O‘zbekiston xalq artisti Botir Zokirov haykali ochilishi o‘ziga xos san’at va madaniyat bayramiga aylandi
HECH BIR TASHABBUS BEJIZ EMAS
Inson — fikrat olami, shuningdek, xayolot va xotiralar, shirin sog‘inchlar iskanjasida yashaydigan xilqatdir. Shu o‘rinda umummillat o‘ylari, mushtarak sog‘inchlar haqida so‘z yuritmoqchimiz. Ulardan biri — adolat sog‘inchi bo‘lsa, boshqasi — qadim zamin ohanglari bilan qalbimizga, qon-qonimizga singib ketgan vujudiy hissiyot birligi.
Ba’zan ko‘p ishlarni shunchaki jo‘n qabul qilamiz. Go‘yo o‘zi shunday bo‘lishi kerakdek. Aslida esa boshqacha — bu dunyoda hech bir harakat o‘z-o‘zidan sodir etilmaydi. Har bir ishda, har bir tashabbusda hikmat bor, unda fikriy qudrat mujassamlashgan bo‘ladi.

Bir maqolamizda bugungi siyosiy diplomatiya allaqachon yangi o‘zanini topgani, bu yo‘l “kuch diplomatiyasi”ga asoslangani bilan g‘oyat tahlikali va xatarli bo‘lib qolayotgani haqida yozgan edik. Bunday deyishimizga Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyevning Respublika Ma’naviyat va ma’rifat kengashining 2023 yil 22 dekabr kuni bo‘lib o‘tgan kengaytirilgan yig‘ilishida “Bugun jahon miqyosida taraqqiyot sur’atlari misli ko‘rilmagan darajada shiddatli tus olmoqda. Ayni vaqtda azaliy qadriyatlar, ijtimoiy-siyosiy qarashlar tizimida chuqur transformatsiya jarayonlari yuz bermoqda. Ilgari o‘z maqsad va manfaatlarini, asosan, diplomatiya va siyosat bilan himoya qilib kelgan dunyodagi qudratli markazlar endi ochiqchasiga bosim o‘tkazish, qarama-qarshilik va to‘qnashuvlar yo‘liga o‘tganiga hammamiz guvohmiz”, degan g‘oyat dolzarb mushohadalari sabab bo‘lgan edi.
Shunday tahlikali sharoitda millatlar, davlatlar qanday yo‘l tutmog‘i kerak? O‘zlikni asrash, milliy davlatchilik an’analarini zamonaviy tendensiyalar asosida takomillashtirish, o‘zaro bog‘liqlikda taraqqiy etish, do‘stlik saltanatini tuzishda qay yo‘lni tanlamoq zarur, degan savollar bir necha yillardan buyon yondaftarchamizdan o‘chmayapti — biri to‘lsa, ikkinchisiga yozilyapti.
Har bir tashabbusda hikmat borligi, undagi fikriy qudrat mujassamlashuvi haqida bejiz aytmadik. Gap shundaki, yangi O‘zbekistondagi islohotlar, davlatimiz rahbarining dunyo minbarlaridagi bashariyat hayotiga daxldor fikrlari, tashabbuslari, chorlovlari mazmunida yuqoridagi savollarga javob bor, aslida.
Toshkentda milliy estrada san’atimiz asoschisi, O‘zbekiston xalq artisti Botir Zokirov haykali ochilishi ham butun xalqimizni, ta’bir joiz bo‘lsa, uning sohir ovozidan hayratga tushgan dunyo ahlini ma’naviy birdamlikka chorlov mujdasidir.
Bu aslo mubolag‘a emas. Boisi, bugun dunyoni axborot kuchi egallab oldi, shu kuch boshqaruv qudrati kasb etmoqda. Shunday ekan, oldimizda axborot tizginini tutish, uni ezgu maqsadlar sari ruhlantirish, milliy kontentni yaratish vazifasi turadi.
Balki kimdir aytar: Botir Zokirov va u yaratib ketgan san’at bizga o‘tgan asrdan boqib turgan bo‘lsa, hozirgi axborot tizgini bunda-yu, o‘zbek estradasi asoschisi qayda?
