Adliya aralashgach ustama to‘lovlari to‘lab berildi
Davlatimiz rahbari tashabbusi bilan tibbiyot xodimlarining uzluksiz ish staji uchun ustamalar belgilangan. Jumladan, alohida muassasalar, bo‘linmalar va lavozimlarda uzluksiz ish staji uchun shifokorlarga, o‘rta va kichik tibbiyot xodimlariga, shuningdek, sog‘liqni saqlash barcha muassasalari farmatsevtika xodimlariga ustamalar tarif stavkalari bo‘yicha belgilanadi.
Sog‘liqni saqlash muassasalari xodimlarining alohida toifalari bundan mustasno, oliy ma’lumotga ega bo‘lgan tibbiyot hamshiralari uchun esa tarif stavkasining 30 foizi miqdorida belgilangan. Lekin amaliyotda, ushbu qaror talablariga to‘liq rioya qilinmayapti.
Xususan, Buxoro viloyati adliya boshqarmasi inson huquqlarini himoya qilish bo‘limi tomonidan Sanitariya-epidemiologik osoyishtalik va jamoat salomatligi xizmati Buxoro tumani bo‘limi xodimi J.Porsayevning murojaati o‘rganib chiqildi. Natijada fuqaroga 6 million 625 ming 900 so‘m miqdoridagi ustama to‘lovlarini to‘lab berilmaganligi aniqlandi. Adliya boshqarmasi aralashuvi bilan fuqaroga to‘lanmay qolgan 6 million 625 ming 900 so‘m miqdoridagi ustama pullari to‘liq undirib berildi. O‘z navbatida inson huquqlarini himoya qilish va qonuniylikni ta’minlash maqsadida adliya idoralari tomonidan har bir fuqaroning murojaati qonunda belgilangan tartibda ko‘rib chiqilib, buzilgan huquqlarini tiklash chorasi ko‘rilmoqda.
Zarif Komilov,
O‘zA