Adabiyot – insonning yurak izhori
Respublika yosh ijodkorlarining Zomin seminari doirasida O‘zbekiston Qahramoni, atoqli adabiyotshunos olim, ustoz ijodkor Ibrohim G‘afurov ishtirokida mahorat darsi bo‘lib o‘tdi.
Milliy adabiyotimiz, jahon adabiyotining javohirlaridan kitobxonlarni bahramand qilish, ularning badiiy qiymati va ahamiyatini tahlil etishda ustoz ijodkorning xizmatlari beqiyosdir.
Ustoz ijodkor “Go‘zallikning olmos qirralari” (1964), “Unutilmagan bog‘” (1965), “Joziba” (1970), “Yonar so‘z” (1973), “Yam-yashil daraxt” (1976), “Yurak – alanga” (1980), “Lirikaning yuragi” (1982), “She’riyat – izlanish demak” (1984), “O‘ttiz yil izhori” (1987), “Til erkinligi” (1998) singari ko‘plab adabiy-tanqidiy, badia kitoblar muallifi.
So‘z san’atining zargari “Darvoza”, “Humo qushim”, “Qaldirg‘ochim” singari she’riy asarlar yohud mansuralari bilan e’tibor qozondi.
Uchrashuv davomida bugungi kunda yosh ijodkorlarga ko‘rsatilayotgan yuksak e’tibor shu kabi adabiy anjumanlarning baland ruhda tashkil etilayotganida ham yaqqol namoyon bo‘layotgani ta’kidlandi.
Ijodning, izlanishning mashaqqatli yo‘li milliy va jahon adabiyotining eng sara namunalarini tinimsiz o‘qish orqali ekaniga alohida e’tibor qaratildi.
– Adabiyot dunyosida o‘z yo‘lini topmoqchi bo‘lgan yoshlar eng avvalo o‘zining rivoyat, badiiyat, bayon yo‘lini topishi juda muhim, – dedi ustoz ijodkor Ibrohim G‘afurov. – Adabiyot – insonning yurak izhori. Qaysi adabiyotni olib qaramang, o‘sha so‘z san’ati vakilining yurak izhorini ko‘rasiz. Ijodkor shu zamonning olimi, adabiyotshunosi, dramaturgi sifatida o‘zini shakllantira olishi, yasay olishi g‘oyat muhim. Uning ko‘zlari hayot haqiqatini ko‘rishga o‘rganishi kerak. Bir necha xorijiy tillarni bilish yoshlar uchun juda muhim. Negaki, til bilish sizning iste’dodingiz, layoqatingizning uvol bo‘lishiga sira yo‘l qo‘ymaydi. Ko‘pincha ayrim kitobxonlar Fyodor Dostoyevskiy, Kafka, Joys singari adiblar asari tilining murakkabligini bahona qilib, jahon adabiyoti durdonalarini o‘qimaydi. Shunday asarlarni yozishga odam o‘zini tayyorlashi kerak. Negaki, yuksak adabiyot tafakkurni charxlaydi, o‘stiradi.
Mahorat darsi davomida yoshlar o‘zlarini qiziqtirgan savollarga batafsil javob oldi.
N.Usmonova, O‘zA