Javobimiz budir: Botir Zokirovning qo‘shiqlarida, she’rlarida, hikoyalarida, xotira bitiklarida, chizgan suratlarida hech eskirmas, hech tinmas axborot bor.
Mana ulardan biri: “Ertalabdan xushxabarlar: rentgen yaxshi, ukollar boshqa qilinmaydi. Har qalay va’da berishdi-ku! Sayr qilish mumkin. Toza havoda. Faqat qirq minut. O, ba’zan nimadan oziqlanayotganimizni unutib qo‘yamiz. Axir bahorning iliq, salqin tabiiy havosini xonadagi kislorodga almashtirish mumkinmi? Nafas olish qanday baxt!..”.
Ezgu niyatli, shukronalik hissi bilan yashayotgan insonlar aytadigan gap, shunday emasmi?!
Bugun biz o‘zimizni xursand qilish haqida o‘ylaymiz. Chiroyli, ozoda kiyingimiz, oilamiz, do‘stlar bilan tansiq taomlar yegimiz, dunyoni sayr etgimiz, tog‘u dashtlarda dam olgimiz keladi. Ammo hamma joyda ham shunday emas. Urush qutqusi kezib yurgan mamlakatlar, ellar, elatlar qancha? Ular joni omon bo‘lishi haqida qayg‘uradi, o‘zi, farzandlari qorni to‘ygan kuniga shukrona aytadi.
Ma’lumimiz bo‘lishicha, Botir Zokirovning ilk qo‘shig‘i Vatanga muhabbat haqida edi. Shundan kelib chiqib, hech bir tashabbusning bejiz emasligi, axborot siyosati boshqarayotgan dunyodagi hamjihatlik ruhi haqidagi fikrlarimizga dastlabki xulosani bersak:
— Botir Zokirov san’atining o‘lmas axborot manbai — Vatanga mehr qo‘yish, har ishda sadoqatli va fidoyi bo‘lish, insonlarga mehr-muhabbat ulashish, bu dunyoda shukronalik bilan yashab o‘tish. Demak, buyuk ajdodimizning kuni kecha Toshkentda ochilgan haykali mana shu adolatning tiklanishi zamiridagi bor hayot haqiqatlarini so‘zlab turadi
IJODIY FENOMEN VA RAMZLAR
— Bu haykal Botir Zokirov xotirasiga o‘rnatilgan ramziy bir timsoldir. Ayni paytda Yangi O‘zbekistonda madaniyat va san’atni ravnaq toptirish yo‘lida olib borayotgan barcha islohotlarimiz va ularning amaliy natijalari bu ulug‘ ijodkorga eng munosib yodgorlik bo‘ladi, — dedi davlatimiz rahbari.
Maqolamiz avvalida adolat sog‘inchi haqida aytdik. Insoniyat va milliy davlatchiliklar tarixida adolat sog‘inchi jamiyat orzusiga aylangan davrlar ko‘p bo‘lgan. Jumladan, bizda ham.
Keyingi yillarda xalqimizning shu sog‘inchlari, orzulari ushalmoqda. Tarixiy adolat tiklanib, ulug‘ ajdodlarimizning pok ruhiga hurmat-ehtirom ko‘rsatila boshlandi. Ularning boy ilmiy, ma’naviy-ma’rifiy merosini tiklash va o‘rganishga bel bog‘ladik. Ota-bobolarimiz zakosi qanchalar buyukligini anglay boshlayapmiz. Bu — Uyg‘onish ramzi.
Prezidentimiz aytgan Botir Zokirov xotirasiga o‘rnatilgan haykalning ramziy timsoliga keladigan bo‘lsak, yanada xayrli bir holni anglaymiz. Bu haqda gapirishdan oldan Botir Zokirov fenomeniga to‘xtalish kerak bo‘ladi.
