Ijod, adabiyot – katta maydon. Bu maydonda har bir qalamkash, so‘z ustasining o‘z o‘rni, darajasi bor.

Muhabbat Yo‘ldosheva – so‘z ixlosmandlariga yaxshi tanish adibalarimizdan. O‘ttizga yaqin kitoblar muallifi. Fantast – yozuvchi. Tarjimon, yozgan ertaklari nafaqat O‘zbekistonda, balki Rossiya, Ukraina, Qozog‘iston, Belarus, Hindiston, Serbiya, Belgiya, AQSH, Janubiy Koreya, Misr kabi xorijiy mamlakatlarda ham chop etilgan.

Kino san’ati rivojiga imkon qadar o‘z hissasini qo‘shib kelyapti – 400 ga yaqin badiiy film va 20 dan ortiq teleseriallarni ona tilimizga o‘girgan. Yana bir yaxshi fazilatlari – yosh o‘zbek adiblari asarlarini tarjima qilib, ularni targ‘ib qilishdek vazifani ham yelkalariga olgan. Bir so‘z bilan aytganda, tom ma’nodagi ziyoli. Muhabbat opa Yo‘ldosheva bilan kechgan suhbatimiz shular to‘g‘risida bo‘ldi.

– Muhabbat opa, tarjimai holingizga qarab, «Shuncha ishni qilishga qachon va qanday ulgurgansiz?» degan savol xayolga kelaveradi...

– Agar xohish bo‘lsa, odamzod har qancha ishni bajarishga qodir bo‘ladi. Ba’zan esa majburiyat taqozo qiladi... 20-22 soatlab ishlashga to‘g‘ri kelardi. Ayniqsa, dublyajda ishlaganimda, mizg‘ib olishga vaqt ham bo‘lmasdi. Filmlar efirga ketishidan 4-5 kun oldingina tarjimaga berilardi, ba’zi filmlarni tarjima qilishning o‘ziga kamida 3 kun vaqt ketardi. Men esa dublyajdan tashqari yana gazetada muharrir bo‘lib ham ishlardim, shuning uchun kunduzi gazetadagi ishimni bajarib, tunda uyqu hisobidan film tarjima qilishimga to‘g‘ri kelardi. Yaxshiyamki, bu paytda farzandlarim ulg‘ayib qolishgan, baholi qudrat yordam berishardi. Ba’zan qizim 2-3 soat uxlab dam olishga majburlab, ungacha o‘zi ishimni davom ettirib turishini aytardi. Tun yarmidan oqqanida, qizim film tarjima qilayotib, qattiq charchaganidan kompyuter ekraniga tikilganicha uxlab qolganini ko‘rgan o‘g‘lim opasini uyg‘otib, uxlashga jo‘natar va o‘zi tarjima qilishga o‘tirardi. Uyg‘onganimda kinoning anchagina qismi tarjima qilib qo‘yilganini ko‘rardim... Shu tariqa, men qo‘l urgan, shug‘ullangan har bir ishda farzandlarimning ham hissasi bor.

– Ahyon-ahyonda biror o‘zbek shoir-yozuvchisining asari chet el nashrlarida chop etilgani quloqqa chalinadi. Afsuski, bunday quvonchli xabarlarni har doim eshitavermaymiz. O‘zbek adabiyotini jahon miqyosiga olib chiqishga to‘sqinlik qiluvchi eng katta muammo nimada, deb o‘ylaysiz?

– O‘zbek adabiyotini jahon miqyosiga olib chiqishdagi eng katta muammo bu – til bilmaslik. Yurtboshimiz bekorga chet tillarini o‘rganishni kuchaytirishga e’tibor qaratayotganlari yo‘q. Adabiyot millatlarni o‘zaro bog‘lovchi rishta. Adabiyotni dunyoga olib chiquvchi asosiy vosita esa – til! Yurtimiz mustaqillikka erishgach, ijodkorlar dunyo adabiyotiga qo‘shilish, o‘z asarlarini xorijiy nashrlarda erkin chiqartirish, o‘zbek adabiyotining bor go‘zalligini dunyoga namoyon etish imkoniyatiga ega bo‘ldilar. Afsuski, chet tillarini bilmaslik ijodkorlar uchun ochilishi murakkab eshikligicha qoldi. Hatto, ijodkor o‘z asarini bir amallab chet tiliga tarjima qildirib olganida ham, uni xorijiy nashrlarga tavsiya etolmaydi, chunki muharrirlar bilan gaplashish uchun ham til bilishi kerak! Vaholanki, chet tillarini biladigan ijodkor kimgadir mahtal bo‘lmay, asarini o‘zi tarjima qilib, bemalol chet ellarda chiqartira oladi.

