“Adolat” SDP Toshkent shahar Kengashining yangilanish strategiyasi
Bugungi kunda Toshkent shahri nafaqat mamlakatimizning ma’muriy markazi, balki shiddatli islohotlarning chinakam lokomotividir. Poytaxtdagi yuqori siyosiy raqobat muhitida “Adolat” sotsial-demokratik partiyasining o‘rnini mustahkamlash va xalq manfaatlarini himoya qilishda yetakchi kuch sifatida namoyon bo‘lish bugun har qachongidan ham muhim ahamiyat kasb etmoqda.
Jumladan, “Adolat” SDP Toshkent shahar Kengashining 2026-yil birinchi choragidagi faoliyati sarhisobiga nazar tashlar ekanmiz, erishilgan yutuqlar bilan birga, faoliyatimizdagi yangi imkoniyatlar va yechilishi lozim bo‘lgan strategik vazifalarni anglab yetamiz.
Tahlillar shuni ko‘rsatadiki, Toshkent shahri bo‘ylab partiyamizning ijtimoiy-siyosiy ta’siri kengaymoqda. Saylovoldi dasturimizdagi “Teng imkoniyatlar va adolatli jamiyat sari” tamoyillari fuqarolarimizning ehtiyojlariga hamohang kelayotgani a’zolarimiz sonining muntazam oshib borishida o‘z aksini topmoqda. Dastlabki uch oy ichida safimiz minglab yangi, g‘ayratli safdoshlar bilan boyigani, shubhasiz, partiyaga bo‘lgan institutsional ishonchning yorqin ifodasidir.

Bugungi kunda Boshlang‘ich partiya tashkilotlari (BPT) soni 46 foizga ortib, 476 taga yetdi. Bu har bir yirik korxona va mahallada “Adolat”ning ovozi, o‘z vakili borligini anglatadi. Shuningdek, partiyaning “Muammo bilan yuzma-yuz” loyihasi doirasida amalga oshirilgan 2 mingtadan ortiq xonadon muloqotlari va yuzlab mahalla uchrashuvlari saylovchilar bilan to‘g‘ridan-to‘g‘ri ko‘prik vazifasini o‘tamoqda.
Ayniqsa, “Bir adolatchi – yuz ayolga himoyachi”, “Yoshlar salomatligi” hamda “Biz korrupsiyaga qarshimiz” kabi loyihalar shunchaki tadbir emas, balki aholining hayotiy muammolariga yechim izlovchi amaliy harakatga aylandi. Bu loyihalar orqali biz nafaqat partiya a’zolarini, balki jamiyatning eng faol qatlamini birlashtirishga erishdik.
Shuni unutmaslik kerakki, bu raqamlar shunchaki statistika emas, balki aholining bizga bildirgan ulkan ishonchi demakdir. Erishilgan ijobiy natijalarning haqiqiy qadri ular ortida turgan mas’uliyatda namoyon bo‘ladi. Shu bois, partiya faoliyatini faqat hisobotlar emas, balki insonlarning hayotidagi ijobiy o‘zgarishlar bilan o‘lchash davri keldi.
Tan olib aytish kerak, hozirgi kunda ayrim tuman Kengashlarimiz faoliyatida murojaatlarni o‘rganishda tizimlilikni kuchaytirish talab etiladi. Xususan, Bektemir, Chilonzor, Yunusobod, Yakkasaroy, Yangihayot va Yashnobod tumanlarida kelib tushgan murojaatlarni tegishli tartibda hal etish jarayonida deputatlik nazoratini yanada faollashtirish zarur.

Biz muammolarni faqat tegishli idoralarga yo‘naltiruvchi emas, balki ularning yechimiga bevosita mas’ul bo‘lgan, qonuniy talab qo‘ya oladigan siyosiy kuch sifatida maydonda bo‘lishimiz shart. Murojaatni “ijroga qaratildi” deb belgilash oson, ammo natijaga erishish mahorat va qat’iyat talab etadi. Deputatlik nazorati muammo ijobiy yechimini topmaguncha to‘xtamasligi kerak. Aks holda, “pochtachilik” metodiga asoslangan faoliyat partiyaning obro‘yiga emas, balki fuqarolarning bizga bo‘lgan ishonchiga soya soladi.
Birgina raqamlarga murojaat qilsak, deputatlik so‘rovlari va sessiyalardagi faollik darajasi hali erishishimiz kerak bo‘lgan marralarga yetib borganicha yo‘q. Toshkent shahridagi 56 nafar deputatimizning 1-chorak davomida atigi 11 ta deputatlik so‘rovi chiqargani bu siyosiy faollikning pastligidan dalolat. Sergeli, Shayxontohur va Mirzo Ulug‘bek tumanlaridagi deputatlik korpusi o‘z faoliyatini “uchrashuv o‘tkazildi” kabi umumiy qaydlar bilan emas, balki aniq yechimlar va tashabbuslar bilan boyitishi lozim.
