Qirg‘iziston poytaxti Bishkek shahrida MDH davlatlari ilmiy-ijodiy ziyolilarining an’anaviy XUI forumi bo‘lib o‘tdi. Adabiyot, madaniyat va san’at, teatr va kino namoyandalari bugungi murakkab sharoitda milliy va umuminsoniy qadriyatlarga rioya qilish, ulug‘ adib Chingiz Aytmatov so‘zlari bilan aytganda, “Insonni inson maqomida saqlab qolish” uchun o‘zaro hamkorlik aloqalarini yanada kuchaytirish zarurligini ta’kidladilar.
Notiqlar bu borada O‘zbekistonda amalga oshirilayotgan ishlarga yuqori baho berdi. Forumda O‘zbekiston xalq artisti Yodgor Sa’diyev va yosh haykaltarosh Bahrom Norboyevga “Hamdo‘stlik yulduzlari” mukofoti topshirildi.
Dunyo hikmatlar xazinasiga to‘la ummonga o‘xshaydi. Bu xazinada olis o‘tmishdan, odamlar, mamlakatlar, tuzumlar tarixi va taqdiridan kelib chiqadigan va bugun uchun ham g‘oyat ahamiyatli saboqlar ko‘p. Gap ularni anglash, o‘tmish xatolarini takrorlamaslik, buyuk ajdodlar merosidan to‘g‘ri va unumli foydalanishda.
Buning uchun ko‘p narsa kerak emas, bugungi avlod tarixiy meros va tajribani unutmasa, milliy xotira zaiflashmasa, o‘zlikka qaytish jarayoni to‘xtamasa, muammolarni birgalikda hal qilish tuyg‘usi susaymasa bo‘ldi.
Hayotning o‘zi bir maqsad yo‘lida birlashib harakat qilishni kun tartibiga qo‘ymoqda. Davlatimiz rahbarining “Bir bo‘lsak yagona xalqmiz, birlashsak – Vatanmiz”, degan shiori bir mamlakat hududidan chiqib, dunyoga yoyilib ulgurdi: “Bir bo‘lsak, bu ona sayyorada tiriklikni saqlab qolamiz, birlashsak – torbora kuch olib kelayotgan iqtisodiy, tabiiy va ijtimoiy muammolarni keng ko‘lamda hal qila olamiz”.
Insoniyat uchun yagona beshik bo‘lib turgan Yer sharining taqdiri, ona zaminning ertangi kuni, kelajak nasllarning rizq-nasibasi insoniyatning shu kungi va bundan keyingi, faqat bir mintaqa yoki bir millat manfaatlarini emas, barcha-barchani o‘ylab qiladigan harakatlarimizga, bir-birimizni tushunishimizga, umumma’naviy va axloqiy qadriyatlarimizga bog‘liq bo‘lib turibdi. Buning bir necha asoslari bor, albatta.
Muttasil o‘zgarib, shu bilan birga, murakkablashib borayotgan bugungi dunyoning muhim xususiyati shundaki, endilikda jahonning o‘ta rivojlangan, iqtisodiy jihatdan baquvvat, qo‘lini qaysi tomonga uzatsa yetadigan davlati ham o‘z holicha, boshqalardan uzilgan holda, ijtimoiy-siyosiy, ilmiy-texnikaviy, madaniy-ma’rifiy aloqalarsiz yashay olmaydi. Chunki yangi sharoitning yangi muammolari mazmun-mohiyatiga ko‘ra keng qamrovli bo‘lib, ularni faqat birgalikda, bamaslahat, har bir tomon manfaatidan kelib chiqqan holda hal qilish mumkin. Shu boisdan ham O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning dunyo va mintaqa davlatlari bilan yaxshi qo‘shnichilik, do‘stlik, qardoshlik, manfaatli hamkorlik aloqalarini yangi bosqichga ko‘tarish, amaliy natijalar bilan boyitishga doir siyosati uzoq-yaqin mamlakatlarda ham g‘oyat xushnudlik bilan kutib olindi. Bu siyosat mamlakatimizni jahon hamjamiyatiga yangi qiyofada namoyon etmoqda. Bizga yondosh mamlakatlarda bu yo‘lning ijobiy natijalari, davlatlararo muhim bitim va kelishuvlar, chegaralardagi sun’iy to‘siqlarning olib tashlanishi, mamlakatimizda tashqi investorlar uchun huquqiy jihatdan kafolatlangan faoliyat muhitning yuzaga kelishi rasman e’tirof etilayotir.
