Adabiyot muxlislari axtarib o‘qiydigan kitob
Atoqli va ardoqli shoir Rasul Hamzatov hech qanday qoliplarga sig‘maydigan, yurak qonuniyati bilan ijod qiladigan inson edi.
O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi “Adabiyot“ nashriyotida Rasul Hamzatovning “Tanlangan asarlar“ kitobi chop etildi.
O‘zbekiston xalq shoiri Sirojiddin Sayyid loyiha rahbari bo‘lgan ushbu kitobni taniqli ijodkor, O‘zbekiston Respublikasida xizmat ko‘rsatgan jurnalist Asror Mo‘min ona tilimizga tarjima qilgan.
Ma’lumki, Rasul Hamzatov ijodi insonparvar ruhi, milliy merosga, xalq ijodiyotiga tayanishi, osuda hayot, do‘stlik, Vatan, onalarni ardoqlashdek g‘oyalarga yo‘g‘rilgani, tinchlik va osoyishtalikning qadr-qimmati tarannum etilgani bilan ahamiyatlidir.
Rasul og‘a she’riyatida shoirning o‘z Vatani – Dog‘istonning tengsiz ekani, bu yurt odamlarining g‘ururi, sha’ni, or-nomusi ustuvorligi, oddiy hayot haqiqatlari, hikmatlari ulug‘lanishi bilan millionlab kitobxonlar e’tiborini qozongan.
Ijodidagi boy milliy bo‘yoqlar ko‘zga tashlanishi, o‘ziga xos fikrlar, hikmatlarga boyligi, milliy o‘zlik va g‘urur ustuvorligi sabab atoqli avar shoirining asarlari dunyo xalqlarining ko‘plab tillariga tarjima qilinib, millionlab tirajlarda chop etilgan, odamlar mehri va ixlosini qozongan. Bu jarayon hali-hanuz davom etmoqda.
“Tanlangan asarlar“da o‘quvchilar muallifni yaqindan bilishlari uchun zamondosh adiblarning Rasul Hamzatov haqidagi e’tiroflaridan lavhalar keltirilgan.
Kitobga kiritilgan Rasul Hamzatovning “Mening Dog‘istonim” badiasi jahon adabiyoti durdonalari qatoridan o‘rin olgan. Badiada Vatanga muhabbat, milliy urf-odatlarga, umuminsoniy qadriyatlarga hurmat, sof sevgiga sadoqat ajib rang-bo‘yoqlarda tasvirlangan. Benazir shoir bu asarida xalq hikmatlari, iboralari, hikoyatlaridan unumli foydalangan. O‘zining qiziqarli ko‘rgan-kechirganlari, esdaliklari, asar ruhiga yo‘g‘rilib ketgan purma’no she’rlari esa badiaga tarovat bag‘ishlagan. Shu bois sevimli shoirimiz Abdulla Oripovning aynan shu badiaga yozgan so‘zboshisi, so‘ngra asarning o‘zi berilgan.
Muallifning “Onalarni asrang” dostonida dunyodagi eng mehribon, eng mehnatkash va eng aziz zot bo‘lgan onalar tarannum etilgan. Shoir faqat o‘z onasi haqidagina emas, jahondagi mehribonlik timsoli bo‘lgan barcha onalar to‘g‘risida yozgani uchun doston turli yoshdagi, turli millat kishilari, turli kasbdagi, hatto ilgari she’r o‘qimagan, avval Rasul Hamzatov nomini eshitmaganlar o‘rtasida ham katta qiziqish uyg‘otdi. Onalarga atalgan bu doston sevib o‘qildi va hamon sevib o‘qilmoqda, bundan keyin ham sevib o‘qilaveradi. Chunki dostondagi voqelik hayot haqiqatining ifodasi emas, balki hayot haqiqatining o‘zidir.
Rasul Hamzatovning samimiy yozilgan muxtasar “O‘zim haqimda uch og‘iz so‘z” sarlavhali tarjimai holiga ham kitobda alohida o‘rin berilganki, uni o‘ziga xos ibrat namunasi, deyish mumkin. Jahon adabiyoti xazinasidan o‘rin olgan asarlari bilan yer yuzini quyosh nuriday munavvar etgan shoir hali burgut yuksakligiga ko‘tarilmaganligiga iqror bo‘lib, o‘z oldiga yuksak maqsadlarni qo‘yib asosiy kitobini yozishga chog‘lanayotganini bayon etadi. Shoirning bu dil izhori har bir o‘quvchini tarjimai holni qotirib yozishgagina emas, balki taniqli shoirdan namuna olib, Vatanga, xalqimizga chin yurakdan sadoqat bilan xizmat qilishga undaydi.
Shuningdek, yosh kitobxonlarga ma’lumot berish maqsadida tarjimon Asror Mo‘minning Rasul Hamzatov hayoti va ijodiga bag‘ishlangan maqolasi kiritilgan. Maqola kitobxonlarning shoir haqidagi bilimlarini boyitadi.
Kuni kecha nashrdan chiqqan Rasul Hamzatovning “Tanlangan asarlar” kitobi adabiyot muxlislariga ajoyib tuhfa bo‘ldi. To‘g‘ri, avval ham uning she’rlari O‘zbekiston Qahramoni, O‘zbekiston xalq shoiri Erkin Vohidov, Zohidjon Obidov, Jumaniyoz Jabborov, Mashrab Boboyev, Mirpo‘lat Mirzo, Matnazar Abdulhakim kabi ijodkorlar tomonidan ona tilimizga tarjima qilingan. Ustoz jurnalist, publitsist, adib Asror Mo‘min Rasul og‘a ijodini bugungi kunda o‘zbek kitobxonlariga taqdim etishda jonbozlik ko‘rsatayotgan fidoyi mutarjimlardan sanaladi.
Bir so‘z bilan aytganda, Rasul Hamzatovning “Tanlangan asarlar“i adabiyot muxlislari axtarib o‘qiydigan nashr bo‘lgani aniq.
N.Usmonova tayyorladi,
O‘zA