O‘zbekiston Kinematografiya agentligi tomonidan tashkil etilgan “Tirik tarix” loyihasi doirasida o‘tkazilgan “Maxsus adabiyot” o‘quv kursida O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti maslahatchisi, taniqli davlat va jamoat arbobi, ustoz adib Xayriddin Sultonov ma’ruza qildi.
"Mustaqillik davri adabiyotining kino san’atida tutgan o‘rni" mavzusidagi ma’ruza davomida kinoijodkorlarning adabiyot ahli, ayniqsa yozuvchi va shoirlar bilan uzviy hamkorligi xususida batafsil so‘z yuritildi.

E’tirof etilganidek, badiiy jihatdan barkamol kino asarlarini yaratishda rejissyorlarning yozuvchi va shoirlar bilan uzviy hamkorligi kutilgan ijobiy natijalarni berishi shubhasiz.
Qayd etilganidek, xalqimiz tomonidan hali-hanuz sevib tomosha qilinadigan "Mahallada duv-duv gap" badiiy filmining ssenariysi dastlab rus tilida yozilgan edi. Film rejissyori Shuhrat Abbosov mazkur ssenariyni o‘zbek tiliga o‘girish uchun atoqli adib, O‘zbekiston xalq yozuvchisi Abdulla Qahhordan iltimos qiladi. Ustoz adib bunday mas’uliyatli yumushga shunday mahorat va o‘zbekona milliy ruh bilan yondoshadiki, go‘yo mutlaqo yangi asar yaratilgandek edi. Shu sabab oradan necha yillar o‘tsa hamki, mazkur film hozirgacha xalqimiz tomonidan sevib tomosha qilinadi.

"Shum bola" filmini ham shunday badiiy barkamol ekran asarlari qatorida sanash mumkin. Taniqli kinorejissyor Damir Salimov suratga olgan kartina muvaffaqiyatida taniqli jurnalist va tarjimon, muharrirlik ilmini manhaj darajasiga olib chiqqan inson, G‘afur G‘ulomning shogirdi Vahob Ro‘zimatovning ham xizmatlari beqiyos.
Ta’kidlanganidek, bugungi kunda milliy kino sohasida samarali ijod qilib kelayotgan mahoratli rejissyor Zulfiqor Musoqov ham adabiyotga g‘oyat yaqin bo‘lgan insondir. Ustoz rejissyor ijod yo‘lining ilk yillarida uning hikoyalari "Yoshlik" jurnalida ham nashr etilgani alohida qayd etildi.
Muloqot davomida kinochilarning yozuvchi va shoirlar bilan hamkorligini tobora kuchaytirish va mustahkamlash, kinematografiya va adabiyot uyg‘unligini ta’minlash bugungi kunda g‘oyat dolzarb ekani alohida ta’kidlandi.
N.Usmonova, O‘zA