O‘zbekiston davlat jahon tillari universitetida “Adolat“ SDP tomonidan saylovoldi targ‘ibot tadbiri tashkil etildi. Unda partiya vakillari “Adolat“ SDPning 2025-2029 yillarga mo‘ljallangan “Teng imkoniyatlar va adolatli jamiyat sari!” shiori ostidagi muhim tashabbuslarga boy Saylovoldi dasturining mazmun-mohiyati haqida yig‘ilganlarga batafsil ma’lumotlar berdi. Ayniqsa, ta’lim yo‘nalishidagi maqsad-vazifalarga alohida to‘xtalib o‘tildi.
Qayd etilganidek, partiya ta’lim sohasida metsenatlikni rivojlantirish uchun qonunchilikni takomillashtirish, tadbirkorlar, kompaniyalar, shaxslar nomi bilan bog‘liq turli stipendiyalar joriy etilishini qo‘llab-quvvatlaydi.
Jamiyatimizda o‘qituvchining obro‘si oshsa, butun millatning obro‘si oshadi. Shu bois, partiya elektoratining asosiy qismini tashkil etuvchi o‘qituvchilarning mashaqqatli mehnatini munosib qadrlash va rag‘batlantirish partiyaning doimiy diqqat-e’tiborida bo‘lishi ta’kidlandi.

Shuningdek, yoshlarning jahon ilm-faniga erkin kirib borishini ta’minlash maqsadida bosqichma-bosqich bakalavriatga kirish uchun ingliz tilini bilish bo‘yicha milliy yoki xalqaro sertifikatga ega bo‘lish tartibini joriy etish taklif qilinmoqda. Partiya oliy ta’lim muassasalarida o‘quv sifatini oshirish maqsadida o‘quv adabiyotlari sifatini yaxshilash, zamonaviy xorijiy adabiyotlarni xarid qilish va tarjima qilish ishlarini tizimli yo‘lga qo‘yish muhim, deb hisoblaydi.
Partiya vakillari tadbir davomida saylovchilarni muhim siyosiy jarayonda faol ishtirok etishga chaqirdi.
M.Komilova, O‘zA