Adliya idoralari faoliyatiga nazar
Namangan shahar davlat xizmatlari markazida ommaviy axborot vositalari vakillari ishtirokida bo‘lib o‘tgan matbuot anjumanida Namangan viloyati adliya boshqarmasi tomonidan o‘tgan 2024 yil davomida amalga oshirilgan ishlar yuzasidan ma’lumotlar berildi.
Tadbir avvalida ta’kidlanganidek, Prezidentimizning 2024 yil 24 mayda qabul qilingan “Ma’muriy islohotlar doirasida adliya organlari va muassasalarining mas’uliyatini yanada oshirish hamda ixcham boshqaruv tizimini shakllantirish to‘g‘risida”gi farmoni tizim faoliyatini sifat jihatidan yangi bosqichga olib chiqishga katta turtki bo‘ldi.


– O‘tgan yil davomida boshqarmamiz hamda uning shahar, tuman bo‘limlariga kelib tushgan 13 ming 318 murojaatning 11 ming 186 tasi, ya’ni 84 foizi qonuniy hal etildi, – deydi Namangan viloyati adliya boshqarmasi boshlig‘i Dilmurod Ahmedov. – Huquqi tiklangan aholi soni 9 ming 885 nafarni tashkil qilgan bo‘lsa, 846 tadbirkorning huquqi tiklandi. Qolaversa, aholining huquqiy ongini oshirish maqsadida hududlarda 40 mingdan ortiq targ‘ibot tadbirlari o‘tkazildi.


Mahallalardagi o‘rganishlar davomida meros ishini rasmiylashtirish, nikohni qayd etish, uy-joy hujjatini rasmiylashtirish, tug‘ilish va o‘lim guvohnomasini olish, pensiya va nogironlik belgilash, ism-shariflarga o‘zgartirish kiritish kabi qator huquqiy muammolarga duch kelindi. Uyma-uy o‘rganish yo‘nalishidagi ishlarni yanada takomillashtirish maqsadida o‘tgan yilning oxirida “Huquqiy mahalla” konsepsiyasi yo‘lga qo‘yildi. Bu ilk bor To‘raqo‘rg‘on tumani Zarbdor mahallasida tajriba tariqasida muvaffaqiyatli amalga oshirildi. Birgina ushbu mahalladagi 1033 xonadon xatlovdan o‘tkazilib, buning samarasida 2 ming 670 huquqiy muammo aniqlanib, shundan 2 ming 452 tasi ijobiy hal etildi.


Endilikda konsepsiya doirasidagi ishlar butun viloyat mahallalarida boshlab yuborildi. Shu yilning yanvar-fevral oylarida grafik asosida o‘rganilishi belgilangan mahallalarda Zarbdor tajribasi qo‘llanilmoqda.
Adliya idoralari tashabbusi bilan uyushtirilgan “Hech bir shaxs hujjatsiz qolmaydi” aksiyasi doirasida 45 marotaba sayyor qabul o‘tkazilib, unda 2 ming kishi hujjatli bo‘ldi. Ozodlikdan mahrum etish joylaridan qaytgan fuqarolar uchun o‘tkazilgan “Huquqiy ko‘mak” aksiyasida 54 marotaba sayyor qabul tashkillandi hamda 64 fuqaroning real muammosi hal qilindi.
Matbuot anjumanidan so‘ng bo‘lib o‘tgan press-turda davlat xizmatlarini ko‘rsatish sohasidagi yangiliklar Namangan shahar Davlat xizmatlari markazi faoliyati misolida tanishtirildi. Qayd etilganidek, Namangan viloyatida 2024 yilda 1 milliondan ortiq fuqarolarga davlat xizmatlari ko‘rsatildi, dxa.gov.uz elektron tizimiga 23 ta yangi xizmat qo‘shildi.
O‘tgan yilning may oyida viloyat shahar va tumanlaridagi chekka va olis mahallalarga interaktiv kiosklar o‘rnatilib, fuqarolarga davlat xizmatlari ko‘rsatilishi yo‘lga qo‘yildi. Interaktiv kiosklar orqali 45 ming nafardan ortiq aholi tomonidan 50 tadan ortiq davlat xizmatlaridan foydalanilgan.
Bugungi kunda, viloyatdagi barcha adliya bo‘limlari, Davlat xizmatlari markazlari hamda FHDYO organlari binolari to‘liq kuzatuv kameralari bilan jihozlangan bo‘lib, ushbu kuzatuv kameralari orqali xizmat ko‘rsatish jarayonini real vaqt rejimida kuzatish mumkin. Shuningdek, mazkur kuzatuv kameralari adliya boshqarmasi va adliya vazirligi binosida barpo etilgan “Situatsion markaz” bilan ham bog‘langan.
O‘tgan yili vazirlik va viloyat markazlari tomonidan aniqlangan holatlar bo‘yicha 24 xodimga nisbatan aniqlangan qonunbuzilishi yuzasidan tegishli ta’sir chorasi qo‘llanilib, oltita holat yuzasidan hayfsan va 18 ta holatda ustama pasaytirish bilan bog‘liq intizomiy jazo chorasi qo‘llanildi.
Oqilxon Dadaboyev, O‘zA