– Bilishimizcha, siz ko‘pgina yosh ijodkorlarning asarlarini xorijiy nashrlarda chiqartirishga yordam beryapsiz...

– Aniqrog‘i, men o‘zbek adabiyotini chet ellarda targ‘ib qilish bilan shug‘ullanaman va xorijiy nashrlarga yosh ijodkorlarning asarlarini tavsiya etaman. Asarning milliy, o‘ziga xos tomonlari haqida hamkorlarga tushuntirish beraman. Tanlash imkoniyati, albatta, nashr muharrirlarida bo‘ladi va ular o‘zlariga ma’qul bo‘lgan asarni chop etishadi. Katta, tajribali ijodkorlar nima qilish zarurligini yaxshi bilishadi, shu bois men ko‘proq yosh ijodkorlarga yordamlashaman. Chunki yoshlar, baribir – yosh. Mening ko‘magim o‘zbek adabiyotining munosib namunalari chet ellik o‘quvchilarga yetib borishini osonlashtiradi, deb hisoblayman.

– O‘zbek adabiyotini targ‘ib qilish borasidagi ishlaringizni xorijiy nashrlar muharrirlari qanday qabul qilishadi?

– O‘zbek yozuvchilarining asarlarini tavsiya etganimda muharrirlar ortiqcha ajablanishmaydi. Ba’zi nashrlar tahririyati meni tanigani bois ularga tavsiya etayotgan asarlarimning o‘zbek adabiyotida tutgan o‘rni haqida ortiqcha shubhaga borishmaydi. Masalan, 2019 yilda yozuvchi Baxtiyor Abdug‘afurning «Uzbechka» romanini rus tiliga tarjima qilganimdan so‘ng shunday yaxshi asarni rus o‘quvchilariga qanday qilib yetkazish haqida bosh qotira boshladim. Shunda Moskvadagi «Veche» nashriyotining bosh muharriri Vitaliy Pishchenko esimga tushdi. Vitaliy Ivanovich Pishchenko rossiyalik mashhur fantast-yozuvchi, O‘zbekistonga va o‘zbek adabiyotiga katta hurmat bilan yondashadigan odam. U 1988 yilda Toshkentda o‘tkazilgan Butunittifoq yosh fantast-yozuvchilar seminariga rahbarlik qilgan, o‘sha paytlari menga katta yordam bergandi. Men haddim sig‘ib, «Uzbechka»ni Vitaliy Ivanovichga jo‘natdim. Shu tariqa 2020 yili Moskvada o‘zbek yozuvchisining romani nashrdan chiqdi.

Donetskda chiqadigan «Avtograf» adabiy jurnalining bosh muharriri Larisa Deminskaya tahririyatga jo‘natilgan asarlar mualliflari bilan shaxsan o‘zi elektron pochta orqali muloqotda bo‘lishni ma’qul ko‘radi. Bir safar yosh bir adibaning asarini tarjima qilib, «Avtograf»ga jo‘natganimda, Larisa Alekseyevna mualliflarning o‘zi bajarishi kerak bo‘lgan ishni qilishimdan menga biron manfaat bor-yo‘qligini so‘radi. Men bu adibaning hatto elektron pochtasi ham yo‘qligini, boz ustiga, u rus tilini yaxshi bilmasligi sababli muharrir bilan muloqotda bo‘lolmasligini, agar asarning mazmuni yoki tarjimasi borasida muammo chiqib qolgudek bo‘lsa, muharrirdan kelgan xatni muallifga tarjima qilib berishim uchun ortiqcha vaqtim ketishini, bu faoliyatimdan esa menga na moddiy va na ma’naviy manfaat yo‘qligini, shunchaki, savob uchun ishlashimni tushuntirdim.

– Asarlarni xorijiy nashrlarga tavsiya etish borasida muammolar ham uchrab turadimi?

– Bunday muammolarga odatda anglashilmovchilik sabab bo‘ladi. Shunaqangi holatlarning oldini olish uchun rus tilida chiqadigan nashrlarga faqat o‘zim badiiy tarjima qilgan asarlarni tavsiya etaman. Chunki ularning tarjimasi yoki mazmuni borasida biror muammo chiqib qolsa, nashr muharriri bilan o‘zim gaplashib, muammoni tezgina hal qilishim mumkin. Agar begona odamning tarjimasini jo‘natsam, to o‘sha tarjimonni topib, unga gap nimadaligini tushuntirib, xatolikni to‘g‘rilatgunimcha va keyin buni tushuntirish uchun nashr muharriri bilan yozishgunimcha ancha vaqt ketib qoladi.

