O‘TKIR SO‘Z...
Sen agar bug‘doy boshoq bo‘lsang, somoningman, Vatan,
Toabad boshing omon bo‘lsin, tovoningman, Vatan.
Barcha yaxshi, barcha oqil, barcha dono, faylasuf,
Qimtinib bir chekkada yurgan yomoningman Vatan...
«O‘TKIR SO‘Z»ning navbatdagi mehmoni taniqli o‘zbek yozuvchisi – Xoldor Abdusalomov (Xoldor Vulqon).
Kanadada yashab ijod qilayotgan ushbu adib 1959 yil 3 mayda Andijonda tavallud topgan. Uning «Vatan» nomli she’ri Sherali Jo‘rayev tomonidan maromiga yetkazib kuylagan.
MA’LUMOT UCHUN, Xoldor Vulqon 1980 yildan 1990 yilgacha bezovchi rassom sifatida turli tashkilotlarda mehnat qilgan. 1990-1996 yillarda Toshkent Davlat universitetining filologiya fakultetida tahsil olgan. 1975 yildan buyon she’rlar va nasriy asarlar yozadi. Uning «Tumanli dalalar qo‘shig‘i», «Laylatulqadr» hamda «Tungi laylakqor» kabi she’riy kitoblari nashr etilgan. 1999 yil avgust oyidan O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi a’zosi.
– Cho‘lponning 1914 yilda chop etilgan «Adabiyot nadur?» maqolasida «Hozirda bizga birdan-bir lozim bo‘lg‘on narsa — adabiyot, adabiyot, adabiyot…" degandi. Bir asr muqaddam aytilgan bu gap bugun qanchalik dolzarb? Siz adabiyotning jamiyat oldidagi ahamiyati haqida nima deysiz?
– Badiiy adabiyot (agar u ozod va mustaqil bo‘lsa) millat ruhini, shuurini tarbiyalab, didini yuksaltiradigan, elning o‘z Vataniga bo‘lgan muhabbatini, mardumning mudrab yotgan vatanparvarlik tuyg‘ularini uyg‘otadigan ilohiy jarayon.
Bordi-yu adabiyot ma’lum hukmron doiralar manfaatiga xizmat qiladigan chokar, ya’ni xizmatkor bo‘lsa, unday jamiyatda dushman izlab uzoqqa borishning keragi yo‘q. Oilaviy qo‘ydi-chiqdi, dizayner bo‘lib ketgan ayol, biznesmenlar hayoti kabi sayoz, oldi-qochdi narsalarni yozishdan nariga o‘tmaydigan, ehtiyotkor, tushovlangan qulluqchi, «adabiyot» vakillari jamiyatdagi ijtimoiy-siyosiy ongning pastlashishiga, yosh avlod tafakkur ko‘zgusining xiralashishiga xizmat qiladi. Ongi past omma ruhida qullik psixologiyasi paydo bo‘ladi. Yovlar uchun unday didsiz, ko‘rsavod to‘dani mahv etish oson. Mana, nima uchun taraqqiy etgan mamlakatlarda badiiy adabiyotga katta ahamiyat beriladi, ular o‘z badiiy adabiyotini axtalamaydi. Shoir yozuvchilarini martaba, orden va medallarning quliga aylantirmaydi, o‘z iste’dodli ijodkorlarini quvg‘in, qatag‘on qilmaydi. Ularni qadrlaydi. Chunki yuksak did bilan yozilgan jiddiy san’at asarlarini o‘qib ulg‘aygan, ongi ilg‘or, ruhan ozod xalqni aslo yengib bo‘lmaydi.
Yaxshi asarlar jamiyatda ijtimoiy ong, didning o‘sishiga xizmat qiladi. Hozir oddiy odamlarni qo‘ying, hatto katta ijodkorlarning aksariyati ham Velimar Xlebnikov, Mayakovskiy, Edgar Allan Po, Sharl Bodler, Verlen, Bekket, Kobo Abe, Frans Kafka, Borxes, Kortning asarlarini hazm qilishga qodir emaslar. Mayli, ular G‘arb yo Yevropa yozuvchilarini tushunmasalar ham, tushunishni istamasalar ham, hech bo‘lmasa, o‘zimizning shoir yozuvchilarimiz yozgan asarlar mazmun-mohiyatini to‘liq anglab, so‘z san’atining noyob namunalari qarshisida hayratlana olishga qodir bo‘lsalar edi.
Hazrat Navoiy haqida minbarlardan turib hammadan ko‘p gapiradigan, u zot haqida jild-jild kitoblar yozadigan olimlardan ham kishini hayratga soladigan, yalt etgan bir yangi tahlil eshitmaysan.
