Adolatning porloq yulduziga aylangan uch o‘zbek ayolining hayot yo‘llari, shubhasiz, ulkan ilmiy-amaliy tadqiqotlarga arzigulikdir! Bu borada O‘zbekiston Sudyalar Oliy Kengashi tomonidan tayyorlangan “Uch mashhur o‘zbek ayoli“ kitobini xalqchil va ommabop tadqiqotlar debochasi deyish mumkin.
O‘zbek ayollari ichidan yetishib chiqqan Xadicha Sulaymonova, Mamlakat Vosiqova va Halima Muhiddinovalarning sharafli nomi tarixda oltin harflar bilan yozilib qolganligi bejiz emas. Oddiy oilalarda ulg‘ayib, nisbatan og‘ir sharoitlarda o‘qib-o‘rganib, jamiyatning ilg‘or farzandlari bo‘lib yetishgan ushbu ayollarning har biri qanday qilib o‘z sohasining cho‘qqisiga ko‘tarila olgan edi?
Akademik, Oliy sud raisi, Adliya vaziri! Fan doktori, professor va oilada sharafli ona, suyukli buvi!..
Ularning jamiyatda tutgan o‘rni haqida hali ko‘pdan-ko‘p olqishlar, maroqli hikoyalar tinglaymiz! Juda ko‘p avlodlar “Men akademik Xadicha Sulaymonovaning shogirdiman!”,“ Men yuridik fanlari doktori, professor Mamlakat Vosiqovaning qo‘llarida o‘qiganman!” degan minnatdorona iqrorini eshitamiz. Ular shaxsiy hayotda ham ko‘pchilikka o‘rnak bo‘lishgan.
Ma’lumki, o‘tgan asrning 70-yillarida O‘zbekiston huquq organlari, xususan, sud tizimi ustida “qora bulut“lar kezgan edi. Oliy sud raisi Sa’dulla Po‘latxo‘jayev tergovga tortilgan va uning o‘rinbosarlaridan biri qamoqqa olingan paytda O‘zbekiston Oliy sudi SSSR Bosh prokuraturasining “sinov poligoni“ga aylangan edi.
Sa’dulla Po‘latxo‘jayev izidan Buxoro viloyat sudining raisi G‘afur Orifjonov, Toshkent shahar sudi raisining o‘rinbosari Sobit Dadajonov, Oliy sud sudyasi Dehqonboy Sulaymonov va boshqalar turli muddatlarga ozodlikdan mahrum etiladilar.
Xuddi o‘sha kunlarda O‘zbekiston Oliy sudi raisi Halima Muhiddinovaning hukumat telefoni jiringlaydi va respublika bosh prokurori buyruq ohangida talab qiladi:
– O‘rtoq Muhiddinova, respublika prokuraturasiga tezda yetib keling, Sizni bu yerda SSSR prokuraturasidan mas’ul o‘rtoqlar kutishmoqda!.. Sud protsisual qonun-qoidalarida “Oliy sud raisini tergovga chaqirish tartiblari“ qat’iy aks ettirilmagan, lekin “tergov“ga hurmat masalalari ko‘rsatilgan. Biroq, bu o‘rtada “sudga hurmat“ masalasi ham bor!..
Tabiatan og‘ir va bosiq bo‘lgan Halima Qodirovna o‘sha kunlarda tergov organlari tomonidan oyoq-osti qilinayotgan sud sha’nini baland qo‘yar ekan, qat’iy javob qildi:
– Kechirasiz, men prokuraturani hurmat qilaman, biroq men prokuraturaga kerak bo‘lsam, mening oldimga prokuraturaning o‘zi kelsin!..
Bunday keskin javobdan keyin, SSSR Bosh prokuraturasining O‘zbekistonda bo‘lib turgan mas’ul shaxslari bo‘lmish Zverev va Karakozovlar peshonasi tirishgan darg‘azab holda O‘zbekiston Oliy sudi raisining qabulida zudlik bilan paydo bo‘lishdi...
Vaqti-soati bilan bu otashin tarzda kechgan “olovli suhbat“ savol-javoblariga albatta qaytamiz. Hozircha shuni ilova qilish mumkinki, moskvalik maxsus tergovchilar O‘zbekiston Oliy sudining raisi bilan bo‘lgan dastlabki “so‘roq“dan nariga o‘tishga asos topolmay, chekinishdan o‘zga choralari qolmadi. Ularning ro‘parasida nafaqat o‘zini, balki respublika Oliy sudi sha’nini himoya qilishga shay bo‘lib turgan bilimli, tajribali, eng muhimi, qo‘li toza, pokiza va mag‘rur inson turardi.
Moskvalik alamzada tergovchilar ro‘parasida alloma olimalar – Xadicha Sulaymonova, Mamlakat Vosiqova kabi ustozlar maktabini o‘tagan oqila arbob, mag‘rur o‘zbek ayoli – Oliy sud raisi Halima Muhiddinova turardi.
Sharof Ubaydullayev, jurnalist
/“Nuroniy“/