Adolat har bir insonning qalbida bo‘lishi kerak
Toshkent shahri Uchtepa tumanidagi 75-sonli umumta’lim maktabida Sudyalar oliy kengashi tomonidan amalga oshirilayotgan “Ibrat maktabi” loyihasi doirasida navbatdagi ma’rifiy uchrashuv bo‘lib o‘tdi.
Mazkur tadbirni o‘tkazishdan ko‘zlangan asosiy maqsad yosh avlodning huquqiy ongi va madaniyatini yuksaltirish, ularda Vatanga bo‘lgan sadoqat tuyg‘ularini mustahkamlash, shuningdek kelajakda o‘zlari tanlaydigan kasbga mehr qo‘yish ruhida tarbiyalashga ko‘maklashish.
Ta’lim dargohining sobiq bitiruvchisi, sud tizimidagi ko‘p yillik samarali faoliyati va soha rivojiga qo‘shgan salmoqli hissasi bilan yuksak e’tirofga sazovor bo‘lgan “Sud faxriysi” ko‘krak nishoni sohibasi Xayrinisa Hakimova ushbu maktabga tashrif buyurdi.

Tadbir doirasida maktabda tashkil etilgan “Ibrat burchagi”ga X.Hakimovaning hayot yo‘li, boy mehnat faoliyati va erishgan yuksak yutuqlarini aks ettiruvchi ma’lumotlar hamda fotolavha joylashtirildi. Ushbu tashabbus maktab ostonasida turgan, mustaqil hayotga qadam qo‘yayotgan yoshlar uchun hayotiy muvaffaqiyat namunasi va kasbiy mayoq bo‘lib xizmat qilishi shubhasiz.
Tadbir ochiq va samimiy ruhdagi davra suhbatiga ulanib ketdi. Muloqot davomida sud faxriysi o‘quvchilar bilan o‘z hayotiy tajribalarini o‘rtoqlashar ekan, asosiy e’tiborni eng muhim insoniy tamoyillarga qaratdi.
Xususan, jamiyatda tartib va adolatni ta’minlashning bosh mezoni bo‘lgan qonun ustuvorligi, shiddat bilan rivojlanayotgan zamonaviy dunyoda yuksak marralarga erishishning yagona yo‘li – ilmga intilish, shuningdek, har bir insonning o‘z xatti-harakatlari uchun qonun va vijdon oldidagi mas’uliyati kabi mavzular suhbatning bosh mazmunini tashkil etdi.

– Adolat har bir insonning qalbida va kundalik odatlarida shakllanishi lozim. Zero, qonunga bo‘lgan hurmat avvalo, fuqaroning o‘ziga bo‘lgan hurmatidan boshlanadi, – deya alohida ta’kidlab o‘tdi X.Hakimova.
“Ibrat maktabi” loyihasi sud tizimi faxriylarining boy ma’naviy merosini yosh avlodga yetkazishda muhim ma’rifiy ko‘prik vazifasini o‘tamoqda.
Sudyalar oliy kengashi tomonidan bu kabi uchrashuvlarni respublikamizning barcha hududlarida izchil davom ettirish rejalashtirilgan bo‘lib, ular kelajakda yuksak huquqiy madaniyatga ega komil insonlarni tarbiyalashga xizmat qiladi.
Tadbir yakunida X.Hakimova va sinfdoshlari o‘quvchilar bilan maktab hovlisiga 10 dona daraxt ekishdi.
Sherbek Islomov, O‘zA