G‘iyt-g‘iyt etib aylanuvchi, oftobda qolgan patefon plastinkaday eski gaplarni biri qo‘yib, biri takrorlayveradi. Adabiyotshunos olimlarimizning ilmiy tahliliy maqolalarida o‘zimizning yozuvchi shoirlarimiz yozgan asarlarni o‘ziga xos yangicha talqini kuzatilmayapti ekan, oddiy xalqda nima ayb? Afsus, ba’zan hurmatli professorlarimiz, adabiyotshunos olimlarimiz, akademiklarimiz bajarishi kerak bo‘lgan ishlarni ham yozuvchilar qilishga majbur bo‘lmoqda.
BIRGINA MISOL...
Hazrati Alisher Navoiy sham haqida yozgan g‘azalining bir misrasida:
«Til chiqormishdir susab parvonalarning qonig‘a», deya yozadi. Bu misrani har kim har xil talqin qilishi mumkin. Navoiy yonib turgan shamning tashnalikdan tili chiqib qolgan. U suvsagan, lekin u suvga emas, o‘z tegrasida shu’laga talpinib aylanayotgan bechora shu’lasevar parvonalarning qoniga tashna demoqdalar.
Bu misrada o‘tmishda shu’laafshon shag‘am deya o‘ylab, zolim podsholarga, maishatparast xonlarga, avtoritar hukmdorlarga, qonxo‘r diktatorlarga xuddi parvonalar kabi talpingan, zulmatdan nurga intilgan sho‘rlik ziyolilarning ayanchli ahvoli aks ettirilganday...
Adabiyotshunos olimlarimiz, kazo-kazo professorlarimiz asarlarni hech yo‘q shunchalik tahlil qilib, xalqimizga taqdim eta olsalar edi. Bechora Cho‘lpon qayg‘usining asl mohiyati, mazmuni va matlabi shunda bo‘lsa kerak.
– Bugun qanday asarlar ustida va qaysi tilda ijod qilmoqdasiz?
– Shu kunlarda «Ibn Kambal» nomli romanni rus tilida yozish bilan bandman. Shu o‘rinda ba’zi vatandoshlarimizning "Nega o‘z ona tilingiz turib, rus tilida yozasiz?" deydigan savoliga javob berib ketsam: men o‘z ona tilimizda ham ko‘plab kitoblar yozganman. U kitoblar qo‘lyozma holatida faylu fleshkalarda saqlanmoqda. Nasib etsa, bir kuni ular ham o‘z ona vatanimda, O‘zbekistonda nashrdan chiqib, kitob do‘konlari va kutubxonalar peshtaxtasidan joy olar, xalqimiz qo‘liga yetib borar.
Rus tilida yozishimga sabab o‘zbek adiblari nafaqat o‘z ona tilida, balki o‘zga tillarda ham yoza olish qudratiga ega ekanligini butun dunyo oldida namoyish etish. Vaholanki, asarning qaysi tilda yozilgani emas, qay darajada yozilgani muhim. Qolaversa, o‘tmishdagi ota bobolarimiz asarlarini arab va fors-tojik tillarida ham yozganlar.
– «G‘afur G‘ulomni yod etib» nomli maqolangizda «Shum bola» asari juda yaxshi tahlil qilingan, ko‘pchilik yumor deya qabul qilgan bu asarning fojiasini mufassal tasvirlagansiz. Shu maqolaga to‘xtalsak...
– Kulgisevar xalqimizning qaysidir qatlami asarni hajviy asar, deya qabul qilgan bo‘lsa bordir. Hali oddiy xalq ekan, hatto u asardagi dramatik fojia ko‘lamini, konspirologik mazmun-mohiyatni hatto G‘afur G‘ulomning o‘z zamondoshlari, ilg‘or ziyolilar, yozuvchi shoirlar ham anglab yetmagan.
Anglaganlarida allaqachon G‘afur G‘ulomning ustidan NKVDga donos yozib, shoirimizning sho‘rini quritgan va G‘afur G‘ulom, Qodiriy, Cho‘lponlar qatori vahshiylarcha qatl etilgan bo‘lar edi...
Usmon Nosirni ham aslida o‘zimiznikilar sotgan va Jugashvilining o‘lim lageriga jo‘natishgan... Bunga Usmonning haqiqiy shoirlarga xos tizginlab bo‘lmaydigan, hech qanday idishga sig‘maydigan olov jununi, isyonkor ruhi sabab bo‘lgan.
Shuning uchun men ba’zida kulib, yaxshiyam o‘sha zamon ziyolilari va ijodkorlari G‘afur G‘ulom yozgan «Shum bola» qissasini oddiy hajviy asar deya qabul qilib, yalqov kallalarini ishlatib, asarni chuqurroq tahlil qilmaganlar, deyman...
– Muxlislaringiz she’rlaringizda G‘arb ohangi sezilishi, ularda kechinmalar asosiy rol o‘ynashi va originallik yuksakligini aytadi. Buning siri nima?
