“Adolat”chilar takroriy qoidabuzarlarni haydovchilikdan vaqtincha mahrum qilishni ilgari surmoqda
“Adolat” partiyasi fraksiyasi a’zolari qonunchilikka tegishli o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritish bo‘yicha qonun loyihasi ustida ish olib bormoqda.
Unga ko‘ra, mast holda sodir etilgan va inson o‘limiga sabab bo‘lgan yo‘l harakati qoidabuzarliklari uchun jazoni keskin kuchaytirish, qoidabuzarliklarni qayta-qayta sodir etgan haydovchilarni transport vositasini boshqarish huquqidan bir necha yilga mahrum qilish tizimini joriy etish kabilar nazarda tutilmoqda.
Bu haqda fraksiya a’zosi Zuhriddin Mavlonov ma’lum qildi va bu borada o‘z munosabatini bildirgan:
“Toshkent ko‘chalarida “Gelik” rusumli avtomobilni 222 km/soat tezlikda boshqargan shaxslarga nisbatan 15 sutkalik qamoq jazosi tayinlangani, 17 yoshli o‘smirning tezligi xizmat vazifasini bajarayotgan YPX xodimining hayotiga nuqta qo‘yganligi, voyaga yetmagan farzandiga rulni topshirib, uning taqdiriga befarq bo‘lgan ota 5 sutkaga qamalgani haqidagi xabarlar jamoatchilikda katta muhokamalarga sabab bo‘lmoqda.

Birgina 2025-yil davomida respublikamizda 24 millionga yaqin qoidabuzarlik qayd etilgan ekan. Afsuski, so‘nggi 3 yilda yo‘l-transport hodisalari tufayli 5 ming 556 nafar inson hayotdan ko‘z yumgan.
Bu oddiy raqamlar emas, bu - chirog‘i o‘chgan xonadonlar, yetim qolgan bolalar va farzand dog‘ida kuygan ota-onalardir.
Anglash mumkinki, jarima bilan cheklanadigan tizim o‘zini yetarli darajada oqlamayapti. Boyligiga ishonib, jarimani “kunlik xarajat” deb, qonunni mensimaydiganlar uchun tizim tubdan o‘zgarishi, jarimani to‘lab qo‘yib yana yo‘lda xavf tug‘dirayotgan bunday “avtoterrorist”larni avtomashina boshqaruvidan cheklashimiz zarur.
Shu nuqtai nazardan “Adolat” partiyasi fraksiya a’zolari qonunchilikka o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritish bo‘yicha qonun loyihasi ustida ishlar olib bormoqda. Ushbu qonun loyihasida
- mast holda sodir etilgan va inson o‘limiga sabab bo‘lgan yo‘l harakati qoidabuzarliklari uchun jazoni keskin kuchaytirish;
- 18 yoshga to‘lmagan shaxsga transport vositasini boshqarishni topshirgan shaxslar uchun ta’sirchan va muqarrar jazo choralarini qo‘llash;
- belgilangan tezlikni oshirish, yo‘l bezoriligi va qizil chiroqdan o‘tish kabi qoidabuzarliklarni qayta-qayta sodir etgan haydovchilarni transport vositasini boshqarish huquqidan bir necha yilga mahrum qilish tizimini joriy etish;
- takroran mast holda transport vositasini boshqarganlik uchun haydovchilik huquqidan mahrum qilish muddatini 5 yilgacha uzaytirish masalasi ham ko‘rib chiqilmoqda.
Yo‘l - musobaqa maydoni emas, inson hayoti daxldor bo‘lgan jamoat makonidir. Bizning maqsadimiz - jazoning muqarrarligi orqali har bir fuqarolarning hayotini asrab qolish. Qonun hamma uchun barobar!” deyiladi deputatning munosabatida.
M.Komilova, O‘zA