Xalqlar o‘rtasida do‘stlik, o‘zaro ishonch tuyg‘usini mustahkamlashda adabiyot va madaniyat muhim ahamiyat kasb etadi. Buni birgina o‘zbek-qirg‘iz adabiy aloqalarida ham ko‘rish mumkin. Qirg‘iziston xalq yozuvchisi Ali To‘qamboyev bundan yetmish besh yil avval Alisher Navoiy haqida ilmiy maqola yozdi, “Layli va Majnun” dostonini qirg‘iz tiliga o‘girgan tarjimonlarga bosh-qosh bo‘ldi. Ustoz Mirtemir ulkan “Manas” eposining birinchi qismini zo‘r mahorat bilan o‘zbekchaga o‘girdi. Atoqli adib Chingiz Aytmatov ushbu tarjimani yuksak baholadi. Elliginchi yillardan boshlab mamlakatimizda qirg‘iz tilidan tarjima qilishga e’tibor kuchaydi. Bu davrda atoqli adib Tugalboy Sidiqbekovning “Zamonamiz kishilari”, “Tog‘ bolalari” va “Tog‘lar orasida” nomli uch romani Ilyos Muslim va Qodir Ahmadiy o‘girmasida chop etildi. Shukurbek Beyshenaliyevning bolalar uchun yozgan “Balli”, “Qichan” nomli ikki qissasi, Musa Jong‘oziyevning “Ajoyib tog‘lar” she’rlar to‘plami, “Moviy Issiqko‘lda” qissasi kabi o‘nlab asarlar o‘zbek o‘quvchilari qo‘liga borib yetdi.
Shundan keyingi yillarda qirg‘iz adabiyotining mumtoz vakili To‘qtag‘ulga bag‘ishlangan to‘plamlar, A.To‘qamboyevning “Do‘stlarimga”, Suyunboy Eraliyevning “Tog‘lar farzandiman”, Temirqul Umetaliyevning “To‘rg‘ay navosi”, Sooronboy Jusuyevning “Dovon” she’rlar to‘plamlari, Sh.Abdiramanovning “Tanishlarim”, To‘lagan Qosimbekovning “Singan qilich” romani, Mar Boyjiyevning “Mening oltin baliqcham” nasriy asari, qator dramalari nashr etildi. Bolalar uchun qirg‘iz xalq ertaklaridan iborat “Bir qalpoq oltin”, “Sehrgar bilan bola” singari kitoblar jajji o‘quvchilarga yaxshi sovg‘a bo‘ldi.
Qirg‘iz badiiy so‘z san’atining o‘zbek xonadonlariga kirib kelishida ikki ulkan adabiy voqelik – “Manas” eposi hamda ulug‘ yozuvchi Chingiz Aytmatov asarlarining o‘rni beqiyos. “Manas” eposi qisqartirilgan variant tarzida 1958 yili birinchi marta ilk bor uch jild (to‘rt kitob)da nashr etilgan. Bu noyob tarixiy yodgorlikni keyinchalik o‘zbek tiliga o‘girishda ustoz Mirtemir, Sulton Akbariy, Tursunboy Adashboyev, Zuhriddin Isomiddinovlarning xizmatlari katta bo‘ldi. Chingiz Aytmatovning asarlarini Asil Rashidov, Ibrohim G‘afurov, Suyun Qorayev, Abduraim Otametov, Mahkam Mahmudov, Nurali Qobul kabi mutarjimlar beqiyos mehnat qilishdi. So‘nggi yangilik – atoqli qirg‘iz adibi Tugalboy Sidiqbekov qalamiga mansub “Ko‘k yalov” tarixiy romanining o‘zbek tiliga o‘girilishi (tarjimonlar Ulug‘bek Abdusalomov, Hilola Abdusalomova) va “Jahon adabiyoti” jurnalida e’lon qilnishi, iste’dodli nosir Sulton Rayev hikoyalarining o‘zbek o‘quvchilariga yetib borishi bo‘ldi. Ayni kunlarda ulug‘ adib Chingiz Aytmatov asarlarining o‘n jildligi nashrga tayyorlanmoqda.
