Adolatli hukmdor va yuksak ma’naviyat egasi
Markaziy Osiyo xalqlari tarixini o‘rganishda Temur va temuriylar davrini mufassal o‘rganmay turib bu mintaqaning tarixiga baho berish mumkin emas.
Zero, Markaziy Osiyo xalqlari tarixida Temur va temuriylar davri mamlakatning siyosiy-ijtimoiy, iqtisodiy va madaniy rivojlanish jarayonida ulkan ijobiy burilishlar davri bo‘lgan.
Tarixga nazar tashlar ekanmiz, Movarounnahr zaminida qanchadan-qancha asrlarga tatigulik voqea va hodisalar bo‘lib o‘tganiga guvoh bo‘lamiz. Ammo mustabid tuzum vaqtida o‘z tariximizga bo‘lgan e’tibor sust edi. Istiqlolga erishganimizdan keyingina tariximizni qayta o‘rganish boshlandi. Sohibqiron Amir Temurning qanday buyuk tarixiy shaxs ekanligi nafaqat bizning olimlar, balki butun dunyo olimlari tomonidan isbotlandi.
Jahon olimlari tomonidan temuriylar sulolasining shajarasi ingliz, fransuz va nemis tillarida nashr qilingan bir paytda, sobiq ittifoq davrida Temur shaxsiga va uning avlodlariga nisbatan “bosqinchi”, “qonxo‘r” va “jallod” kabi iboralar bilan tamg‘a bosilib, xalq nazaridan chetlab kelindi. Holbuki, Sohibqiron haqidagi qo‘lyozma manbalar chuqurroq tahlil qilinsa, uning “bosqinchilik” harbiy yurishlarining tub mohiyati nimadan iborat ekanligi bir qadar oydinlashadi. Zotan, Amir Temur Movarounnahrda yirik markazlashgan davlatni barpo etgach, endilikda butun kuch-g‘ayratini turkiy xalqlarni birlashtirish, ilm-fanni taraqqiy ettirishga qaratgan edi.
Amir Temurga xos bo‘lgan qator fazilatlar ichida ilm ahliga ehtirom va g‘amxo‘rlik alohida ajralib turadi. Mustaqillik yillarida biz ulug‘ bobomizning xotirasiga munosib ehtirom ko‘rsatish imkoniga ega bo‘ldik.
Xalqimiz, ayniqsa millatning kelajagi bo‘lgan yoshlar buyuk ajdodlar tarixini qanchalar ko‘p o‘rgansa, ularning hayoti va faoliyatidan ibrat va saboq olsa, qalbida milliy g‘urur va iftixor tuyg‘ulari jo‘sh urib, elu-yurtga bo‘lgan muhabbati yanada ortadi. Bu ezgu ishlarni amalga oshirishda esa tariximizda o‘tgan ko‘plab buyuk siymolar qatorida Sohibqiron Amir Temur qadriyatini o‘rganish muhim ahamiyatga ega.
Amir Temur davlatida boshqa davrlardan farqli o‘laroq barcha tabaqalarning haq-huquqlari va manfaatlari inobatga olinib, ularning hayoti uchun zarur ijtimoiy zamin yaratilgan. Har bir toifa, ya’ni u xoh olim, xoh naqqosh, xoh shoir bo‘lsin, ularning haq-huquqlari, burch va majburiyatlari o‘ziga xos qonun bilan kafolatlab qo‘yilgan. Ular saltanat g‘aznasidan moddiy rag‘batlantirib turilgan.
Demak, Amir Temur davlati, xususan poytaxti Samarqandda ijodkor insonlar yashashi va ijod qilishi uchun barcha moddiy-maishiy sharoit yaratilgan ediki, jahonning turli joylaridan olimu fuzalolar, muhandislar va hunarmandlar bu yerga oqib kela boshlagan.
Sohibqiron davlat va jamiyat boshqaruvidagi faoliyatini ilm ahlining ma’naviy ko‘magiga tayangan holda olib borgan. U olimu ulamolarga yuksak ishonch bildirib, qudratli davlat barpo etishda ularning beqiyos o‘rni borligini alohida ta’kidlab o‘tgan. Amir Temur qaysi mamlakatni fath etsa, shu yerlik ijodkor ahlini izlab toptirib, ularni ham moddiy, ham ma’naviy tomondan qo‘llab-quvvatlagan.
Biz yashagan zamin Amir Temur davrida ham, bugungi kunda ham ko‘pchilikning havasini keltirayotgani rost. Eng asosiysi, raiyat deb atalmish xalq rozi bo‘lgan. Shuning uchun ham Amir Temur hukmronligi davrida xalq tinch, osoyishta va farovon turmush kechirgan.
Xulosa qilib aytganda, Sohibqiron Amir Temur milliy davlatchiligimiz tarixida nafaqat yetti iqlim sultoni sifatida, balki yurt obodonchiligi va xalq farovonligi yo‘lida bor kuch-g‘ayratini safarbar etgan buyuk davlat arbobi sifatida qoladi.
Marhabo ISMOILOVA,
Sergeli tumanidagi 68-umumta’lim maktabi tarix fani o‘qituvchisi.