U Navoiyni ko‘p o‘qir edi. Navoiy dahosiga hurmati cheksiz bo‘lgan. “Layli va Majnun” dostonidan aytgan “Majnun” monologini bir eslang. Yoki boshqa qo‘shiqlarini, hech bo‘lmasa, shifoxonada yozgan mana bu xotirasini o‘qing: “Kuni bo‘yi Eduardas Mejelaytisning “Inson” kitobini o‘qidim. Kitob yaxshi bezalgan. Krasauskasning gravyuralari tabiiy. Poemadagi ko‘p fikrlar mening dardlarimga hamohang. O‘zim ochgan dunyoni “ko‘rib”, o‘zim uyalib ketdim, Mejelaytis menga ruh bag‘ishladi. Nega endi o‘zimdan o‘zim uyalishim kerak?..”.
Bundan kelib chiqib aytish mumkinki, Botir Zokirov tafakkuri keng, o‘z milliy dunyosiga ega shaxs bo‘lgan. Shu bois, bugun Prezidentimiz bu buyuk inson xotirasiga alohida hurmat-ehtirom ko‘rsatmoqda, uning boy va o‘lmas ma’naviy merosini tiklashga kirishildi.
Botir Zokirov vafotidan rosa 35 yil o‘tib, tarixiy adolat tiklandi. Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyevning 2020 yil 2 dekabrdagi qarori bilan 2021 yilda Botir Zokirovning 85 yillik tavallud ayyomi keng nishonlandi. Ulug‘ hofiz nomidagi milliy mukofot ta’sis etildi. U haqda ilmiy va badiiy asarlar, hujjatli film va spektakllar yaratildi. Bu yil esa Botir Zokirovning xotira kechasi mamlakatimiz jamoatchiligi hamda xorijiy davlatlardan tashrif buyurgan atoqli san’atkorlar ishtirokida katta shodiyona sifatida o‘tkazildi.
Botir Zokirov tahsil olgan O‘zbekiston davlat konservatoriyasi joylashgan ko‘chaga u kishining tabarruk nomi berildi. Ushbu konservatoriya huzurida Botir Zokirov nomidagi milliy estrada san’ati instituti barpo etildi.
Albatta, bu xayrli ishlardan xalqimiz yaxshi xabardor. Biz qayta aytayotganimiz boisi esa ular zamiridagi hayotiy hikmatlarni bir nuqtaga jamlash, xolos. Ya’nikim, keyingi yillarda buyuk ajdodlarimiz xotirasi qalblarimizga muhrlanmoqda. Qahramon arboblarimiz, olimu ulamolarimiz bilan bog‘liq tarixiy haqiqatlar ko‘z ochmoqda. Buning zamiridagi hayotiy maqsadni har birimiz, ayniqsa, yoshlarimiz teran anglab yetishi kerak.
Gap shundaki, bu kabi sa’y-harakatlardan maqsad fozil ajdodlarimiz hayotini yoshlarga ibrat qilib ko‘rsatish, pirovardida biz intilayotgan Uchinchi Renessans poydevorini yaratishdir. Bu — Uyg‘oqlik ramzi.
Shu o‘rinda Prezidentimizning yuqorida keltirilgan mana bu gapiga yana bir bor e’tibor qaratmoqchimiz: “Ayni paytda Yangi O‘zbekistonda madaniyat va san’atni ravnaq toptirish yo‘lida olib borayotgan barcha islohotlarimiz va ularning amaliy natijalari bu ulug‘ ijodkorga eng munosib yodgorlik bo‘ladi”. Demak, biz, avvalo, shu maqsadlar uchun munosiblik yo‘lidan borishimiz kerak. Toki bu — Quvvat ramzi sifatida tarixda qolsin.
ARBOB VA JADID EDI
Arbobligi shundaki, Botir Zokirov o‘zbek estrada san’atiga asos soldi, kuy va qo‘shiqlarini akademik mahorat bilan kuyladi. Shu tariqa maqom va xalq og‘zaki ijodini yangi o‘zanga burdi — o‘z zamondoshlari qalbiga singdirib ketdi.
Darvoqe, Botir Zokirovni xotirlaganda maqom va folklor quvvati haqida ham aytmasak bo‘lmaydi. Bunga sal keyinroq to‘xtalamiz.