Bir qarashda muammo yo‘qday. Adabiy-madaniy aloqalar avvalgi so‘ronli shuhratiga qaytmoqda. Keksa avlod xotirasiga marjonday muhrlanib qolgan Toshkent kinofestivali, Hindistonni Bobur mirzodan keyin ikkinchi marta zabt etgan (Javoharla’l Neru) mashhur “Bahor” ansambli tiklandi. Yozuvchilar uyushmasining bugungi xalqaro aloqalari havasga arzigulik. Badiiy tarjima borasida faxr bilan tilga olinayotgan ishlarimiz bor. Xorijiy nashriyotlarda o‘zbekistonlik mualliflarning kitoblari chop etilmoqda.“Jahon adabiyoti” jurnali atrofida yirik-yirik asarlarni bevosita asliyatdan o‘girishga qodir iqtidorli tarjimonlar shakllanayotir. Ammo, xotirjam bo‘lishga erta.
Tarjimon nechog‘li mahoratli bo‘lmasin, asliyat tilini chuqur bilmasa, badiiy tarjimaga oid nazariy asoslardan boxabar bo‘lmasa, talab darajasidagi natijaga erisha olmaydi. Bu gap biror qissa yoki romanni ingliz, fransuz, koreys yoki arab tilidan o‘zbek tiliga o‘girayotganlargagina emas, qirg‘iz, qozoq, tojik, turkman, qoraqalpoq, turk, ozarboyjon tillaridan tarjima qilayotganlarga ham taalluqli. Negaki, bu yondosh tillarni tushunish g‘arb tillarini tushunishchalik murakkab bo‘lmasa-da, har bir tilning faqat shu tilgagina xos bo‘lgan ko‘pdan-ko‘p so‘z va atamalari borki, tarjimon ularni to‘g‘ri anglashi uchun ko‘p mehnat qilishi kerak. Bir -ikki misol. Qirg‘iz tilida yil fasllaridan biri “jaz” deyiladi. Yosh tarjimon bu so‘zni “yoz” deb o‘girishi mumkin, xolbuki, “jaz” qirg‘izchada “bahor” degani. Shu tilda “tuzox” degan so‘z bor. Ko‘plar uni “tuzoq” deb tushunadi, aslida “tuzox” – do‘zax degani.
Bunday misollarni boshqa yondosh tillardan ham keltirish mumkin. Nima qilish kerak? Tezroq yaxshi amaliy natija beradigan tadbirlarga o‘tishimiz zarur. Bugun zamonaviy dunyo ilmi ingliz tilida bo‘lgani uchun bu tilni o‘rganishga jiddiy e’tibor berilmoqda. Xitoy, yapon, koreys tillarini ham jadal o‘tganmoqdamiz. Fikrimcha, yoshlarimiz bu tillar qatorida qirg‘iz, qozoq, tojik, tukman, qoraqalpoq tillarini ham bilsalar, lug‘atshunos olimlarimiz, masalan, “O‘zbekcha-qozoqcha”, “Qozoqcha-o‘zbekcha”, “O‘zbekcha-qirg‘izcha”, “Qirg‘izcha-o‘zbekcha” kabi ixcham so‘zliklar ustida ish boshlasalar bag‘oyat ma’qul ish bo‘lar edi. Bu taklifning yana bir zaruriyati shundaki, yuqorida keltirilgan tillardan o‘zbek tiliga o‘girilgan asarlarni sanab sanog‘iga yetish qiyin. Birgina “Manas” eposi bir necha marta o‘zbekchaga o‘girilgan, ammo “Alpomish”, “Go‘ro‘g‘li” kabi dostonlarimizning boshqa qardosh tillarga tarjima qilingani haqida bunday deya olmaymiz. Bundan anglashiladigan xulosa shuki, adabiy-madaniy aloqalar ikki va ko‘p tomonlama bo‘lgandagina yaxshi natija beradi.
