Adliyachilar futbol o‘ynadi
8 dekabr – Konstitutsiya kuni bayrami munosabati bilan Qashqadaryo viloyat adliya boshqarmasi va uning tizimida ishlovchi xodimlar o‘rtasida sportning mini futbol turi bo‘yicha “Adliya kubogi – 2023” musobaqasi bo‘lib o‘tdi.
Mehnat jamoasining sog‘lom turmush tarzini qo‘llab-quvvatlash va xodimlarning jismoniy faolligi darajasini oshirish maqsadida 8 dekabr – Konstitutsiya kuni bayrami munosabati bilan Qashqadaryo viloyat adliya boshqarmasi va uning tizimida ishlovchi xodimlar o‘rtasida musobaqalar har yili an’anaviy tarzda o‘tkazilib kelinmoqda.

Xususan, joriy yilning 2 dekabr kuni Qarshi shahridagi “Geolog” sport majmuasi yopiq futzal maydonida erkaklar o‘rtasida mini futbol (futzal) bo‘yicha “Adliya kubogi-2023” hamda ayollar o‘rtasida sportning darts turi bo‘yicha musobaqalar o‘tkazildi.
Futbol musobaqasida viloyat adliya boshqarmasi apparati, 16 ta tuman (shahar) adliya bo‘limlari hamda yuridik texnikum, jami 18 ta jamoa qatnashdi. Jamoalarning qur’a tashlash yo‘li bilan raqiblari aniqlanib, olimpiya tarzida o‘tkazildi.

Unda Chiroqchi tuman adliya bo‘limi jamoasi 1-o‘rinni, Kitob tuman adliya bo‘limi jamoasi 2-o‘rinni, Mirishkor tuman adliya bo‘limi jamoasi esa 3-o‘rinni egalladi.
Shuningdek “Eng yaxshi darvozabon”, “Eng yaxshi to‘purar”, “Eng yaxshi o‘yinchi” nominatsiyalari bo‘yicha ham g‘olib jamoalar taqdirlandi.

Barcha sovrindorlarga tashkilotchilar tomonidan medallar, diplom, statuetka, kubok hamda pul mukofoti sertifikatlari topshirildi.

O‘lmas Barotov, O‘zA muxbiri