Adliya vazirligi tizimida faoliyat samaradorlik ko‘rsatkichlarining (KPI) joriy qilingani natijasida joriy yilning birinchi choragida 408 normativ-huquqiy hujjat loyihasi huquqiy ekspertizadan o‘tkazildi.
Vazirlik axborot xizmatidan ma’lum qilishlaricha, qonun hujjati loyihasining huquqiy ekspertiza muddati 10 kundan 7 kunga, idoraviy normativ-huquqiy hujjat loyihasi ekspertizasi esa 30 kundan 15 kunga qisqardi.
Davlat xizmatlari markazlari orqali ko‘rsatiladigan xizmatlar soni 28 taga ko‘payib, ularning jami soni 437 taga yetkazildi.
122 xizmat tartib-taomillari, 30 xizmat “3 qadam” va “foydalanuvchi uchun moslashtirilgan” tamoyili asosida soddalashtirildi.
Ro‘yxatdan o‘tkazilgan intellektual mulk ob’ekti soni 14 mingtadan 21 mingtaga, advokatlar soni 5 ming 314 nafardan 6 ming 450 nafarga yetdi.
Onlayn notarial harakat soni 113 tadan 74,7 mingtaga oshdi.
“Adliya mahalla” va “Onlayn mahalla” platformasi orqali aholining 635 mingdan ortiq huquqiy muammolari qabul qilinib, shundan 320 mingdan yoki 50 foizdan ortig‘i hal etildi.
166 ming nafar fuqaroga birlamchi bepul huquqiy yordam ko‘rsatildi. Shuningdek, joylarda 355 mingdan ortiq huquqiy targ‘ibot tadbiri o‘tkazildi.
N.Abduraimova, O‘zA