Masalan, bir kuni yosh yozuvchilardan biri men rus tiliga tarjima qilib bergan asarni adabiy jurnal qabul qilmaganini aytdi. Men darhol bosh muharrir bilan bog‘landim. Muharrir tarjimaga e’tirozi yo‘qligini, lekin asar yaxshilik va ezgulikka undamaydigan tarzda yakunlangani sababli uni nashr etolmasligini aytdi. Men muallifga jurnalning e’tirozini tushuntirdim va u hikoyasi qaytarilganidan ranjimadi.

– Bolalarni kitob o‘qishga qiziqtirish borasida jahon tajribasidagi o‘zingizga yoqqan nimalarni ayta olasiz?

– Kitob o‘qishga qiziqtirishni bolaning tili chiqqanidanoq boshlash kerak, deb hisoblayman. Har holda men farzandlarimga alla o‘rniga ham ertak aytganman. Shu tufayli ham qizim 6 yoshidan, o‘g‘lim 4 yoshidan ertak to‘qiy boshlagan bo‘lsa kerak...

2018 yili Janubiy Koreyaning Kvanju shahrida Osiyo Madaniyat markazi (ASS) tomonidan tashkil etilgan Xalqaro Ertaklar seminarida ishtirok etdim. O‘sha yerda bolalar markazidagi kutubxonaga bog‘cha tarbiyalanuvchilari kelishganiga guvoh bo‘ldim. Bir-birining qo‘lidan tutgancha kitob javonlari orasidan o‘tib kelayotgan 2-4 yoshli bolajonlar tokchalardagi suratli kitoblarga ko‘zlari chaqnab tikilishar, hozir bog‘cha opalari qanday ertak o‘qib berishini taxmin qilib chug‘urlashardi.

Ertak kitoblar qo‘yilgan javonlar yonida turfa rangli chiroyli yostiqchalar uyib tashlangan edi. Bolajonlar mana shu yumshoq yostiqchalarda o‘tirgancha ertak tinglashar ekan... Kvanjudan qaytgach, safar taassurotlarini so‘zlab berayotganimda, qizim – bolalar yozuvchisi Gulnoz Tojiboyevada ajoyib bir g‘oya paydo bo‘ldi. «Agar bog‘chalarda "ertak soatlari" tashkil etilsa-yu, ularda bolalar yozuvchilari ishtirok etishsa, bolalarda kitobga va o‘qishga qiziqish judayam oshardi», dedi u.

– Mana, siz bilan ijod, kechagi, bugungi jarayonlar haqida suhbatlashyapmiz. O‘quvchilaringiz uchun hali ma’lum bo‘lmagan, ya’ni «tandirdan yangi uzilgan» yangilik bormi?

– 2021 yili iyun oyida Misrda nashr etilgan antologiyaga ingliz tilidagi uchta asarim kiritilibdi. Qozog‘istondan qozoq tilidagi ertaklar to‘plamim nashriyotning 2022 yil rejasiga kirgani haqida xabar keldi. Iyun oyida Rossiyadagi «Kamerton» jurnalida «Velikaya Molochnaya reka» nomli ertak-qissam chiqdi. AQSHdagi “International Writers Journal” adabiy jurnalning aprel-iyun sonida «Ertakchi sichqon» nomli ertagim ingliz tilida e’lon qilindi.

– Ayni kunda o‘tkazilayotgan va siz boshchilik qilayotgan “HUMO” ertaklar tanlovi haqida to‘liqroq ma’lumot bersangiz.

