10 iyun – Said Ahmad tavallud topgan kun
– Sizga bitta gap aytay, aslo esingizdan chiqarmang, ko‘kragingizdagilarni olib qo‘ying. Bularni bergan hukumat allaqachon yo‘q bo‘lib ketgan.
Oradan to‘rt oy o‘tib, viloyat hokimi Ergash Nosirov pochchasining yil oshini o‘tkazdi. Odam ko‘p keldi. Ular orasida Normat rais ham bor edi. Ammo unga hech kim e’tibor bermadi. Hatto tanishmadi ham. Ko‘pchilik uning ko‘ksidagi ordenlarga qarab, yuzining qanaqaligiga uncha e’tibor bermagan ekan. U el qatori osh yeb chiqib ketdi.
Ushbu jumlalar o‘zbek nasrining peshqadam arboblaridan biri Said Ahmad tomonidan 1998 yilda yozilgan "Azob" hikoyasining nihoya qismi edi.
Adib hikoyalarida Oybekning psixologik tasvir mahorati, G‘afur G‘ulom yumori, Abdulla Qahhor bayonidagi ixchamlik mujassamdir. U hikoyalarida tasvirlaydigan har bir voqeadan falsafiy umumlashma chiqarish, voqealarni lirik ta’sirchanlik bilan ifodalash, badiiy tasvirlarning xilma-xilligiga erishishga intilgan.
10 iyun – Said Ahmad (Husanxo‘jayev) tavallud topgan kun. Adib 1920 yili Toshkentning Samarqand darvoza mahallasida dunyoga keldi. 1939 yili o‘rta maktabni, 1941 yili esa oliy o‘quv yurtini tugatib, dastlab “Mushtum” jurnalida so‘ngra O‘zbekiston radiokomiteti, hozirgi “O‘zbekiston ovozi” gazetasi hamda “Sharq yulduzi” jurnalida faoliyat yuritdi. Uning birinchi hikoyalar to‘plami “Tortiq” 1940 yilda nashr etiladi. Urush va urushdan keyingi yillarda Said Ahmad ko‘plab feleton, ocherk va hikoyalar yozgan. Uning “Er yurak”, “Farg‘ona hikoyalari”, “Muhabbat” kabi to‘plamlari nashr etilgan. U “Xazina”, “Hayqiriq”, “Rahmat, azizlarim” kabi hikoyalarida Ikkinchi jahon urushining dahshatli oqibatlarini hayajonli tasvirlab, urush qahramonlarini ulug‘ladi.
“Cho‘l burguti”, “O‘rik domla”, “Lochin”, “Odam va bo‘ri”, “Bo‘ston”, “To‘yboshi” kabi qator asarlari Said Ahmad ijodida ham, o‘zbek nasrida ham yangilik bo‘ldi.
Adib hikoyalarining bosh qahramoni ichki dunyosi boy zamondoshlarimizdir. Yozuvchi “Tog‘ afsonasi”, “Zumrad”, “Muhabbatning tug‘ilishi”, “Ko‘zlaringda o‘t bor edi”, “Poyqadam”, “Alla”, “Iqbol chiroqlari” asarlarida hayotiy xarakterlar yaratdi. Said Ahmad o‘zining hajviy hikoyalarida taraqqiyotimizga to‘siq bo‘layotgan yaramas urf-odatlar ustidan kuladi, muhim ma’naviy masalalarni o‘rtaga qo‘yadi. Uning “Xanka va Tanka”, “Lampa shisha” kabi o‘nlab hajviyalari fikrimiz dalilidir.
Adib kichik hajviy asarlari bilan o‘zbek radio va televideniyesidagi miniatyuralar teatriga ham asos soldi. Keyinchalik hikoyalardan asta-sekin yirik polotnolar yaratishga o‘tdi. 1949 yilda chop etilgan “Qadrdon dalalar” va “Hukm” qissalaridan keyin yaratgan “Ufq” trilogiyasida urushdan oldingi va keyingi davr muammolari haqida bahs yuritadi. “Jimjitlik” romanida turg‘unlik davri illatlari fosh etiladi. Said Ahmad dramaturg sifatida ham tanildi. U “Kelinlar qo‘zg‘oloni”, “Kuyov” kabi sahna asarlarining muallifidir.
Said Ahmad 50-yillarda kechgan qatag‘on to‘lqiniga duchor bo‘lgan, qamoq azoblarini tortgan ijodkordir. U “aksilsho‘raviy millatchilar guruhi a’zosi, zararli g‘oyalar targ‘ibotchisi” sifatida ayblanib, Qozog‘istonning Qarag‘anda viloyati, Jezqazg‘an lagerida qamoqda bo‘lgan. Adibning “Qorako‘z majnun” hikoyalar to‘plamida shu haqdagi achchiq haqiqatlar ro‘y-rost ifodalandi.
Said Ahmadning “Yo‘qotganlarim va topganlarim”, uch jildlik “Saylanma”, “Qorako‘z majnun”, “Kiprikdagi tong” to‘plamiga kirgan bir qator qissa va hikoyalari istiqlol yillarida uning zavq-shavq bilan ijod etganidan shahodat beradi. Adibning ko‘pgina asarlari qardosh va xorijiy tillarga ham tarjima qilindi.
O‘zbekiston xalq yozuvchisi Said Ahmad bir qator davlat mukofotlari sohibidir. Xususan, mustaqillik yillarida u “Do‘stlik” va “Buyuk xizmatlari uchun” ordenlari bilan taqdirlandi. “O‘zbekiston Qahramoni” degan yuksak unvonga ham sazovor bo‘ldi. Adib 2007 yil olamdan o‘tdi.
Abdulaziz RUSTAMOV,
O‘zA