Adiblar xiyoboni – maʼrifat maskani
Sirdaryoliklar dastlab Alisher Navoiy haykali poyiga gul qoʻyib, elimizning buyuk shoiriga ehtirom koʻrsatdi.
Guliston shahridagi Halima Xudoyberdiyeva nomidagi ona tili va adabiyot fanlarini chuqurlashtirib oʻqitishga ixtisoslashtirilgan maktab-internatining oʻqituvchi va ijodkor yoshlari poytaxtimizdagi Adiblar xiyobonini ziyorat qildi.
Sirdaryoliklar dastlab Alisher Navoiy haykali poyiga gul qoʻyib, elimizning buyuk shoiriga ehtirom koʻrsatdi.
– Adiblar xiyoboni majmuasining ochilishi chin maʼnoda adabiyot bayramiga aylandi, – deydi Halima Xudoyberdiyeva nomidagi ijod maktabi direktori, shoir Muhammad Ismoil. – Bu maskan bugungi kunda adabiyotni sevgan, oʻzining oʻtmishi, tarixi bilan gʻururlanadigan har bir vatandoshimizning sevimli maskaniga aylanmoqda. Shunday soʻlim, goʻzal oshyonga xalqimizning buyuk farzandlari haykallari qoʻyilishi barchamizni quvontirdi. Bu chin maʼnoda millatning oʻtmishiga, asl farzandlariga boʻlgan hurmat namunasi boʻldi.
Prezidentimiz aytganlaridek, bu maskan mushoiralar oʻtkazadigan, ijodiy muloqotlar qiladigan, buyuk adiblarimiz haqida yana-da koʻproq maʼlumotga ega boʻladigan, qalbingizda adabiyotga, ijodga, yaratuvchanlikka ishtiyoq, mehr hissini uygʻotadigan maskan boʻldi. Adiblar xiyoboni bugun chindan adabiyot maskaniga, maʼnaviyat maskaniga va maʼrifat maskaniga aylanib bormoqda. Buni har bir adabiyot sevar, ijodkor qalban his qila bilishi shart.
Ijod maktabi oʻqituvchi va oʻquvchilari Bobur Mirzo, Abdulla Oripov, Erkin Vohidov, Muhammad Yusuf kabi adabiyotimizda yorqin iz qoldirgan buyuk adiblarimiz poyiga ham gullar qoʻyishdi. Oʻquvchilar goʻyo buyuk bobolari qarshisida turgandek hayajonlanib, gʻururlanib, faxr-iftixor hissini tuyib, ularning sheʼrlaridan namunalarni ifodali oʻqidilar.

Ijod maktabi rahbari, shoir Muhammad Ismoil oʻquvchilarga har bir adibning hayoti va ijodi haqida batafsil maʼlumot berib, ularning hayot yoʻli, adabiyotning rivojlanishiga qoʻshgan muhim hissasi haqida soʻzlab berdi.
Bundan tashqari, Adiblar xiyoboni ansamblining yuksak meʼmoriy jihatdan oʻziga xosligi, har bir ijodkorga xos chizgilar haqida atroflicha maʼlumot berildi.
Halima Xudoyberdiyeva nomidagi ijod maktabi oʻqituvchi va oʻquvchilari yorqin isteʼdod sohibasi, Oʻzbekiston xalq shoiri Halima Xudoyberdiyeva mangu qoʻnim topgan maskanga ham borib, sevimli shoiramiz qabrini ziyorat qilib, Qurʼon tilovat qilindi.
– Halima opamdek buyuk shaxs dunyoga kam keladi, – deydi Halima opaning sadoqatli shogirdi Muhammad Ismoil ziyorat chogʻida koʻzida yosh bilan. – Ustoz Halima Xudoyberdiyeva nafaqat shoira, ijodkor, samimiy, qalbi pok, yuksak insoniy fazilatlarga ega haqiqiy inson edi. Siz, aziz oʻquvchi oʻgʻil-qizlarim u kishiga munosib shogirdlar boʻlib kamol topishingiz ham qarz, ham farz.
Oʻquvchilar ham bu ziyoratdan taʼsirlanib, shunday buyuk shaxsning nomi berilgan maktabda oʻqiyotganliklaridan, ana shunday insonga munosib shogird boʻlish yoʻlida tinmay izlanib, ijod qilishlarini oʻz oldilariga maqsad qilib qoʻydilar.
Mohidil ZIYAYEVA,
Halima Xudoyberdiyeva nomidagi
ijod maktabi oʻqituvchisi