Badiiy adabiyot xazinasini o‘zining durdona asarlari bilan boyitgan Chingiz Aytmatovning ijodi bilan tanish bo‘lmagan kitobxonni topish qiyin bo‘lsa kerak. Adib asarlari dunyoning barcha qit’alarida sevib o‘qiladi. Har bir millat vakili ularni mutolaa qilar ekan, o‘zi, millati va vatani uchun dahldor ko‘p narsalarga duch keladi. Asar qahramonlari u bilan zamondosh, taqdirdoshday ayrimlarini hayotda ko‘rganday, muloqotda bo‘lganday tuyuladi.
Adib ijodi O‘zbekistonda keng tarqalgan va chuqur o‘rganilgan desak, mubolag‘a bo‘lmaydi. Bunda yuqorida nomlari keltirilgan tarjimonlar bilan birga, G‘aybulla Salomov, Akmal Saidov, Saydi Umirov, Pariza Muhammadjonova kabi taniqli olimlarning xizmati katta. Aytmatov fenomenini ilmiy jihatdan o‘rganayotgan tadqiqotchilar safida Mahkam Mahmudov, Yo‘ldosh Solijonov, Ilhom G‘aniyev, Adhambek Alimbekov, Oybibi Iskandarova, Vafo Fayzulloh, Suvon Meli, Zuhriddin Isomiddinov va boshqalar bor. Har yili mamlakatimizda adib ijodi xususida ko‘plab tadqiqot kitoblar chop etilayotgani g‘oyat quvonarlidir.
Adibning tog‘ va dasht mavzusidagi qissa va romanlari kitobxonni buyuk iste’dod egasi Chingiz Aytmatovning yangicha qarashli badiiy olamiga olib kirdi. Ustoz G‘aybulla Salomovning adib ijodining serma’no qirralari to‘g‘risidagi tadqiqotlari Chingiz og‘aga muhabbatimizni oshirdi. Ikki yondosh, qondosh xalq orasidagi azaliy do‘stlik rishtalari, adabiy, madaniy aloqalar adibning mahoratli qalami, jur’atli so‘zi, beg‘ubor qalbi, shuningdek, Chingiz og‘aning o‘zbek xalqiga bo‘lgan alohida mehr-muhabbati bois yanada rivoj topdi.
“Aytmatov ijodi bizga ko‘p jihatdan saboq bergulik maktabdir,− deb yozgan edi O‘zbekiston xalq shoiri Abdulla Oripov,− Mening uchun Aytmatov saboqlaridan biri quyidagicha: Chingiz og‘a o‘zining benihoya jasur iste’dodi bilan har qanday mahdud, qiyin sharoitda ham haqiqatni qiyomiga yetkazib, o‘rinlatib ayta bilishini isbotladi. Adibning “Alvido, Gulsari” asarini eslang. Asar qahramoni Tanaboyning ham, uning sodiq yo‘ldoshi Gulsari laqabli otning ham navqiron chog‘lari jamiyat xizmatiga sarf bo‘ldi. Biroq, ular qartaygach nazardan, e’tibordan qola boshladilar. Yozuvchi mana shu fikrni murakkab sharoitda katta mahorat bilan badiiy asarga aylantirdi. Bu gap bugungi kunda ham o‘z aktualligini, hayotiy qimmatini yo‘qotgan emas. Albatta, har qanday buyuk adibning ham o‘z uslubi, ohangi bo‘ladi. Tolstoyni Dostoyevskiydan farqlashda dohiyona belgilarni ilg‘ash mumkin bo‘lganidek, Aytmatov ijodini kuzatganda ham faqat unga xos bo‘lgan fazilatlarni darhol topa olamiz. Bular − chuqur insoniy falsafa hamda g‘oyat go‘zal poetik ruhdir”.
Aytmatov xalqimiz tarixi va madaniyatini, boy ma’naviy merosimizni yaxshi bilar, chuqur his etar, buyuk allomalarimiz bilan o‘zbek xalqi kabi faxrlanardi. Uning qissa va romanlari, publitsistik maqolalari, dolzarb ma’ruzalarida xalqimizning shonli tarixi, ajdodlarimizning olamshumul kashfiyotlari, Samarqand, Buxoro, Xiva kabi moziyga shohid shaharlarni bunyod etgan arxitektorlar bilan faxrlanish, Orol ko‘lining taqdiriga kuyunish, o‘zi oq, ammo ishi, mashaqqati qora, xarid narxi past paxta haqida mushohada yuritish ko‘plab uchraydi.