Botir Zokirovni jadid bobolarimiz safiga qo‘shish uchun ham haqlimiz. Uning millat kelajagi uchun qayg‘urib aytgan mana bu fikrini bir eslaylik: “O‘zimiz o‘zligimiz ildizini qirqsak, madaniyat va san’atimizni oyoqosti qilsak, g‘ururimizni bema’nilarcha toptasak, iste’dod boshida byurokratlarcha qilich yalang‘ochlab tursak, qachon xalq bo‘lamiz? Qachon qad rostlaymiz? Qachon?..».
Bugun ma’naviy taraqqiyot haqida ko‘p gapiryapmiz. Siyosiy tutumlarning o‘zgarayotgani, tahlika ummonida yashamoq shartlari haqida o‘ylayapmiz, qayg‘uryapmiz. Shunday bir davrda har birimiz o‘zimiz[1]ni qayta-qayta so‘roqqa tutmog‘imiz talabi paydo bo‘laveradi: qachon xalq bo‘lamiz, qachon qad rostlaymiz? Bu hech unutib bo‘lmas, o‘zimizni har doim, har on taftish qilmoq uchun eng to‘g‘ri yo‘ldir.
Bizga qismat yo‘li — sinovdir. Ne tongki, oldimizda katta sinovlar bor.
Xalqimiz bugun va ertaga ham yaxshi yashashi yo‘lidagi katta zahmat cheki bizning gardanimizga tushib turibdi. Shunday ekan, bu yo‘lda Botir Zokirovning jadidona ruhda aytgan ushbu da’vati zamiridagi haqiqat yo‘li har doim bizga yo‘ldosh bo‘lishi kerak.
XALQIMIZ NEGA UNI SEVIB YASHAMOQDA?
Botir Zokirovda majnunlik orzusi bo‘lgani haqida bilamiz. Bir so‘z bilan aytganda, uning nomi — Botir, qalbi — Majnun edi.
Har ikkisida ham taqdir bitiklari yozilgan bu insonning botirligi, avvalo, san’at yo‘lidagi qahramonligida aks etadi.
Ha, biz Botir Zokirovni milliy san’atimizni dunyoga tanitgan chinakam qahramon, deb aytgimiz keladi. U san’at uchun hayotini bag‘ishladi. O‘zini, sog‘lig‘ini o‘ylamadi, umrining so‘nggi nafasigacha kuyladi, baralla kuyladi. Dunyo san’at saroylarini zabt etdi, insonlar qalbi uning ovozi bilan junbishga keldi.
“Sharq tarixini o‘qiyapman. Juda ko‘p narsalarni bilmasligim ayon bo‘ldi. O‘z tariximizni g‘ururlanib, faxrlanib o‘qib-o‘rganishni boshladim. Qancha-qancha ochilmagan tengsiz xazinalar. O‘z madaniyatimizni hali juda yuksaklarga ko‘tarishimiz kerak. Albatta, ko‘tarish kerak! Qanday qilib? Hamma gap shunda.
Yana ko‘p narsalar haqida fikr-mulohazalar yuritishga hali imkoniyatim bor. Bir narsani angladim. Shu paytgacha olgan bilimlarim hech narsaga arzimas ekan. Hammasini imkon qadar qaytadan boshlash kerak”, deya yashadi, shunga intildi va umri yetgunicha uddaladi.
Yuqorida umummillat o‘ylari, mushtarak sog‘inchlarni tilga olib, vujudiy hissiyot birligi haqida so‘z ochganimiz tasodif emas edi. Zero, bizning boy ma’naviy merosimiz bir butun vujud kasb etadi.
Gapimiz isboti sifatida maqom va baxshichilik san’atini olaylik. Maqomni ham, baxshi aytimlarini ham qalbi pok va niyati ezgu inson eshitadi. Nega shunday, deysizmi?
Xalqimiz azal-azaldan samimiylik, tabiiylikni sevib yashagan. Jaydarilik, to‘g‘riso‘zlik bizga otameros. Bu tug‘ma mohiyat hosilasi sifatida xalq og‘zaki ijodi — dostonlar, kuy-qo‘shiqlar, maqom san’ati yaralgan. Shu-shu maqomu dostonlar bizning vujudimizga aylangan.
