Adliya idoralarida korrupsiyaning oldini olish, unga qarshi kurashish, shu bilan birga, korrupsiyaga qarshi kurashish bo‘yicha qonunchilikni takomillashtirish, normativ-huquqiy hujjatlar ishlab chiqish bo‘yicha tizimli ishlar amalga oshirilmoqda.
Adliya vazirligi axborot xizmati rahbari Sevara O‘rinboyeva shu yo‘nalishda amalga oshirilayotgan ishlar bo‘yicha ma’lumot berdi:
– Korrupsiyaga qarshi kurashish bo‘yicha adliya organlari va muassasalarining faoliyatini takomillashtirish sohasida o‘tgan davr mobaynida o‘tkazilgan o‘rganishlar natijasida aniqlangan kamchiliklarning kelgusida oldini olish yuzasidan elektron tizimlarni takomillashtirish va raqamlashtirish bo‘yicha takliflar ishlab chiqilib, tegishli choralar ko‘rildi.
Jumladan, xizmat ko‘rsatish yo‘nalishidagi tuzilmalarda o‘tkazilgan nazorat tadbirlari bo‘yicha elektron platformani shakllantirish va monitoring qilib borish ishlari amalga oshirilmoqda.
law.ijro.uz tizimida xodim tomonidan qonunchilikning aniq asosi izoh bandida qayd qilinmasa, hujjatlarga salbiy xulosa berish imkoniyatini cheklash choralari ko‘rildi.
Xodim bilan mehnat shartnomasi bekor qilinganligi haqidagi buyruq tasdiqlanganda, ushbu lavozim HR-menejment tizimida avtomatik tarzda vakant lavozimlar reyestriga o‘tadi.
Adliya organlari va muassasalarida korrupsiyaga oid huquqbuzarliklarni profilaktika qilish va ularga qarshi kurashish sohasida Namangan viloyati adliya boshqarmasi, Qoraqalpog‘iston Respublikasi Adliya vazirligi faoliyatida korrupsiyaga qarshi kurashish sohasiga oid qonun hujjatlariga rioya qilinishi bo‘yicha komplayens tekshiruvi o‘tkazildi.
Natijada yo‘l qo‘yilgan qonunbuzarlik holatlari bo‘yicha 27 nafar xodimga nisbatan tegishli jazo choralari qo‘llanildi. Shuningdek, hududlarda 20 dan ortiq o‘rganish tadbirlari amalga oshirildi. O‘rganishlarda aniqlangan kamchiliklarga kelgusida yo‘l qo‘ymaslik yuzasidan 110 nafar xodim bilan profilaktik suhbat o‘tkazildi.
Adliya organlari va muassasalarining vakant lavozimlariga topshirgan nomzodlar hujjatlarini kompleks o‘rganishda tizimda yo‘l qo‘yilayotgan kamchiliklar va muammolar yuzasidan barcha hududiy adliya organlariga tegishli ko‘rsatmalar berildi.
Hududiy adliya organlari va muassasalariga tanlov asosida vakant lavozimlarga hujjat topshirgan 1 ming 640 nafar nomzod bo‘yicha kompleks tekshirishlar o‘tkazildi.
Adliya vazirligida o‘tgan davr davomida aloqa kanallari orqali adliya organlari va muassasalari xodimlarining nojo‘ya xatti-harakatlari yuzasidan 117 murojaat va xabar kelib tushdi. Ularni o‘rganib chiqish natijasida 44 nafar xodimga nisbatan intizomiy jazo chorasi qo‘llanildi. Jumladan, 9 nafar xodim bilan tuzilgan mehnat shartnomasi bekor qilindi. 35 nafar xodimga hayfsan va jarima intizomiy choralari qo‘llanildi. Shuningdek, 112 nafar xodim bilan profilaktik suhbat o‘tkazildi.
Korrupsiyaga qarshi kurashish bo‘yicha qabul qilingan normativ-huquqiy hujjatlar asosida o‘quv materiallar takomillashtirildi.
Huquqni qo‘llash amaliyotida manfaatlar to‘qnashuvining oldini olish va tartibga solish maqsadida Adliya vazirligi tomonidan «Manfaatlar to‘qnashuvi to‘g‘risida»gi qonun ishlab chiqildi.
Prezidentimiz kuni kecha imzolagan mazkur qonun davlat idoralarida manfaatlar to‘qnashuviga chek qo‘yishga qaratilgan. Unda manfaatlar to‘qnashuvi to‘g‘risida xabar berish, shaxsiy manfaatlarini ko‘zlab boshqalarni harakat (harakatsizlikka) majburlamaslik bo‘yicha xodimlarning huquq va majburiyatlari belgilandi. Bunda, manfaatlar to‘qnashuvi to‘g‘risidagi axborotni xodimlar tomonidan oshkor etish ikki shaklda, ya’ni mavjud manfaatlar to‘qnashuvi to‘g‘risidagi xabarnoma berish va ehtimoliy manfaatlar to‘qnashuvi to‘g‘risidagi deklaratsiya to‘ldirish orqali amalga oshiriladi.
Xodimga aloqador shaxslar davlat organi yoki boshqa tashkilot bilan munosabatlarga kirishganda, manfaatlar to‘qnashuvining oldini olish bo‘yicha deklaratsiya to‘ldirish majburiyatlari belgilandi.
Davlat organlari va tashkilotlarida manfaatlar to‘qnashuvini hisobga olish reyestri yuritiladi. Reyestrga xabar berilgan, aniqlangan hamda tartibga solingan manfaatlar to‘qnashuvi to‘g‘risidagi ma’lumotlar kiritib boriladi.
N.Abduraimova, O‘zA