fikr almashildi.
Sohani rivojlantirish rejalari sifatida advokatura faoliyatini litsenziyalash, guvohnoma va order olish, davlat hisobidan advokatlarni elektron tanlash, sud-tergov jarayonlari to‘g‘risida advokatlarni xabardor qilishni to‘liq elektron tarzda amalga oshirish, barcha normalarni o‘z ichiga olgan to‘g‘ridan-to‘g‘ri amal qiluvchi “Advokatura va advokatlik faoliyatining kafolatlari to‘g‘risida”gi qonun loyihasi ishlab chiqish bo‘yicha ishlar boshlanganligi ma’lum qilindi.
Muloqotda advokatlar adliya, sud va huquqni muhofaza qiluvchi organlar rahbarlariga ish faoliyati davomida yuzaga kelayotgan muammo va to‘siqlar, ularni bartaraf qilish va sohani yanada rivojlantirishga oid taklif hamda mulohazalarini bildirdi.
Muloqot yakunida sohani yanada takomillashtirish bo‘yicha aniq rejalar belgilab olindi.
Muattar Burhonova, O‘zA