“Adolat”da yoshlar uchun “Ochiq eshiklar kuni”
30 iyun – Yoshlar kuni munosabati bilan “Adolat” sotsial-demokratik partiyasi Farg‘ona viloyat Kengashi tomonidan “Ochiq eshiklar kuni” o‘tkazildi.
Unda viloyatning shahar va tumanlaridagi umumta’lim maktablari o‘quvchi-yoshlari, oliygoh talabalari ishtirok etdi.
Yoshlar avvalo, siyosiy partiya faoliyati bilan yaqindan tanishdi. Aynan “Adolat” SDPning davlat va jamiyat rivojidagi o‘rni, saylovoldi dasturida ko‘zda tutilgan taklif va tashabbuslari, deputatlar faoliyati xususida partiya viloyat Kengashi raisi vazifasini bajaruvchisi Adhamjon Umarov tushuncha berdi. Shuningdek, O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasiga o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritish jarayonida o‘z takliflari bilan partiya faollari, deputatlar faol ishtirok etayotganligi bildirildi.
[gallery-7694]
– Siyosiy partiyalar faoliyati haqida ko‘p ma’lumotga ega emas edim, - deydi Farg‘ona tumanidagi 40-umumta’lim maktabi o‘quvchisi Nozima Shavkatjonova. – bugungi tadbir menga juda yoqdi. Ko‘p ma’lumotlarga ega bo‘ldim, bilimlarim yanada boyidi. Albatta, yoshlar siyosiy partiyalar faoliyati haqida bilishi, ularning maqsad va vazifalarini to‘g‘ri tushunmog‘i kerak. Siyosiy savodxonligimizni muntazam oshirib borsak, kelgusida o‘z huquqimizdan to‘g‘ri foydalana olamiz.
Ishtirokchilar tadbir davomida partiyaning ishlash tartibi, loyihalari, yoshlarning qiziqishiga qarab ularni siyosiy faolligini oshirish, iqtidor sohiblarini qo‘llab-quvvatlash, rag‘batlantirish singari amaliy jarayonlar xususida o‘zlarini qiziqtirgan savollariga javob oldi.
Muqimjon QODIROV, O‘zA