Adliya ko‘magi bilan 17 yillik muammo yechim topdi
Munisa Rustamova va Abdunabi Rustamov 1996 yilda qonuniy nikohdan o‘tib oila qurgan. Ularning 4 nafar farzandi bor.
2005 yilning 1 mayida tug‘ilgan qiz farzandiga Bibisora deb ism qo‘yishgan.
Bibisora yaqinda 17 bahorni qarshilaydi. Ayni paytda u o‘zidan 2-3 yosh kichik sinfdoshlari bilan 8-sinfda o‘qiydi.
Bibisora uy sharoitida dunyoga kelganligi sababli tug‘ilganlik haqidagi guvohnomasi o‘z vaqtida rasmiylashtirilmadi, boz ustiga endi pasport olishda ham muammolarga dech kelmoqda.
M.Rustamova farzandi Bibisora Bozorovaning tug‘ilganlik to‘g‘risidagi guvohnomasini rasmiylashtirishda amaliy yordam so‘rab bir necha tashkilotga murojaat qildi, biroq natija bo‘lmadi.
Bu borada u Sirdaryo viloyati Yangiyer shahar adliya bo‘limi ko‘magiga tayandi.
Mazkur murojaat adliya bo‘limi tomonidan nazoratga olinib, zarur hujjatlar to‘plandi.
O‘rganish davomida 2005-2022 yillar oralig‘ida Bozorova Bibisora Abdunabi qizining tug‘ilganligi qayd etilmaganligi viloyat fuqarolik dalolatnomalarini yozish arxivi, Yangiyer shahar tibbiyot birlashmasi tug‘ruqxona bo‘limi tomonidan berilgan ma’lumotnomalar asosida tasdiqlandi.
Yuqoridagilarga ko‘ra, Yangiyer shahar adliya bo‘limi tomonidan fuqarolik ishlari bo‘yicha Guliston tumanlararo sudiga Bibisora Bozorovaning tug‘ilganlik faktini belgilash yuzasidan ariza kiritildi.
Sud ajrimi bilan DNK ekspertizasi o‘tkazilishi belgilandi. X.Sulaymonova nomidagi Respublika sud-ekspertizasi xulosasiga ko‘ra, Munisa Rustamova Bibisora Bozorovaning biologik onasi ekanligi tasdiqlandi.
Fuqarolik ishlari bo‘yicha Guliston tumanlararo sudining hal qiluv qaroriga asosan, Bibisora Bozorovaning Sirdaryo viloyati, Yangiyer shahrida 2005 yil 1 may kuni tug‘ilganligi fakti belgilandi.
Adliya ko‘magi bilan 17 yillik muammo ijobiy hal bo‘ldi. Bibisora endi O‘zbekiston Respublikasi fuqarosi. Mamlakatda fuqarolar qanday huquqlarga ega bo‘lsa u ham xuddi shu huquqlarga egalik qiladi.
Shuhrat Suyarov, O‘zA