Unutilmas Botir Zokirovda ana shu ohang falsafasi, o‘zligimizning o‘lmas[1]boroti bor edi. Mana shu o‘zlik kuyi uzoq yillardan buyon “changlanib” kelmoqda. Bugun ham bu qutlug‘ an’ana bardavomligi bizning boyligimiz, borlig‘imizdir. Shu bois, xalqimiz Botir Zokirovni sevib eshitadi, eshitaveradi.
Darvoqe, u kishining majnunligi haqida. Majnunligi hayotga muhabbat, insonlarda samimiylik va hamjihatlik mehrini, vatanparvarlik hissini singdirib ketdi. Majnunligi bilan xalqimiz orzularini kuylab o‘tdi.
Hozir shular haqida o‘ylar ekanmiz, bizning qanday buyuk tariximiz borligi, qanday ulug‘ ajdodlarimiz yashab o‘tgani va ularning dunyoni uyg‘otuvchi boy ilmiyma’naviy merosi davomchilari ekanimizni o‘ylab, qalbimiz faxrga to‘lishi shubhasiz.
BUYUKLIK TAFTI
Poytaxtimizda Botir Zokirov haykali ochilishi marosimi o‘ziga xos yaxlit kompozitsiya kasb etdi. Prezidentimiz O‘zbekiston davlat konservatoriyasi huzuridagi Botir Zokirov nomidagi Milliy estrada san’ati instituti faoliyati, Kinochilar saroyidagi O‘zbekiston kino san’ati muzeyi hamda “Tirik tarix” loyihasi taqdimoti bilan tanishdi. O‘qituvchi va talabalar, rejissyor va aktyorlar, kinoshunoslar, soha mutasaddilari bilan suhbatlashdi.
Jumladan, Botir Zokirov nomidagi Milliy estrada san’ati institutidagi muloqot chog‘ida yoshlarga qarata “Avvalo, mana shunday dargoh bilan sizlarni, butun san’atsevar yoshlarimizni tabriklayman. Biz bu ishlarni nima uchun qilyapmiz? San’atimizning buyuk merosini, yoshlarimizning nimalarga qodirligini dunyoga tarannum etish uchun. Institutga milliy san’atimizda fenomen bo‘lgan Botir Zokirov nomini berganimiz ham bejiz emas. Bu yerda uning munosib izdoshlarini tarbiyalashni, iste’dodini yuzaga chiqarishni maqsad qilganmiz”, dedi davlatimiz rahbari.
Darhaqiqat, Botir Zokirov fenomeni barchamizga, yoshlarimizga ibrat namunasidir. Unga munosib izdoshlarni tarbiyalash maqsadimiz zamirida ham juda katta marralar borligini har birimiz, ayniqsa, yoshlarimiz chuqur tahlil qilib, bu haqiqatni ongiga singdirib olish fursati kelgan.
Biz Uchinchi Renessans yo‘lidamiz. Uning bunyodkorlari esa, hech shubhasiz, bugungi yoshlarimiz bo‘ladi. Shu bois, ularga katta yo‘llar ochilmoqda, barcha zarur sharoitlar yaratilmoqda.
Maqom va baxshichilik san’atimizni poklik, samimiylik va ko‘ngil obodligiga mengzadik. Uning o‘qildizlari vujudimizda tobora mustahkamlanishi yo‘lida yana bir mulohaza.
Botir Zokirov ijodi, uning hayot yo‘li, matonati, sabru bardoshi, jasorati, xullas, biz hali bilgan-bilmagan ma’naviy chizgilari har birimiz uchun katta hayot maktabi bo‘lishi kerak. Chunki har bir millatning, har bir davrning o‘z qahramonlari, fenomenlari bo‘ladi. Ular millatni millat, elni el sifatida tanituvchi BAXT sanaladi. Botir Zokirov ham ana shunday shaxslardan biri edi.
O‘sha baxt bizni tark etgan emas. Aksincha, bugun tobora cho‘g‘lanmoqda, shukuhlanmoqda. Kelajakda buyuklik taftini taratgusidir.
Salim DONIYOROV