Adaptiv sportda zamonaviy ta’lim muhitini yaratish ustuvor vazifa
Poytaxtimizdagi O‘zbekiston davlat sport akademiyasida imkoniyati cheklangan yoshlarni sport va oliy ta’lim tizimiga jalb etish, zamonaviy ta’lim muhitini yaratish hamda adaptiv jismoniy tarbiya va sportni yangi bosqichga olib chiqish borasidagi islohotlarga bag‘ishlangan yig‘ilish o‘tkazildi.
Yig‘ilishda maxsus maktab bitiruvchilarining ta’lim olishi uchun O‘zbekiston davlat sport akademiyasida yaratilayotgan imkoniyatlar, ularning o‘quv jarayoniga moslashuvi, adaptiv sportni ilmiy asosda rivojlantirish, inklyuziv ta’limni takomillashtirish bo‘yicha amalga oshirilayotgan ishlar va istiqboldagi rejalar xususida ma’ruzalar taqdim etildi.

Ochiq muloqot ruhida o‘tgan tadbirda ishtirok etgan mamlakatimizdagi mavjud maxsus maktab va maktab-internatlarning mutasaddilari ma’ruzalarni katta qiziqish va e’tibor bilan tinglab, o‘zlarini qiziqtirgan ko‘plab savollarga javob oldi.
Muhokamalar davomida ta’lim tizimi, adaptiv sportni rivojlantirish, ilmiy hamkorlik, kadrlar tayyorlash hamda maxsus maktab bitiruvchilarini oliy ta’limga yo‘naltirish masalalari bo‘yicha takliflar ilgari surildi.
Tadbir yakunida hududlardan kelgan mutaxassislar uchun “Olimpiya shaharchasi” bo‘ylab ekskursiya tashkil etildi.

Shaharcha hududida joylashgan o‘quv binolaridagi zamonaviy auditoriyalar, fanlar kesimida maxsus jihozlangan tematik xonalar, mashg‘ulotlar o‘tkazishga mo‘ljallangan laboratoriyalar hamda yaratilgan zamonaviy ish sharoitlari mutaxassislarda iliq taassurot qoldirdi.
Shaharchadagi Axborot-resurs markazi jismoniy tarbiya, sport tibbiyoti, pedagogika, psixologiya, adaptiv sport va boshqa yo‘nalishlar bo‘yicha katta fondga egaligi, uslubiy adabiyotlar jamlanganligi, talabalar hamda tadqiqotchilar uchun zarur imkoniyatlar yaratilgani mamlakatimiz sport salohiyati yuksalishiga xizmat qilishi e’tirof etildi.
T. Ro‘ziyev, O‘zA