Shukur Xolmirzayev umr bo‘yi hech kimga bo‘ysunmasdan, mustaqil ijod qilgan, o‘z so‘zini ayta olgan, adabiyotga soxtalik va yolg‘onni yaqinlashtirishni o‘ziga ep bilmagan adiblardan biri edi.
O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasida atoqli adib, O‘zbekiston xalq yozuvchisi Shukur Xolmirzayev tavalludining 85 yilligiga bag‘ishlangan adabiy anjumanda shu haqda so‘z yuritildi.
O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi raisining o‘rinbosari G‘ayrat Majid, O‘zbekiston Qahramoni, akademik, adabiyotshunos olim Ibrohim G‘afurov, O‘zbekiston xalq shoiri Usmon Azim, adabiyotshunos olim, professor Qozoqboy Yo‘ldoshev, “Do‘stlik” ordeni sohibi, atoqli shoir Shodmonqul Salom va boshqalar Shukur Xolmirzayev ijod yo‘li, ustoz adib asarlarining ibratli jihatlari xususida atroflicha so‘z yuritdilar.
[gallery-22435]
– Shukur Xolmirzayev xotirasini Navro‘z va Ramazon shukuhi kezib yurgan shunday tabarruk kunlarda eslash juda katta savob, – dedi O‘zbekiston Qahramoni, akademik, adabiyotshunos olim Ibrohim G‘afurov. – Farzandi Sayyoraxon uning asarlarini jamlab, 5 tomlik kitob holida chop etish bo‘yicha tinimsiz ishlamoqda. Bu yerga kelishdan avval Shukur Xolmirzayevning yaqinda nashrdan chiqqan ko‘p jildli asarlarining birinchi jildini o‘qib chiqdim. 60-yillarda ilk marta o‘qilgan ushbu hikoya va esselar, qissa va romanlar endigi mutolaa davomida kitobxonda butkul o‘zgacha taassurot, kechinmalar uyg‘otadi. Bu esa Shukur Xolmirzayev badiiyatining betakrorligini ko‘rsatadi. Adib jahonning ilg‘or yozuvchilari ijodi bilan bemalol bo‘ylasha oladigan asarlar yaratgani diqqatga sazovor. Shukur tabiatni, yerni juda yaxshi ko‘rar edi. Bularning barchasi uning asarlarida o‘zining yorqin ifodasini topgan.
– Shukur Xolmirzayev nomini maktabda o‘qib yurgan paytlarimdanoq eshitgandim, – dedi O‘zbekiston xalq shoiri Usmon Azim. – Uning Xudo bergan iste’dodi juda baland edi. Shukur akaning so‘z ishlatish san’ati, so‘zni qo‘llash mahorati juda yuksak darajada edi. U rassomlar, san’atkorlar, teatr ijodkorlari bilan do‘st edi. Shukur akadan adabiyotga toza, halol yondashishni, so‘z san’atiga chin yurakdan, pokiza yurak bilan munosabatda bo‘lishni o‘rganish kerak, deb o‘ylayman.
Adabiyotshunos olim, filologiya fanlari doktori Qozoqboy Yo‘ldoshevning ta’kidlashicha, Shukur Xolmirzayev milliy adabiyotimizga oddiy odamlar so‘zlashadigan tilni olib kirgan. Cho‘pon, shofyor, ko‘chada yurgan bola, umuman oddiy odamlarning so‘zlashuv tili Shukur aka asarlari orqali adabiyotimizga kirib keldi. Tariximiz, urf-odatlarimizni juda yaxshi bilgan adibning asarlari o‘quvchi qalbini poklashga xizmat qilishi bilan ahamiyatli.
Aytish kerakki, Shukur Xolmirzayev 1940 yil 24 mart kuni Surxondaryo viloyati Boysun tumanida tug‘ilgan edi. 1963 yilda Toshkent davlat universiteti – hozirgi Mirzo Ulug‘bek nomidagi O‘zbekiston Milliy universitetining jurnalistika fakultetini tugatgan.
Dastlabki hikoya va ocherklari 1958 yildan nashr etila boshlangan. “Oq otli” (1962), “To‘lqinlar” (1963), “O‘n sakkizga kirmagan kim bor?” (1965) qissalari, shuningdek, yozuvchining shu davrda yozgan hikoyalari “Olis yulduzlar ostida” (1971), “Hayot abadiy” (1974), “Og‘ir tosh ko‘chsa…” (1980), “Yo‘llar, yo‘ldoshlar” (1984), “Bodom qishda gulladi” (1986), “Tog‘larga qor tushdi” (1987) singari to‘plamlaridan o‘rin olgan.
Adib “So‘nggi bekat” (1976), “Qil ko‘prik” (1984), “Yo‘lovchi” (1987), “Olabo‘ji” (1992), “Dinozavr” (1-kitob, 1996) kabi romanlar muallifi edi. “Qora kamar” (1987), “Ziyofat” (1990 yili sahnalashtirilgan) dramalari ham bor.
Ustoz ijodkor Hamza nomidagi Respublika Davlat mukofoti (1989), O‘zbekiston xalq yozuvchisi (1991) faxriy unvoni hamda “Mehnat shuhrati” (1999) ordeni bilan taqdirlangan.
Keyingi yillarda adibning kitoblari tez-tez chop etilmoqda. Hususan, “Tanlangan asarlar” 1-, 2-, 3-, 4-, 5-jildlari, “Bandi burgut” (2014), “Kimsasiz hovli” (2015), “O‘n sakkizga kirmagan kim bor” (2015, 2018), “Shukur Xolmirzayev: tanlangan asarlar” (2020), “Men adabiyotni qismatim deganman...” (2023) va boshqa kitoblari shular jumlasidandir.
Darhaqiqat, Shukur Xolmirzayev o‘zbek hikoyachiligini ustoz Abdulla Qahhordan keyin yangi, yuqori bosqichga ko‘targan yozuvchilardan biridir. Uning hikoya, qissa va romanlari tesha tegmagan voqealarga bag‘ishlangani, xarakterlarga boyligi bilan ajralib turadi.
Adib o‘z hikoyalarida Abdulla Qodiriy, Abdulla Qahhor kabi atoqli yozuvchilarning eng yaxshi an’analarini davom ettirish bilan birga, o‘zbek hikoyanavisligini rus va Yevropa yozuvchilarining badiiy tajribalari bilan ham boyitdi.
Tadbirda Shukur Xolmirzayev bilan bog‘liq iliq xotiralar yodga olindi, uning adabiy merosiga yana bir bor nazar tashlandi.
Adabiyot muxlislari adibning asarlarini tarjima qilish, uning ijodini keng targ‘ib qilish borasidagi takliflarini bayon qildi.
Nazokat Usmonova,
Oybek Pardayev (surat),
O‘zA