«Jamila»dagi Doniyor bizga yot emas. Turmush bu mushtdek bolani ne kuylarga solmagan, tirikchilik dardida u qayerlarga bosh urmagan. Doniyor ko‘p vaqt Chaqmoq dashtida qo‘y boqib yurib, voyaga yetgach, jazirama cho‘llarda kanal qazigan, yangi tuzilgan xo‘jaliklarda paxta ekib, ekin sug‘orib, oxiri Ohangaron shaxtalarida ishlab, o‘sha yerdan armiyaga ketgan edi.
«Cho‘qqida qolgan ovchining ohi-zori»da Chingiz Aytmatov Sohibqiron Amir Temurning Sheroz shahrida hofiz Sheroziy bilan bo‘lgan uchrashuvini yodga olib, ulug‘ hukmdorning quyidagi so‘zlarini keltiradi: «O‘z shoirini izlab yurgan podshoning qo‘l ostidagi xalq baxtli bo‘ladi. Biroq, o‘z hukmdorini izlab yurgan shoirning xalqi baxtsizdir».
Taniqli qirg‘iz dramaturgi Mar Boyjiyev bundan bir necha yil avval o‘zbekistonlik ziyolilar bilan suhbatda: “O‘zbekistonda bo‘layotgan ijobiy o‘zgarishlarni, Prezident Shavkat Mirziyoyev tomonidan olib borilayotgan siyosatni havas bilan kuzatib turibmiz. Ulug‘ millatdoshimiz Chingiz Aytmatovga bo‘lgan hurmat-ehtiromdan mamnunmiz. Qardosh jumhuriyatlarda o‘tkazilayotgan adabiy-madaniy tadbirlar xalqlar o‘rtasidagi do‘stlikni oltin ko‘prikka aylantiradi.
Ildizlari bir elmiz, urf-odatlarimiz, maqsad-muddaolarimiz bir. Shunday ekan, bir-birimizdan uzoqlashmasligimiz kerak”, degan edi. Bu e’tirof Chingiz Aytmatovning Toshkentda Markaziy Osiyo xalqlari madaniyati Assambleyasining ochilishida yosh ijodkorlarga qarata aytgan quyidagi so‘zlarini yodga soladi: “Bir-biringizdan uzoqlashib ketmanglar, chunki bir-biringizni o‘qimasangiz, bordi-keldi qilmasangiz, vaqti kelib tarjimon orqali muloqot qilishingizga to‘g‘ri keladi. Shunday ekan, keyinchalik tuzatish qiyin bo‘lgan xatoga bugun yo‘l qo‘ymanglar”.
To‘rt kunlik safar davomida “Adabiyot, madaniyat millatni yuksak insoniy fazilatlar darajasida, millatlararo munosabatlarni baland maqomda ushlab turuvchi, mintaqa xalqlarining umumiy kelajak yo‘lini yorituvchi kuchdir”, degan fikr ustuvorlik qildi. Qirg‘iz xalq shoiri Xo‘jakeldi Qultegin yozganidek:
Odamlarga keng ochsang gar quchog‘ing,
Ko‘ngling o‘sar, qutga to‘lar o‘chog‘ing.
Quchoq ochib kelgay senga quvonch, baxt,
Yaxshi o‘tgay bu chog‘ingu u chog‘ing.
Bir-birini suyub, qirg‘iz qir oshgan,
Ittifoqlik qursa, ishi yurishgan;
Kurashsa ham bir-birini yengay deb,
Bel olishib, quchoqlashib kurashgan.
Forum doirasida Moskvadagi M. Gorkiy tomidagi Adabiyot instituti va “Jahon adabiyoti” jurnali o‘rtasida badiiy tarjima sohasida ijobiy hamkorlik qilishga kelishib olindi.
Ahmadjon Meliboyev,
“Jahon adabiyoti” jurnali bosh muharriri.
O‘zA