– “HUMO” ertaklar tanlovini o‘tkazishdan maqsad – O‘zbekiston va Qoraqalpog‘istonda yashab, ertak janrida ijod qilayotgan iste’dodli yosh ijodkorlarni aniqlash va ularning ijodiy rivojlanishiga ko‘maklashishdan iborat. Bu tanlov 2019 yilda ilk bor o‘tkazilgan edi. Tanlovni o‘tkazishda qizim – bolalar yozuvchisi Gulnoz Tojiboyeva va filolog Yelena Gryukalova yordam berishdi, o‘g‘lim – yozuvchi va tarjimon Xurshid Tojiboyev esa homiy bo‘lishni ma’qul topdi. Shuningdek, tanlovga homiylik qilgan «Donish chirog‘i» MCHJ rahbari, noshir Akmal Najmiddinov, fantast-yozuvchi Dilfuza Qo‘ziyeva, “Inside Kashkadarya” jurnalining bosh muharriri, yozuvchi Asror Allayorov hamda shoira Maryam Ahmedovaning yordami katta bo‘ldi. Bu yil O‘zbekiston Mustaqilligining 30 yilligiga bag‘ishlangan navbatdagi “HUMO” ertaklar tanlovini e’lon qildik. Tanlovga o‘zbekistonlik bolalar yozuvchilari bilan bir qatorda Tojikiston, Qozog‘iston, Ozarbayjon, Qirg‘iziston, AQSH va Rossiyadan bolalar yozuvchilari hakamlik qilishadi.

– Siz baxtlimisiz?

– Albatta, baxtliman! Bir uy kitobim bor. Ikkala farzandim ham izimdan kelyapti. Bularning hammasi – baxt.

– Muhabbat opa, sizdan nimalarni so‘rashimni xohlagandingizu, men shu savolni berolmadim?

– Bolalikdagi orzuim haqida... Odatda ko‘pchilik adiblar bolalikdan yozuvchi bo‘lishni orzu qilishgani va erta ijodga kirib kelishganini aytishadi. Yo‘q, bolalikda yozuvchi bo‘lish xayolimga ham kelmagan. Bolaligimda men kosmonavt bo‘lishni orzu qilardim. O‘sha paytlarda yagona kosmonavt ayol – Valentina Tereshkovaning surati doim yonimda yurar, koinotga tegishli qanday ma’lumot topsam, yodlab olardim, samodagi yulduzlar va raketalarning suratini chizib, xonam devoriga osib qo‘yardim.

Bir kun kelib albatta koinotga uchishimga, o‘ngimda ham, tushimda ham xayollarimni o‘g‘irlayveradigan yulduzlar sarhadiga yetib borishimga negadir judayam ishonardim. To‘g‘ri, bu orzuim shunchaki havas yoki xom xayollardan iborat emasdi. Men kosmonavt bo‘lish uchun juda katta bilim va mustahkam sog‘lik kerakligini yaxshi bilardim. Shuning uchun juda ko‘p kitob o‘qirdim, kuniga hech bo‘lmaganda bitta kitobni o‘qib tugatmasam, ko‘nglim joyiga tushmasdi. Shu sababli to o‘qishni bitirgunimcha maktabimiz va qishloq kutubxonasidagi kitoblarning barini o‘qib tugatdim. Garchi "a’lo"ga o‘qib, 10 yil davomida «5»dan boshqa baho olmagan bo‘lsam-da, baribir Rossiyadagi uchuvchilar bilim yurtiga hujjat topshirishga tayyorlanayotganim bois fizika, matematika, astronomiya fanlarini hamda rus tili va adabiyotini yanada chuqurroq o‘rganishga harakat qilardim.

Biroq, davlat imtihonlarini topshirish arafasida bizni qandaydir kasallikka qarshi emlashganida ignadan yuqqan "virusli gepatit" orzularimni chil-parchin qilishi xayolimga ham kelmagandi. Shundan keyin uchuvchilar bilim yurtini ham, koinotni ham orzu qilish ilojsiz... Maktabni oltin medal bilan bitirdim va... Moskvada chiqadigan «Aviatsiya va kosmonavtika» jurnalining muharriri V.Gorkov 1981 yilda menga yozgan maktubidagi «Har bir kasbning o‘z yulduzi bor. Uni yaxshi ko‘rish va muvaffaqiyatga ishonish kerak, shunda yulduzlarning o‘zi huzuringga keladi», degan so‘zlariga amal qildim-da, Toshkent politexnika institutining tog‘-metallurgiya fakultetiga o‘qishga kirdim. Lekin yulduzlar sog‘inchi meni sira qo‘yib yubormasdi. Shu bois fantast-yozuvchi sifatida adabiyotga kirib keldim. Mayli, yulduzlar sarhadiga yetib bora olmagan bo‘lsam-da, hozir ularning o‘zi huzurimga mehmonga kelishyapti...

O‘zA muxbiri
Alisher NARZULLO
suhbatlashdi

Oʻzbek
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Adabiyot – millatlarni o‘zaro bog‘lovchi rishta