Adiblar xiyoboni - maʼnaviyat manzili
Tadbirni Respublika Maʼnaviyat va maʼrifat markazi rahbari Minhojiddin Hojimatov kirish soʻzi bilan ochib berdi.
Respublika Maʼnaviyat va maʼrifat markazi hamda Oʻzbekiston Respublikasi Milliy Gvardiya Harbiy texnik instituti bilan hamkorlikda oʻzbek mumtoz adabiyotining zabardast vakili, jahon adabiyotida oʻz oʻrniga ega ulugʻ alloma –Zahiriddin Muhammad Bobur hayoti va ijodiga bagʻishlab “Adiblar xiyoboni – maʼnaviyat maskani” mavzusida maʼrifiy tadbir oʻtkazildi.
Tadbirda Respublika Maʼnaviyat va maʼrifat markazi masʼul xodimlari, ”Maʼrifat” targʻibotchilar jamiyati aʼzosi, Oʻzbekiston xalq artisti Muhammadali Abduqunduzov, Oʻzbekiston Respublikasi Milliy Gvardiya Harbiy texnik instituti xodimlari va kursantlari,Toshkent davlat oʻzbek tili va adabiyoti universiteti professori Abdulhay Sobirov,ommaviy axborot vositalari xodimlari ishtirok etdi.
Tadbirni Respublika Maʼnaviyat va maʼrifat markazi rahbari Minhojiddin Hojimatov kirish soʻzi bilan ochib berdi.
Bugunki kunda adabiyotga ,maʼnaviyatga berilayotgan eʼtibor tufayli adiblar xiyoboni chin maʼnoda maʼnaviyat maskaniga aylanmoqda. Ulugʻ allomalarni, shoirlarni eslash, yod etish tariximizga boʻlgan yuksak ehtiromni bildiradi.
Toshkent davlat oʻzbek tili va adabiyoti universiteti professori, filologiya fanlar doktori Abdulxay Sobirov “Bobur - buyuk shoir, mohir sarkarda va davlat arbobi” mavzusida maʼruza qildi. A.Sobirov oʻz maʼruzasida Bobur shaxsining hali oʻrganilmagan qirralari haqida soʻz yuritib, Bobur nafaqat shoir,balki ulugʻ sarkarda, meʼmor, insonparvarligi, irodasi baquvvat, ochiq yuzli inson ekanligini ilmiy asosda, hayotiy voqealar orqali ochib berdi.
Primqul Qodirovning “Yulduzli tunlar” asari asosida suratga olingan videospektaklida Bobur obrazini talqin etgan Oʻzbekiston xalq artisti Muhammadali Abduqunduzov yoshlarga spektalni olish jarayoni haqida, Bobur obrazining oradan 30 yil oʻtsa-da hali ham oʻz ahamiyatini yoʻqotmagani, uni har koʻrganda Bobur shaxsining yangi qirralari ochilayotganini aytib oʻtdi.Shuningdek, yoshlarga har qanday ulugʻ maqsadga erishish uchun ilm kerakligini taʼkidladi. M. Abduqunduzovning Bobur obrazidagi badiiy chiqishi ishtirokchilarga koʻtarinki kayfiyat bagʻishladi.
Dunyo tanigan allomalar orasida Zahiriddin Muhammad Boburshohning alohida oʻrni bor. U ylugʻ millatparvar adib, buyuk saltanatning asoschisi, ham olamiy tafakkur sohibi boʻlgan alloma, ham shavkatli bahodir, shu bilan birga oʻz oilasini jahonning yirik sulolalaridan biriga aylantira olgan mehribon ota sifatida qadrlanadi.
Toʻrtta narsa insonda yaxshi nom qolishiga sababchi boʻlar ekan. Yaxshi kitob, yaxshi bino, yaxshi bogʻ, yaxshi farzand. Boburshohdan ham mana shularning barchasi qolgan.
Tadbirda kursantlar tomonidan ijro etilgan sahna koʻrinishlari, ulugʻ mutafakkir qalamiga mansub gʻazallar va sheʼrlar tadbirga oʻzgacha fayz bagʻishladi.
Hilola Ibrohimova,
Respublika Maʼnaviyat va maʼrifat markazi mutaxassisi