– Agar xabaringiz bo‘lsa, rassomlar asarlari yaxshi chiqishi uchun mo‘yqalamni tez-tez tozalab, iloji biricha ranglarni "kir qilmaslikka" harakat qiladi. Men ham nimadir yozsam, so‘zlarni "kir qilmaslikka" harakat qilaman. Balki bu men yozgan she’rlarda mavjud tiniq tuyg‘ular, lirik kechinmalar surati o‘ziga ijtimoiy, siyosiy baqir-chaqir, g‘iybatu fitna fasod "balchig‘i"ni yuqtirmagani uchundir.
Men ijtimoiy-siyosiy she’rlar yozilishiga qarshi emasman, aslo. Faqat o‘sha ijtimoiy mavzulardagi voqealikni manzaralarga omixta tuyg‘uli tashbehlar bilan ifodalash tarafdoriman xalos. Muammolarni baqir-chaqir qilmay, o‘z boshiga o‘zi kul sochib, faryod chekmay ham aytsa bo‘ladi, demoqchiman.
– Sherali Jo‘rayev «Vatan» nomli she’ringizni maromiga yetkazib kuylangan. Xalqimizning ko‘nglidan joy olgan bu she’rning yozilish tarixi qanday bo‘lgan?
– Bir kuni tush ko‘rdim: ikkita farishta havoda muallaq turar, ulardan birining qo‘lida oppoq kabutar. Kabutarning oyog‘iga maktub qistirilgan. Yonidagi sherigi haligi farishtaga qarab, jilmayganicha menga ishora qilib, "Maktubni unga ber, bu uniki", dedi. Farishta maktubni kabutarning oyog‘idan chiqarib, menga uzatdi. Men maktubni oldimu uyg‘onib ketdim. Keyin ayolimni uyg‘otib, unga ko‘rgan tushimni aytar ekanman, "Tushimda menga maktub berishdi, hoynahoy u dunyodan chipta keldiyov. Menga biron narsa bo‘lsa, bolalarni ehtiyot qil, qo‘lyozmalarim yo‘qolib ketmasin", dedimu nahotki endi hammasi tamom, deb o‘yladim. Xotinim qo‘rqib, yig‘lay boshladi.
"Unday demang, ilohim ko‘rgan tushingiz yaxshilikka buyursin. Bolalarimizga o‘zingiz bosh bo‘ling", dedi u astoydil yig‘lab.
Shundan keyin negadir mening yozgim keldi va stol lampasini yoqib, yoza boshladim. O‘sha yozayotganim «Vatan» nomli she’r edi. Ertasiga ishga bormasammikin, tag‘in yo‘lda avtohalokatga uchrab..." degan shum fikr keldi miyamga. Keyin "E, qazosi yetsa, qozi o‘libdi. Peshonamda bo‘lsa, uyda ham o‘lib qolaveraman", dedim-da, ishga jo‘nadim. Oradan bir necha oy o‘tgach, tush yodimdan ham chiqib ketdi. Bir kuni shahrixonlik hofiz Tolibjon Zokirov telefon qilib, "Holdor aka, hozir tik turibsizmi yo o‘tiribsizmi?" dedi. "Tik turibman, tinchlikmi, hofiz?" dedim men hayron bo‘lib.
"O‘tirib oling. Yana men aytgan xabardan qulab tushmang", dedi battar hayratlantirib.
Tolibjon "Tabriklayman, Sherali Jo‘rayev «Vatan» nomli she’ringizni qo‘shiq qilib, Toshkentdagi «Xalqlar do‘stligi» saroyida aytibdi! Erkin Vohidovning «O‘zbegim» nomli she’riga, Abdulla Oripovning «O‘zbekiston Vatanim manim» she’riga va sizning «Vatan» she’ringizga bastalangan qo‘shiqlarni kuylabdi", dedi u.
To‘g‘risi, ishonmadim. Tolibjon qo‘shiqni eshittirdi.
Qo‘shiq tugagach, men unsiz yig‘layotgan edim. Chunki hukumat "oyboltasi"dan hayiqmay, doim haqiqatni aytgani uchungina turtkilanib, davralarga o‘gay bo‘lib yurgan bir dissident shoir qadr-qimmatining joyiga qo‘yilishi edi bu.
Qo‘shiqni eshitib, o‘zimni xuddi adabiyot bo‘yicha xalqaro «Nobel» mukofotiga sazovor bo‘lgan yozuvchiday his qildim. «Vatan» she’ri elimizning eng sevimli hofizlaridan biri Sherali Jo‘rayev tomonidan qo‘shiqqa aylantirilganini bilib, ha, she’rni rostdan ham tushimda farishtalar olib kelgan ekan, deya o‘yladim...
Abbos YO‘LDOSHEV suhbatlashdi