Xususan, Bektemir tumanida 60 ming aholi bo‘la turib, tumandagi deputatlik guruhimiz tomonidan 3 oyda atigi 2-3 ta so‘rov chiqarilgani vaziyatning naqadar jiddiyligini ko‘rsatadi. Axir deputat bu xalqning quroli. Konstitutsiya va qonunlarimizda ham unga berilgan vakolatlar orqali mahalliy ijro hokimiyati ustidan nazorat o‘rnatish, byudjet taqsimotida adolatni ta’minlash imkonini beradi.
Ayni paytda poytaxtimizda noqonuniy va sifatsiz qurilishlar, dorixonalardagi narxlar tafovuti, maktabgacha ta’lim muassasalaridagi o‘rinlar yetishmovchiligi kabi dolzarb masalalar mavjud. Yunusobod va Yakkasaroy tumanlaridagi zich qurilishlar oqibatini elektr, gaz va suv ta’minoti ko‘tara olmayapti. Bu kabi muammolarni sessiya kun tartibiga olib chiqish, har bir yangi loyihani infratuzilmaviy ekspertizadan o‘tkazishni talab qilish bu har bir deputatning nafaqat vazifasi, balki burchidir.
Partiyaning dasturiy maqsadlari — yoshlar ta’limi, tibbiyotdagi sifat va ijtimoiy adolatni ta’minlash. Biroq, o‘tgan chorakda bu masalalarda deputatlarimizning ovozi yetarlicha eshitilmadi. Bu holatni tubdan o‘zgartirish zarur. Biz poytaxtning markaziy ko‘chalaridagi obodonchilik bilan cheklanib qolmay, chekka mahallalardagi yo‘llar, yoritish tizimlari va ijtimoiy muhitni o‘zgartirishga ustuvorlik berishimiz kerak.
Bugungi kunning tanqidiy tahlillari bizni olg‘a intilishga, yangi marralarni zabt etishga chorlovchi omil. Xususan, kelgusi faoliyatimizda deputatlar endilikda faqat sessiyalarda emas, balki ijtimoiy tarmoqlar orqali o‘z okrugidagi dolzarb muammolarning yechimi bo‘yicha har kunlik hisobot berib borishi, ya’ni “raqamli deputat” imijini shakllantirishi lozim. Bunday yondashuv aholining deputatlarga bo‘lgan ishonchini oshirish bilan birga, partiyani jamiyatdagi eng shaffof va ochiq siyosiy kuch sifatidagi o‘rnini mustahkamlaydi.
Shuningdek, partiyaning institutsional qudratini oshirish maqsadida “Mahalla – partiya tayanchi” tamoyilini amaliy hayotga tatbiq etib boramiz. Bunda boshlang‘ich partiya tashkilotlari (BPT) sonini sun’iy ko‘paytirish bilan cheklanmay, ularni mahalladagi ijtimoiy muammolarni mustaqil tahlil qila oladigan va ularga mahalliy darajada yechim topa oladigan “aqlli markazlar”ga aylantirish kerak.
Shu bilan birga, deputatlar uchun maxsus “Siyosiy mahorat va nazorat maktabi”ni yo‘lga qo‘yish, ularni byudjet mablag‘larining maqsadli ishlatilishi bo‘yicha chuqur ekspertiza o‘tkazishga o‘rgatish orqali, tuman Kengashlarida partiya deputatlik guruhlarining shunchaki rasmiyatchilik emas, balki mamlakat taraqqiyotiga real ta’sir o‘tkaza oladigan nufuzli kuch ekanini ko‘rsatadi.
Xulosa qilib aytganda, 2026-yilning birinchi choragi “Adolat” SDP Toshkent shahar Kengashi uchun muhim saboqlar va yangi imkoniyatlar davri bo‘ldi. Erishilgan raqamlar, safimizning kengayishi va mahallalardagi faollik bu faqat boshlanishi. Biroq, fuqarolarning bizga bildirgan yuksak ishonchi faqat hisobotlardagi chiroyli raqamlarni emas, balki ularning kundalik hayotidagi aniq o‘zgarishlarni talab qiladi.
Shu bois, endilikda biz “kuzatuvchi” yoki “vositachi” emas, balki muammolarning yechimiga bevosita javobgar bo‘lgan, qat’iy va murosasiz siyosiy kuch sifatida harakat qilishimiz, har bir deputatlik so‘rovini natija bilan yakunlashimiz kerak.
Kelgusi faoliyatimizda har bir xalq vakili o‘z saylov okrugining haqiqiy himoyachisiga, har bir tuman Kengashi esa mahalliy muammolarning yechimini topuvchi markazga aylanishi shart. Sababi, biz siyosiy raqobatda o‘z o‘rnimizni faqat so‘zlar bilan emas, balki aniq va manzilli ishlar, deputatlik nazoratidagi qat’iyat hamda xalq bilan bo‘lgan tinimsiz muloqot orqali mustahkamlaymiz.
Muharram Dadaxo‘jayeva,
“Adolat” SDP Toshkent shahar kengashi raisi