“Adolat” SDP Navoiy viloyat Kengashiga rais saylandi
Navoiy viloyatida O‘zbekiston “Adolat” sotsial-demokratik partiyasi viloyat Kengashining VII Plenumi bo‘lib o‘tdi. Tadbir O‘zbekiston kasaba uyushmalari Federatsiyasi Navoiy viloyat Kengashi binosidagi majlislar zalida tashkil etildi.
Plenum ishida partiyadan saylangan mahalliy Kengash deputatlari, viloyat, tuman va shahar Kengashlari raislari, partiya faollari hamda ommaviy axborot vositalari vakillari ishtirok etdi.

Yig‘ilishda tashkiliy masala – partiyaning Navoiy viloyat Kengashi raisi lavozimiga nomzodni ko‘rib chiqish masalasi muhokama qilindi.

Qayd etilganidek, bugungi kunda partiyaning viloyatdagi a’zolari soni 95 mingdan ortiqni tashkil etadi. Hududlarda 673 ta boshlang‘ich partiya tashkiloti faoliyat olib borayotgan bo‘lib, ularning ishi 11 ta tuman va shahar Kengashlari tomonidan muvofiqlashtirilmoqda. A’zolarning salmoqli qismini yoshlar va xotin-qizlar tashkil etadi.
Shuningdek, partiyadan xalq deputatlari viloyat, tuman va shahar Kengashlariga 45 nafar deputat saylangani ta’kidlandi. Ularning 6 nafari viloyat Kengashida, 39 nafari esa quyi bo‘g‘in Kengashlarida faoliyat yuritmoqda.

Plenumda partiya Siyosiy Kengashi raisi o‘rinbosari Ozoda Parpibayeva viloyat Kengashi raisi lavozimiga Mansurjon Hamidov nomzodini ilgari surdi va uning mehnat faoliyati haqida ma’lumot berdi.

Muhokamalar davomida so‘zga chiqqanlar nomzodning davlat va jamoat boshqaruvi sohasidagi ko‘p yillik tajribasi, mas’uliyatli lavozimlardagi samarali faoliyati hamda tashabbuskor rahbarlik qobiliyatini alohida ta’kidladi.
Yakunlariga ko‘ra, Mansurjon Hamidov nomzodi Kengash a’zolari tomonidan bir ovozdan qo‘llab-quvvatlandi.

Ma’lumot o‘rnida, u mazkur tayinlovga qadar “Noila” ijtimoiy ko‘mak, huquqiy targ‘ibot va monitoring markaziga rahbarlik qilib kelgan.
A.Bo‘riyev, O‘zA muxbiri