Adabiyotimizdagi rostgo‘ylik timsoli
O‘zbekiston Qahramoni, mohir adabiyotshunos olim, haqgo‘y va to‘g‘ri so‘z ustoz Ozod Sharafiddinov tavalludiga 93 yil to‘ldi.
Shu munosabat bilan poytaxtimizdagi “Adiblar xiyoboni”dagi Ozod Sharafiddinov haykali poyida mohir munaqqid ijodiga bag‘ishlangan ma’rifiy tadbir bo‘lib o‘tdi.
O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi raisi, xalq shoiri Sirojiddin Sayyid, Ozod domlaning o‘g‘li, huquqshunos olim Alisher Sharafiddinov ustozning ijodi, matonati, hayot yo‘li haqida batafsil so‘z yuritdilar.
– Otam umrilarining eng so‘nggi damlarida “Oybek domla tushimga kirdilar, ular haqida mukammal maqola yozish niyatim bor”, deb jazm etdilar, – deya xotirlaydi Alisher Sharafiddinov. – Salomatliklari, umuman ahvollari nihoyatda og‘ir bo‘lishiga qaramay “Millatni uyg‘otgan adib” sarlavhali zalvorli maqola yozdilar. Uni qayta-qayta bir necha marta yozganlari ijodga bo‘lgan mas’uliyat, o‘z-o‘ziga bo‘lgan talabchanlikdan darak beradi. Umuman, otam odamlarni yaxshilik tomonga o‘zgartiradigan mukammal ijod tarafdori edilar.
[gallery-5951]
Darhaqiqat, Ozod Sharafiddinov milliy adabiyotimizning uyg‘oq vijdoni edilar. Ustoz adabiy asarlar, umuman, adabiy jarayonni mahorat bilan tahlil etish, tashxis qo‘yish barobarida ko‘plab mukammal asarlarni ham kitobxonlarga taqdim etgan fidoyi ijodkordir.
– Qatag‘on bo‘lgan ijodkorlarning nomini tiklash, ularning ijodini o‘rganish, targ‘ib etish Ozod Sharafiddinov ijodida ustuvor ahamiyat kasb etardi, – dedi shoir Rustam Musurmon. – Ozod domla millatning ustoziga aylangan inson edilar, desak yanglishmaymiz. Yangi O‘zbekiston poydevorini yaratish jarayonida Ozod akaning haqgo‘y asarlari, so‘zlari, jasoratli ijodi g‘oyat katta ahamiyat kasb etadi.
Ozod Sharafiddinovning “Zamon. Qalb. Poeziya”, “Tirik satrlar”, “Ijodni anglash baxti”, “Dovondagi o‘ylar”, “Domlalar” kabi ko‘plab asarlari, adabiyotshunoslikka oid maqolalari, mukammal tarjimalari ijodning yuksak namunasidir. Bu asarlar yaqin davrning siyosiy, ijtimoiy, tarixiy holati, ijodkorlarning hayoti, faoliyati, insoniy faoliyati, olimning qarashlari, hayotiy pozitsiyasi, har bir holatga, voqelikka haqgo‘ylik bilan yondoshganini yana bir karra namoyon etadi.
Tadbirda Ozod Sharafiddinov ijodi, ma’naviy jasoratga to‘la hayoti haqida batafsil so‘z yuritildi. Ustoz haykali poyiga gullar qo‘yildi.
Nazokat Usmonova, O‘zA muxbiri