Adirlikda kartoshka urug‘chiligi tashkil etiladi
Namangan viloyati Chortoq tumani O‘rikzor mahallasining yuqori qismida o‘zlashtirilayotgan 200 gektarlik adirlikda yoshlar va ayollarni band etish uchun mingdan ortiq yengil tipdagi issiqxonalar qurilmoqda. Ular tez kunlarda bitkazilib, aholiga bo‘lib beriladi.
Ahamiyatlisi, bu issiqxonalarda kartoshka urug‘chiligi yo‘nalishiga asosiy e’tibor qaratiladi. Hozirda malakali omilkor “Ahrorxo‘ja-Sojira” fermer xo‘jaligi rahbari Hamidulla Soliyev yoshlarga o‘z tajribasidan saboq bermoqda.
– Ellik yildan buyon yer bilan hamnafasman, – deydi Hamidulla Soliyev. – Bu adirliklar o‘tgan asrning 80-yillarida o‘zlashtirilgan bo‘lib, u paytda men “Oktyabr” kolxozining a’zosi edim, keyinchalik brigadir bo‘ldim. Ushbu yerlardan 2000-yillargacha hosil olganmiz. Paxta-g‘alla yetishtirganmiz. So‘nggi yigirma yillikda esa bu qirlar foydalanishdan chiqib ketgan.
[gallery-955]
Fermer H.Soliyev ham ikkita ikki sotixlik issiqxonada kartoshka urug‘chiligini yo‘lga qo‘yish harakatida.
– Hozir yer tayyorlayapmiz, – deydi omilkor. – Issiqxonadan ikki marta urug‘lik kartoshka olamiz. Uchinchisini esa iste’molga olib qolamiz. O‘rtacha ikki sotixdan 3 tonna urug‘lik kartoshka hamda kamida 1,5 tonna iste’mol kartoshka yig‘ib olishni mo‘ljallaganmiz.
Fermer ikki sotixli issiqxonada yetishtirgan 1 million dona kartoshka qalamchasi 1 gektar ochiq maydonga ekiladi. Shunda gektaridan 250-300 sentner yoki 25-30 tonnadan hosil olinadi.
Mazkur xo‘jalikning 106 gektarlik maydoni adirlikda joylashgan. Tomchilatib sug‘orish tizimi joriy etilgani esa e’tirofga sazovor. Bu tizimni yo‘lga qo‘yish uchun fermer o‘z mablag‘i hisobidan 972 million so‘m sarfladi. Davlat esa 120 million so‘m subsidiya berdi. Fermer sabzavot va bog‘dorchilik klasteriga asos soldi.
Hotam MAMADALIEV suratlari
O‘zA